Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

“O‘tkan kunlar”ning bosh qahramoni kim?

24.03.2017   39016   4 min.
“O‘tkan kunlar”ning bosh qahramoni kim?

Bu savolni eshitgan kishi bo‘lib hayron bo‘lib qoladi: hay, Alloh! Shu odam “O‘tkan kunlar”ni o‘qiganmikan o‘zi yoki meni sinash uchun qitmirlik qilib so‘rayaptimi?..

Bugun tongda oshga borgan edik. Shahar bosh imom xatibi Anvar qori aka Tursunov domla amri ma’ruf qilganlarida ma’rifatli ajdodlarimiz, ularga munosib avlodlar tarbiyalash borasida kitobxonlikniing foydasi haqida gapirar ekan, jumladan bunday dedilar: “Yaqinda “O‘tkan kunlar”ni yana bir qayta o‘qib chiqdim. Shu galgi mutolaadan nima topdim bilasizmi?

Marhum ustoz shoir Abdulla Oripov bir suhbatda: “O‘tkan kunlar”ning bosh qahramoni Kumush va Otabek emas, Yusufbek hoji. Agar asarda ana shu muhtasham obraz bo‘lmaganida roman “Ming bir kecha” hikoyalariga o‘xshab qolardi”, degan edilar.

Ana shu gapning hikmatini topdim. Abdulla Qodiriy hazratlari Yusufbek hoji timsolida millatning birdamligi, Vatanning yaxlitligi uchun kurashishni hayotining ma’nosi deb bilgan; qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik, mahalliychilik qilib o‘zaro nizolashib yurgan maydakashlarni katta ishlarga undab, agar vaziyat shu holda davom etsa; millatning xarob bo‘lishini, yurt tuprog‘ining bosqinchilar oyog‘i ostida xor bo‘lishini bashorat qilgan buyuk siymoni tasvirlagan ekan.

Haqiqatan, Yusufbek hoji obrazini diqqat bilan o‘rganaversangiz, romanning zalvori yuksalib boraveradi. Buyuk millat fidoyisini kashf qilasiz”.

Bu gaplarni tinglar ekanman, negadir birdaniga o‘pkam to‘lib ko‘zimga yosh kelgandek bo‘ldi. Shu davraning o‘zida Abdulla Qodiriyning san’atkorligini, Abdulla Oripovning zakiyligini, Anvar qori akaning voizligini yana bir bir kashf qildim – qanchalar buyuk insonlar.

“O‘tkan kunlar” shunday asar ekanki, unda har bir insonning o‘z qahramoni bor ekan. Aytaylik, keng fikrlaydigan, mushohadaga boy, katta hayotiy tajriba to‘plagan, jahon sahnasida millatimizning o‘rni, obro‘si haqida bosh qotiradigan donishmand yoshdagi insonlar uchun bosh qahramon – Yusufbek hoji; muslima, mushtipar, itoatkor ayollar uchun bosh qahramon – Oftoboyim; chin sevgi, pok muhabbatni orzu qiladigan yoshidagilarning qahramoni – Kumush va Otabek;  sevadigan, seviladigan yoshga yetib, ne-ne orzu-umidlar og‘ushida turmushga chiqqani zahoti ko‘z oldidagi begining sarob ekanini, jismi uzatsa qo‘l yetadigan yerda turgani bilan qalbi dunyoning u chekkasi qadar uzoq ekanini bilgan alamzada kelinchaklar uchun bosh qahramon – Zaynab (shuginaga ko‘p achinadi odam)...

Ammo romanda ikki yoshning samimiy muhabbati voqealari zavqu shavq bilan tasvirlangani bois yoshu qari, hamma “O‘tkan kunlar” deganda faqat shu ikkisini ko‘z oldiga keltiradi...

To‘g‘risini aytsam, “O‘tkan kunlar”ni qayta-qayta o‘qimayman. Zarurat yuzasidan bir ko‘z tashlab qo‘yaman deganimda esa undan bosh ko‘tarolmayman va ko‘p vaqtlar asar voqealari ta’sirida yuraman. Romanning bu qadar fojeali tugagani meni iztirobga soladi. Ayniqsa, Kumush bilan Otabekning  o‘g‘li Yodgorning bosqinchilar bilan kurashib vafot etgani – Yusufbek hoji avlodidan hech kim qolmagani alam qiladi.

Yana o‘ylaymanki, Yusufbek hojiyu Otabeklar ana shu millat farzandi edi. Shunday samimiy qalb egalarini yetishtirgan millat ozod va erkin yashashga haqli edi va ana shu ulug‘ ne’matga tinimsiz kurashlar evaziga erishdi. Ichki kurashlar, nizolar, fitnalarga o‘ralashib boy berib qo‘ygan hurligimizni bir yoqadan bosh chiqarib qaytarib oldik. Yaratganga shukrki, mamlakatimizni butun dunyo tan olib turganiga chorak asrdan oshdi. Vatanimiz madhiyasi dunyoning eng baland minbarlarida jaranglaganda yuksak martabali insonlar ham qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib hurmat bajo aylayotir. Zotan, Abdulla Qodiriy Yusufbek hoji obrazi orqali ana shu kunlar orzusini tarannum etmaganmidi!..

Damin JUMAQUL,  

jurnalist  

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yaponiyada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

21.07.2026   2900   1 min.
Yaponiyada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida mazkur markazning Yaponiyadagi ilk keng qamrovli taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Yaponiya ta’lim va madaniyat muassasalari, xususiy kompaniyalar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatlari, tadqiqotchilar, OAV xodimlari, shuningdek, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek talabalari ishtirok etdilar.

Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom ma’rifati, ilm-fani va madaniyatini o‘rganish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish uchun xalqaro maydonga aylanishi qayd etildi.

Anjumanda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniyat merosi, buyuk olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Amir Temur va uning avlodlarining jahon tarixidagi o‘rni haqidagi materiallar taqdim etildi.

Markaz direktorining maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev “Ma’rifat orqali kelajakka” mavzusida ma’ruza qilib, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va xalqaro muloqotni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans konsepsiyasining hamda turli sivilizatsiyalar, jumladan, Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini alohida ta’kidladi.

Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot filmi, O‘zbekistonning buyuk olimlari to‘g‘risidagi videomateriallar hamda yurtimizning madaniy merosi va me’moriy obidalariga bag‘ishlangan fotolar namoyish etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari