frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Navro‘z ayyomining fayzi

24.03.2017   7310   2 min.
Navro‘z ayyomining fayzi

Navro‘zi olam mazmuni yangi kun, yangi fasl, yangi yil yoki xalq tilida yil avvali degan ma’nolarni ifoda etadi. Aslida Navro‘z qaysi nom bilan atalmasin, u millatning ulug‘ kuni, yangilanish, poklanish, yasharish, yuksalish bayrami deb qaralgani ma’qul. U – kun bilan tun teng bo‘lgan kun. Tarixda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvini qutblar orqali bilish kishilar hayot tarzidan salmoqli o‘rin olgan. Chunki ajdodlarimiz oy, yulduz, quyosh kabi osmon jismlaridagi o‘zgarishlarni kuzatib, ular to‘g‘risida muayyan bilimlarni o‘zlashtirganlar. Keyin esa yumushlarini ana shu xisob-kitobga qarab rejalashtirgan.

Hozirda Navro‘zi olam tadbirlariga nazar solsangiz, ajdodlar ruhiga ehtiromni ko‘rasiz. Aynan shuning uchun ham Navro‘z bayrami oldidan umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi, atrof-muhitning tozaligi, ozodaligiga e’tibor qaratiladi, ajdodlar duolarda eslanib ularning ruhiga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.

Navro‘z nafaqat tabiatning o‘zgarishi, yangilanishi, balki u inson ruhiyatida ham yangilash sodir bo‘lishidir. Tabiiyki, tabiatning yangilanishi inson qalbiga nur baxsh etadi. Ana shunda insonga kelajakka bo‘lgan umidi va istagi hamroh bo‘ladi. Aynan shu jihati bilan Navro‘z ayyomi tinchlik-osoyishtalik, totuvlik, do‘stlik, muhabbat tuyg‘usini baxshida etadi.

   Shukrlar bo‘lsinki, O‘zbekistonimizda Navro‘z kuni umumxalq bayramlaridan biri sifatida nishonlanmoqda. Har yili shu kuni bayram sayillari tashkil qilinadi. Bayram kuni erta tongdan karnay-surnaylar chalinadi. Sayilgohlarda kurashchilar, baxshilar, chavandozlar, qo‘shiqchi-hofizlar o‘z mahoratlarini namoyish etishadi. Joylarda Navro‘zga bag‘ishlab sumalak, halim va boshqa tansiq taomlar tayyorlanadi. Xayriyalar tashkil etilib, imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olinadi. “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, yolg‘iz keksalar, urush va mehnat faxriylariga sovg‘a-salomlar olib boriladi.

Bahor bayrami Navro‘zi olam haqidagi bayramona tomoshalar, tadbirlar xalqimizning qadim tarixi va ruhiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Bu borada muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 28 fevraldagi “2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bu yilgi Navro‘z bayrami Toshkent, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlari, shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi.

         Furqat JUMAYEV,

                             Qarshi shaharidagi “Qum qishloq” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda

03.08.2026   3122   1 min.
O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda

Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston imom-xatiblari uchun davlatchilik, bag‘rikenglik va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusida navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va "vasatiyya" (o‘rtalik) tamoyilining jamiyat tinchligidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mamlakatda 200 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilayotgani ta’kidlanib, inson qadri va o‘zaro hurmat muhim omil ekaniga e’tibor qaratildi. 

O‘z navbatida, BAA vakillari O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz xizmatini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarda masjidlarda ma’ruzalarni proyektor va interaktiv taqdimotlar orqali ko‘rgazmali yetkazish tajribasi, shuningdek, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faol o‘rni ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, tadbirda BAA rahbariyatining dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan insonparvarlik va xayriya loyihalari haqida atroflicha so‘z yuritilib, bu kabi manfaatli ilmiy safarlarni tashkil etgan davlatimiz Rahbari va soha mutasaddilariga minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda
Dunyo yangiliklari