Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari ushbu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois u “rajab” deb atalgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o‘zingizga halol hisoblamang” (Moida surasi, 2-oyat).
Ulamolar ushbu oyatdagi “harom oy”dan murod: rajab, zulqa’da, zulhijja va muharram oylaridir, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu oyatni “Hajjatul vado”da o‘qib, musulmonlarga muborak oylarning hurmati to‘g‘risida so‘zlab berganlar.
Rajab oyi kirganda qanday duo qilish to‘g‘risida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan quyidagi sahih hadis rivoyat qilingan: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha’bana, va ballig‘naa romazona”, (Allohim! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka bergin va bizni ramazon oyiga yetkazgin), der edilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, rajab oyi kirganda ushbu duoni qilish sunnat hisoblanadi.
Rajab oyida muhim tarixiy voqealar yuz bergan. Jumladan:
- Nuh alayhissalom to‘fon boshlanganda rajab oyining birinchi kuni kemaga minganlar;
- Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;
- Isro va Me’roj voqeasi ham mashhur qavlga ko‘ra rajab oyida sodir bo‘lgan.
Rajab oyi dinimizda ulug‘langan oylardan bo‘lgani uchun unda ko‘proq nafl ro‘za tutishga harakat qilinadi. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Said ibn Jubayrdan rajab oyida shu oyning ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
Ha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam rajab oyida gohida surunkasiga ro‘za tutar edilar, hatto kishilar u kishi og‘izlarini ochmasalar kerak, deb o‘ylab qolishardi. Gohida esa, muntazam og‘izlari ochiq yurganlaridan kishilar endi ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylab qolishardi.
Mujiyba Bohiliyya roziyallohu anhodan, u kishi o‘z otalari yoki amakilaridan rivoyat qiladi: “Uning (otasi yoki amakisi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga boribdi. So‘ngra esa bir yildan keyin yana holati va ko‘rinishi o‘zgargan holda kelib: “Ey Allohning Rasuli, meni tanimayapsizmi?”, debdi. “Seni nima o‘zgartirdi, oldin chiroyli ko‘rinishda eding?”, debdilar. “Sizdan ajraganimdan so‘ng faqat kechasigina taom yedim”, debdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun o‘zingni azobga solding?”, debdilar-da, so‘ngra: “Sabr oyi ro‘zasini tut va har oydan bir kun tut”, debdilar. “Bir oz qo‘shing, mening yetarli quvvatim bor”, debdi. U zot: “Ikki kundan ro‘za tut”, debdilar. “Bir oz ziyoda qiling”, debdi. U zot: “Uch kundan ro‘za tut”, debdilar. “Bir oz ziyoda qiling”, debdi. U zot: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil”, deb uch barmoqlarini buklab-yozib ko‘rsatibdilar” (Abu Dovud, Ahmad va Nasaiy rivoyati).
Hadis kitoblarida keltirilgan rivoyatlarda rajab oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan.
Sahih hadislarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Me’rojga chiqqan kunlari aniq aytilmagan. Bu borada turli rivoyatlar mavjud. Shunga ko‘ra, Rajab oyining 27-kuni tutiladigan ro‘zaning fazilati ham boshqa kunlarda tutiladigan nafl ro‘zaning fazilati bilan bir xil, degan e’tiqod bilan nafl ro‘za tutish mumkin. Ammo ushbu kunni xoslab ro‘za tutish bid’at hisoblanadi. Bu haqida ulamolar: “Kimki Rajab oyining 27-kechasini alohida e’tibor bilan nishonlasa, bid’at ishga qo‘l urgan bo‘ladi”, deganlar.
Ayrim joylarda vafot etgan yaqinlarini xotirlab rajab oyida jonliq so‘yib ehson qilishga, hech bo‘lmaganda kichikroq dasturxon tuzab “is” chiqarishga harakat qiladilar. Bu ishga xuddi dinimizda ado etish buyurilgan muhim amaldek alohida e’tibor qaratadilar. Biroq bu kabi marosimlarni o‘tkazishning hech qanday diniy asosi yo‘q. Zero, o‘tganlarning ruhini shod etish ma’nosida ehson qilish biror bir oyga xoslab qo‘yilgan amal emasdir.
A.DO‘STMATOV,
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri v.b.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.