Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Rajab oyi – fazilatli oy

27.03.2017   24468   5 min.
Rajab oyi – fazilatli oy

Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari ushbu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois u “rajab” deb atalgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o‘zingizga halol hisoblamang” (Moida surasi, 2-oyat).

Ulamolar ushbu oyatdagi “harom oy”dan murod: rajab, zulqa’da, zulhijja va muharram oylaridir, deganlar.  

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu oyatni “Hajjatul vado”da o‘qib, musulmonlarga muborak oylarning hurmati to‘g‘risida so‘zlab berganlar.

Rajab oyi kirganda qanday duo qilish to‘g‘risida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan quyidagi sahih hadis rivoyat qilingan: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha’bana, va ballig‘naa romazona”, (Allohim! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka bergin va bizni ramazon oyiga yetkazgin), der edilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, rajab oyi kirganda ushbu duoni qilish sunnat hisoblanadi.

Rajab oyida muhim tarixiy voqealar yuz bergan. Jumladan:

-  Nuh alayhissalom to‘fon boshlanganda rajab oyining birinchi kuni kemaga minganlar;

- Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;

- Isro va Me’roj voqeasi ham mashhur qavlga ko‘ra rajab oyida sodir bo‘lgan.

Rajab oyi dinimizda ulug‘langan oylardan bo‘lgani uchun unda ko‘proq nafl ro‘za tutishga harakat qilinadi. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Said ibn Jubayrdan rajab oyida shu oyning ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

Ha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam rajab oyida gohida surunkasiga ro‘za tutar edilar, hatto kishilar u kishi og‘izlarini ochmasalar kerak, deb o‘ylab qolishardi. Gohida esa, muntazam og‘izlari ochiq yurganlaridan kishilar endi ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylab qolishardi.

Mujiyba Bohiliyya roziyallohu anhodan, u kishi o‘z otalari yoki amakilaridan rivoyat qiladi: “Uning (otasi yoki amakisi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga boribdi. So‘ngra esa bir yildan keyin yana holati va ko‘rinishi o‘zgargan holda kelib: “Ey Allohning Rasuli, meni tanimayapsizmi?”, debdi. “Seni nima o‘zgartirdi, oldin chiroyli ko‘rinishda eding?”, debdilar. “Sizdan ajraganimdan so‘ng faqat kechasigina taom yedim”, debdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun o‘zingni azobga solding?”, debdilar-da, so‘ngra: “Sabr oyi ro‘zasini tut va har oydan bir kun tut”, debdilar. Bir oz qo‘shing, mening yetarli quvvatim bor, debdi. U zot: Ikki kundan ro‘za tut, debdilar. Bir oz ziyoda qiling, debdi. U zot: Uch kundan ro‘za tut, debdilar. Bir oz ziyoda qiling, debdi. U zot: Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini buklab-yozib ko‘rsatibdilar” (Abu Dovud, Ahmad va Nasaiy rivoyati).

Hadis kitoblarida keltirilgan rivoyatlarda rajab oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan.

Sahih hadislarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Me’rojga chiqqan kunlari aniq aytilmagan. Bu borada turli rivoyatlar mavjud. Shunga ko‘ra, Rajab oyining 27-kuni tutiladigan ro‘zaning fazilati ham boshqa kunlarda tutiladigan nafl ro‘zaning fazilati bilan bir xil, degan e’tiqod bilan nafl ro‘za tutish mumkin. Ammo ushbu kunni xoslab ro‘za tutish bid’at hisoblanadi. Bu haqida ulamolar: “Kimki Rajab oyining 27-kechasini alohida e’tibor bilan nishonlasa, bid’at ishga qo‘l urgan bo‘ladi”, deganlar.

Ayrim joylarda vafot etgan yaqinlarini xotirlab rajab oyida jonliq so‘yib ehson qilishga, hech bo‘lmaganda kichikroq dasturxon tuzab “is” chiqarishga harakat qiladilar. Bu ishga xuddi dinimizda ado etish buyurilgan muhim amaldek alohida e’tibor qaratadilar. Biroq bu kabi marosimlarni o‘tkazishning hech qanday diniy asosi yo‘q. Zero, o‘tganlarning ruhini shod etish ma’nosida ehson qilish biror bir oyga xoslab qo‘yilgan amal emasdir.

 

   A.DO‘STMATOV,

Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri v.b.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

02.05.2025   2514   1 min.
Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.

Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.

Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar