frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Muhammad ibn Siyrin

24.03.2017   11635   3 min.
Muhammad ibn Siyrin

Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xalifalik zamonida Basrada hijriy 653 yili tug‘ilganlar. U zot ulug‘ tobi’in, tafsir, hadis, fiqh va tush ta’birlarida imom edilar. Zuhd, taqvo, parhezkorlik va ota onaga yaxshilik qilishda peshqadam edilar.

Otalari Siyrin Anas ibn Molik roziyallohu anhuning qullari edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhuga u kishini Ko‘faning g‘arbidagi “Aynut tamr” shahrida bo‘lgan jangdan ulush qilib berilgan edi. U shaharni Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lgan zamonlarida fath qilgan edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu o‘z qullarini o‘sha vaqtning o‘zidayoq ozod qilib yuborgan edi.

Anas ibn Siyrin rohimahulloh aytadi: “Ukam Muhammad Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifaliklariga ikki yil qolganda tug‘ildi. Uning onasining ismi “Sofiyya” edi. U Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuning cho‘risi edi. U zot uni ozod qilgan edi”.

Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi Umaviylar va Abbosiylar davlatida yashaganlar. Ahli sunna val jamoadan bo‘lganlar.

Hishom ibn Hasson rohimahulloh aytadi: “Muhammad ibn Siyrin 30 ta sahobiy bilan bir davrda yashab, ularning suhbatidan bahramand bo‘lgan”.

Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhining tushlarni ta’bir qilishlaridan misollar:

  1. Yusuf ibn Sobbog‘dan rivoyat qilinadi: Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi: “Kimki tushida Robbisini ko‘rsa, u jannatga kiradi” degan.
  2. Xolid ibn Diynordan rivoyat qilinadi: u Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhining huzurida edim. Bir kishi uning huzuriga kelib: “Ey Abu Bakr! Men tushimda ikki jo‘mragi bor idishdan suv ichayotgan ekanman. Ularning biri shirin ikkinchisi nordon ekan” dedi. Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi u kishiga: “Allohga taqvo qil. Seni bir ayoling bo‘ladi. Uning singlisining ziyoniga sen nimadir bir ish qilasan” dedi.
  3. Abu Qilobadan rivoyat qilinadi: bir kishi Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhiga: “Men tushimda qon siyayotgan ekanman” dedi. Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi unga: “Seni ayoling hayz ko‘rgan holida keldimi?” dedi. U: “Ha!” dedi. Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi unga: “Allohga taqvo qil. Uni ortiga qaytarma!” dedi.

Ustozlari:

  • Anas ibn Molik roziyallohu anhu
  • Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu
  • Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu
  • Abdulloh ibn Zubayr roziyalllohu anhu
  • Abu Hurayra roziyallohu anhu
  • Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu
  • Abdulloh ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhu va boshqa sahobilar.

Shogirdlari:

  • Qatoda ibn Daoma rohimahulloh
  • Yunus ibn Ubayd rohimahulloh
  • Ibn Avn rohimahulloh
  • Xolid Hizo rohimahulloh
  • Avf A’robiy rohimahulloh
  • Hishom ibn Hasson rohimahulloh
  • Qurra ibn Xolid rohimahulloh
  • Mahdiy ibn Maymun rohimahulloh
  • Jarir ibn Hozim rohimahulloh
  • Ayyub Suxtiyoniy rohimahulloh va boshqa tobi’inlar.

Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi hijriy 110 yili Hasan Basriy rahmatullohi alayhining vafotlaridan 100 kun o‘tgandan so‘ng 80 yoshlarida Basrada vafot etadilar.

Manbalar asosida

Abdus Somad Abdul Bosit tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

09.09.2026   35938   1 min.
Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlanib, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi barpo etilgan "Hadis" mehmonxonasi ochilishi bilan qutlandi. Shuningdek, delegatsiyaga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Diniy idora, Ulamolar Kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.

Muloqot davomida XIV asr oxiri XV asr boshlarida Indoneziyada Islom ma’rifati yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi xalqlarimizni chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi. Yaqin o‘tmishda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani iliq xotirlandi.

Uchrashuvda Haj va Umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, yurtimizdagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Indoneziya vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Yakunda mazkur tashabbus va takliflarni hayotga tatbiq etish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari