Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Qiz farzand

27.03.2017   11575   2 min.
Qiz farzand

Bir madrasada dars beradigan odob-axloqli muallima bor edi. Yoshi ham o‘tib borar, eshigiga kelgan sovchilariga rad javobini berar edi. Hamkasblari undan:

– nega turmush qurmaysiz, axir sizda Hudo bergan husn-jamol yetarli-ku? – deb so‘rashsa, u aytardi:

– shu atrofda beshta qizi bor ayol bo‘lgan. Eri unga, agar yana qiz tug‘sang, u menga kerak emas, deb tahdid qildi. Vaqti-soati yetib, ayol yana qiz tug‘di. Bu ulug‘ ne’matga shukr qilish o‘rniga ota go‘dakni ko‘tarib, kimdir olar, deb, xufton namozidan keyin masjid eshigini oldiga tashlab keldi. Bomdodda kelib qarasa go‘dak joyida turganmish, hech kim olmabdi. Qaytarib uyiga olib keladi. Shu zaylda ota har kun murg‘akgina go‘dakni masjid oldiga tashlab kelar, lekin hech kim olmasdi. Yetti kun shu ahvolda o‘tibdi. Onaizor esa Qur’on o‘qib, qizalog‘idan ayrilib qolmasligini Allohdan yolvorib so‘rardi. Ota ham zerikib, go‘dakni qayta olib bormay qo‘ydi. Mehribon ona esa go‘dagidan ajrab qolmaganiga juda quvonibdi. Ayol yana homilador bo‘ldi, yana o‘sha xavotir…  ko‘zi yoridi va nihoyat o‘g‘il…

Shu orada katta qizi vafot etdi.

 Vaqtlar o‘tib, ayol yana homilador bo‘ldi, bu safar ham o‘g‘illik bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi qizi hayotdan ko‘z yumdi. Shunday qilib, birin-ketin yana uchta o‘g‘illik bo‘ldi-yu, keyingi uchta qizidan ham ayrildi. Negadir, har ko‘zi yorib, o‘g‘il tug‘ganida bittadan qizi qazo qilaverardi. Nihoyat, beshta o‘g‘il va o‘sha oltinchi qizi qoldi. Taqdir taqozosi bilan, Ona ham olamdan ko‘z yumdi.

 Oradan bir necha yillar o‘tdi, qizaloq ham bolalar ham ulg‘ayishdi, ishlik, joylik bo‘lishdi.

  Muallima aytadi:

– O‘sha otasi menga kerak emas deb, ko‘chaga tashlab kelgan qiz kimligini bilasizlarmi? O‘sha menman. Turmush qurmaganimga sabab: otam yolg‘iz, Yoshi ham ulug‘, men unga yordamchi, shafyor tayinladim, o‘zim ham uning xizmatidaman. Ukalarimga kelsak, ular deyarli otamni ziyoratiga kelishmaydi, kelsa ham bir oyda bir, yana biri ikki oyda bir marta keladi xalos.

Otam menga qilgan o‘tmishdagi ishlariga pushaymon bo‘lib, ko‘p yig‘laydi…

“Qisosun allamatniyal hayat” kitobi asosida Muhammad Yahyo Muhammadxon o‘g‘li tayyorladi.

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Al-Ahram” gazetasi: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining yangi yuksalish markaziga aylanmoqda

16.07.2026   9757   1 min.
“Al-Ahram” gazetasi: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining yangi yuksalish markaziga aylanmoqda

Misrning eng yirik kundalik “Al-Ahram” gazetasida Misr Bosh muftiysi katta maslahatchisi Ibrohim Najmning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning ta’kidlashicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida o‘tkazilgan ushbu forum u kutganidan-da yuksak saviyada tashkil etilgan. Olim, ayniqsa,  O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta’kidlagan.

Maqolada muallif markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, ming yillik Qur’on nusxalari va zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalaridan hayratlanganini yozgan. Uning fikricha, bu maskanda o‘tmish va tarix shunchaki namoyish etilmagan, balki har bir eksponat zamonaviy shaklda qayta “jonlantirilgan”.

Ibrohim Najm Harvard universitetidagi talabalik yillarini eslab, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” nazariyasi haqida fikr yuritgan. Bu nazariyada Islom G‘arb uchun asosiy raqib sifatida talqin etilgan bo‘lsa-da, muallif uning ilmiy asoslariga doimo shubha bilan qaraganini qayd etadi. Uning aytishicha, Islom sivilizatsiyasi hech qachon harakatsiz bo‘lmagan yoki taraqqiyotdan ortda qolmagan.

O‘zbekistonga tashrifi davomida Ibrohim Najm bu yerdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Hakim at-Termiziy maqbarasi va islom olamini ulug‘lovchi boshqa maskanlarni ko‘zdan kechirib, islom sivilizatsiyasi va uning ma’naviy-ilmiy merosi tobora rivojlanib, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini e’tirof etgan.

Muallif Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Usmon mus'hafi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom olamining eng qimmatli yozma meroslaridan biri ekani, Qur’on matnining ilk davrlarda saqlanish tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari