frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

24.03.2017 y. Sovchilik odoblari

20.03.2017   14698   11 min.
24.03.2017 y. Sovchilik odoblari

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat!  Xalqimizning to‘ylari ko‘p. Ota-ona borki, topgan-tutganini farzandimning to‘yiga sarflayman, degan orzu-havas bilan yashaydi. Shuningdek, keksalarimiz: “Topganing to‘ylarga buyursin”, deya duo qilishadi. Muqaddas dargoh bo‘lmish oilada ko‘zlar quvonchi farzand tug‘ilibdiki, o‘g‘il bo‘lsa, uylasam, kelinlar olsam, qiz bo‘lsa, yaxshi joyga uzatsam, men ham qudalik – andalik bo‘lsam, deb har bir ota-ona niyat qiladi.

Aslida, qudachilik Alloh taoloning bandalariga bergan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, Qur’oni karimning “Furqon” surasi 54-oyatida shunday marhamat qilinadi:

وَهُوَ الَّذِي خَلَقَ مِنَ الْمَاءِ بَشَرًا فَجَعَلَهُ نَسَبًا وَصِهْرًا وَكَانَ رَبُّكَ قَدِيرًا

Ya’ni, “U yana (haqir) suvdan (maniydan) insonni yaratib, so‘ngra uni nasl-nasabli va quda-anda qilib qo‘ygan zotdir. Darhaqiqat, Rabbingiz (har ishga) qodirdir”. (Furqon surasi, 54-oyat)

Qudachilik – nikoh orqali shakllangan qarindoshlik munosabatlaridir. Ya’ni, bir-biriga mutlaqo notanish va begona bo‘lgan kishilar - kelin va kuyovning ota-onasi, oila-a’zolari, urug‘lari qudachilik orqali o‘zaro qarindoshga aylanadilar. Bu shunchaki oddiy munosabat emas, balki Yaratgan nomi bilan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlari hamda ko‘pchilik mo‘min va musulmonlarning guvohligida o‘rnatilgan muqaddas aloqadir. Shuning uchun islomda qudachilik aloqalariga katta ahamiyat berilgan va bunga oid shar’iy hukmlar ham batafsil bayon qilingan.

Muhtaram jamoat! Aslida qudachilik munosabatlari dastlab sovchilikdan boshlanadi. Chunki bizning mintaqamizda odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki yaqinlari tomonidan amalga oshiriladi. Kelin olishni niyat qilgan xonadon ahli o‘g‘liga munosib qizi bor xonadonga yaxshi niyatlar bilan tashrif buyuradi. Qiz o‘stirgan xonadon esa, qizi bo‘yi yetgach, har kuni sovchilar kutishga tayyor turadi, sovchilar ularning odatiy mehmonlariga aylanadi. Sovchilikdan oldin nimalar qilinishi kerakligi to‘g‘risida dinimiz kerakli tavsiyalar bergan.

Eng avvalo oila qurayotgan kelin va kuyov imkoni boricha bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lmasliklari ulamolar tomonidan tavsiya etiladi. Ikkinchidan, sovchi qo‘yadigan va sovchi kutadigan oila o‘g‘il-qizlari nikohga tayyor ekanligi haqida bosh qotirishi lozim. Shuning uchun avval o‘g‘ilning risoladagidek er, qizning risoladagidek rafiqa bo‘lishiga ishonchlari komil bo‘lgandan keyingina, to‘y harakatiga kirishish kerakligi aytilgan. Bizda ayrim oilalarda nikohga tayyorgarlik deb – faqat moddiy tayyorgarlik tushuniladi. Go‘yoki to‘y qilish xarajatlari topilsa, to‘yni boshlayverish kerak, deb o‘ylashadi. Aslida, eng asosiysi bo‘lgan – to‘ydan keyingi hayoti baxtli bo‘lishi uchun qay darajada tayyor ekanini o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Muhtaram jamoat! Bir hadisda shunday deyilgan:

 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «تَخَيَّرُوا لِنُطَفِكُمْ وَانْكِحُوا الأَكْفَاءَ وَأَنْكِحُوا إِلَيْهِمْ». )رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ(

Ya’ni, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar nutfalaringiz uchun (munosib ayolni) ixtiyor qiling. Va o‘z tengingizga uylaning va (ayollarni ham) o‘z tengiga turmushga bering”, dedilar. Ibn Moja rivoyat kilgan. Bu yerda tenglik yosh jihatdan emas, boshqa ijtimoiy jihatlar nazarda tutilgan.

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchilik odobini bayon qilib shunday deganlar:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لاَ يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ، وَلاَ يَخْطُبْ عَلَى خِطْبَةِ أَخِيهِ إلاَّ أَنْ يَأذَنَ لَهُ». )رَوَاهُ مُسْلِمٌ( .

ya’ni, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birontangiz birovning savdosi ustiga savdo qilmasin va birodarining sovchiligi ustiga uning iznisiz sovchi qo‘ymasin”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Muhtaram jamoat! Sovchi kutayotgan xonadon tashrif buyurgan sovchilarning nimasi uchun e’tibor berishi lozimligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nasihat qilib, shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إذَا خَطَبَ إلَيْكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ، فَزَوّجُوهُ، إِلاَّ تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ في الأرْضِ وفَسَادٌ عرِيضٌ". )رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ(

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga dini va xulqiga rozi bo‘ladigan kishi sovchi qo‘ysa, unga turmushga beringlar. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va katta buzg‘unchilik bo‘ladi”, dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Shuningdek, nafaqat kelin va kuyov tanlashda, balki quda tutilayotgan xonadonning ham nasabli yoki mansabli ekaniga emas, bu oila a’zolarining, bo‘lajak qudalarning dini, axloqi va ma’naviyatiga ham e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.

Ikkala xonadon ahli, ya’ni bo‘lg‘usi qudalar hamda o‘g‘il va qiz boshlanayotgan ishning xayrli bo‘lishini so‘rab, Alloh taolodan tavfiq so‘rab, istixora qilishlari tavsiya qilinadi.

Muhtaram jamoat! Nikoh qurgan yoshlar kelajakda baxtli hayot kechirishi uchun xonadon egalari sovchi qo‘yishda mazkur oila haqida erinmasdan surishtirishlari lozimdir. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, biror kimsa, sizdan mahallangizdagi biror oila haqida surishtirib kelsa yoki qarindoshingizdan biror kim haqida so‘rasa, unga haqiqatni aytishingiz lozimdir. Ehtimol sizning birgina so‘zingiz mazkur oila bir umr baxtli bo‘lishiga sabab bo‘lar yoki bir umr baxtsiz bo‘lishidan asrab qolar. Shuning uchun guvohlik berishda adolatli bo‘lish lozimdir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ لِلَّهِ شُهَدَاءَ بِالْقِسْطِ وَلَا يَجْرِمَنَّكُمْ شَنَآَنُ قَوْمٍ عَلَى أَلَّا تَعْدِلُوا اعْدِلُوا هُوَ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَى وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ

Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to‘g‘rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo‘lingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin! Adolatli bo‘lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir”. (Moida surasi, 8-oyat)

Nafaqat, o‘zga-birovlar haqida, balki o‘zingiz, o‘z oila azolaringiz va farzandlaringiz haqida ham bor gapni aytishingiz lozim bo‘ladi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ بِالْقِسْطِ شُهَدَاءَ لِلَّهِ وَلَوْ عَلَى أَنْفُسِكُمْ أَوِ الْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ إِنْ يَكُنْ غَنِيًّا أَوْ فَقِيرًا فَاللَّهُ أَوْلَى بِهِمَا فَلَا تَتَّبِعُوا الْهَوَى أَنْ تَعْدِلُوا وَإِنْ تَلْوُوا أَوْ تُعْرِضُوا فَإِنَّ اللَّهَ كَانَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرًا

Ya’ni,  “Ey, imon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o‘zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo‘lsada, Alloh uchun (to‘g‘ri) guvohlik beringiz! U (guvohlik beriluvchi) boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, Alloh u ikkisiga (ogohlik jihatidan) yaqinroqdir. Bas, adolatli bo‘lishingiz uchun havoyi nafsga berilib ketmangiz! Agar (tillaringizni) bursangiz yoki (guvohlikdan) bosh tortsangiz, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir” (Niso surasi, 135-oyat)

Muhtaram jamoat! Sovchilarning gap-so‘zlari bir biriga ma’qul kelganidan so‘ng to‘y haqida kelishuv bo‘layotganda, ular bir biriga imkon qadar yengil bo‘ladigan, isrof bo‘lmaydigan tomonni harakat qilishlari lozimdir. Buning uchun ikki tomon bir-birlariga yon bosishlari, o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari kabi insoniy fazilatlar bilan muzayyan bo‘lishi targ‘ib qilingan. Ba’zi oilalar to‘yga ortiqcha tashvish-xarajat qilish harakatida bo‘lgani sababli, farzandlarining turmushlari kechikib ketyapti. Bugungi kunda ayrim oilalar haddan ziyod ortiqcha orzu-havaslarga berilib ketishmoqda. Hatto to‘ygacha bo‘lgan – sovchi qo‘yish, sovg‘a-salom ulashish va shu kabi to‘yning debochasi bo‘lgan bordi-keldilarga sarflanayotgan xarajatlarga aslida, butun bir to‘yni o‘tkazsa bo‘ladi. Ba’zan, bu borada yuksak qadriyatlarimiz unut bo‘lib boryapti va natijada boshi berk ko‘chaga kirib, ko‘plab muammolarga duch kelib qolinmoqda. Bu muammolarni sanab adog‘iga yeta olmaysiz. Oilada er erligini qilsa, xotin esa xotinligini bilsa, bunchalar ko‘p muammolarga duch kelinmasdi. Oilalar bu qadar ko‘p ajragan bo‘lmasdi. Ba’zi sovchi ayollar avvaliga qulliq qilib boradi, yalinadi, qizingiz kelinim emas, balki mening ham qizim bo‘ladi, deydiyu, to‘ydan keyin turli gap-so‘zlarni ko‘paytirishadi. Ana shu holatda oila boshlig‘i bo‘lmish er indamay, o‘zini bilmaganga olib tursa, xotinining zulmiga, gunohiga u ham tengma-teng sherik bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! O‘zbek xalqida “Qudachilik ming yilchilik” degan maqol bor. “Qudachilikning ming yilchilik”da davom etishi, “o‘zaro dushmanchilik”ka aylanib ketmasligi uchun ba’zi tavsiyalarga rioya qilish lozim bo‘ladi. Jumladan:

Qudalardan ikki tomon ham to‘y marosimlarini o‘z holatlaridan kelib chiqib amalga oshirishi, riyokorlik, manmanlik kabi illatlarga aslo yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Har ikkala oila bir biri bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi, doimo bir-birlarining holidan xabar olib turishi, quda tarafning to‘y-ma’rakalarida faol ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir.

Quda-anda munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda nafaqat ayollar, balki asosan erkaklar faol qatnashishi, asosiy hal qiluvchi so‘zni erkaklar aytishi lozimdir. Chunki qaysi xonadonda ilohiy qonun buzilib, oila boshqaruvi erkak qo‘lidan chiqsa, shu xonadonda tartib o‘zgarib, janjallar va qo‘ydi-chiqdilar ko‘payishi hayotiy tajribada o‘z isbotini topgandir. Bu quda-anda munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

 Quda-andalar o‘zaro bir-birlariga fazl va lutf ko‘rsatib turishlari kerak. Hanafiy ulamolardan Badriddin Ayniy “Umdatul qoriy” asarida “silai rahm” fazilatini ta’rifida shunday yozadi: “Sila nasabdosh qarindoshlarga hamda quda-andalarga yaxshilik qilishdan iboratdir. Bu ularga garchi uzoq bo‘lsalar va yomonlik qilsalar ham, lutf ko‘rsatish, mehribonlik qilish hamda hollaridan xabar olish ila bo‘ladi”.

Alloh taolo yurtimiz aholisini baxtli saodatli qilsin! To‘y harkatida yurgan barcha oilalar, kelin-ko‘yovlarning harakatlariga g‘aybiy barokatlar bersin! Qurilayotgan oilalar mustahkam, sabotli va qarorli oilalardan bo‘lsin! Omin!

 

Sovchilik odoblari (pdf)

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

28.08.2026   22481   10 min.
“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.

Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi

So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.

Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.

Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.

Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.

Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, ­e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.

Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.

Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.

Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy ­nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.

Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.

Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.

Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash

Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.

Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.

Diniy soha xodimlariga bugungidek ­e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.

Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:

“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.

Buyuk saodatning ifodasi

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.

Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.

Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.

Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.

Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:

“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.

Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi

Maqolalar