هُوَ الَّذِي جَعَلَ الشَّمْسَ ضِيَاءً وَالْقَمَرَ نُورًا وَقَدَّرَهُ مَنَازِلَ لِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ مَا خَلَقَ اللَّهُ ذَلِكَ إِلَّا بِالْحَقِّ يُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ
U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir*. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur.
* Oyning o‘n ikki burji va yigirma sakkizta manzili bor. Burjlar – hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy, dalv, hut. Har bir burjda ikkiyu uchdan bir manzil bo‘lib, oy har kecha shu manzillardan biriga tushib o‘tadi. Agar oy 30 kun bo‘lsa, ikki kecha oy ko‘rinmaydi. 29 kun bo‘lsa, bir kecha ko‘rinmaydi. Quyosh mazkur manzillardan har birida 13 kun va 1/3 kunda qo‘nib o‘tadi. 28 ta manzilning kunlari qo‘shilib bir yil bo‘ladi.
HIJRIY YIL HISOBI - Payg‘ambarimiz Muhammad sallolllohu alayhi va sallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan yillaridan boshlangan. Qamariya (hijriy-qamariy yil) va shamsiya (hijriy-shamsiy yil)ga bo‘linadi.
Qamariya bo‘yicha yil hisobi 622 yilning 16 iyuli juma kunidan boshlanib, Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi orasida o‘tgan vaqt — sinodik oy (29,530588 kun) davriga asoslangan. 12 oydan iborat bir qamariy yil 354,3671 kundan iborat. Qamariy yilda 1, 3, 5, 7, 9 va 11-oylar 30 kundan, qolganlari 29 kundan butun qilib olingan. Oylar tartibi bilan muharram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumo-dul oxir, rajab, sha’bon, ramazon, shavvol, zulqa’da va zulhijja deb atalishini bilamiz. Qamariy yil tropik yildan 10— 12 kun qisqa. Qamariy yilning ba’zilari kabisa yil bo‘lishiga sabab yilning kasr qismi (0,3671 kun) har 30 yilda 11,013 kunni tashkil etishidir. Uning 19 yili oddiy (354 kunlik), 11 yili kabisa (355 kunlik), 38-yillik arabcha siklning 2, 5, 7, 10, 13, 16, 18, 21, 24, 26 va 29-yillari kabisa deb qabul qilingan. Qamariya hisobi aholisi asosan musulmonlardan tashkil topgan mamlakatlarda qo‘llanadi.
Shamsiya 622 yilning bahorgi teng kunlik kuni — 21 martdan boshlab hisoblanadi; keyingi yil boshlari esa 20, 21 yoki 22 martga to‘g‘ri keladi. Davomiyligi milodiy kalendaridagi kabi 365 yoki 366 kundan iborat. Shamsiya bo‘yicha oylarning nomlari hut, hamal, savr, javzo, saraton, asad, sumbula, mezon, aqrab, qavs, jaddi va dalv bo‘lib, bu oylar doimo yilning ma’lum bir vaktlarida keladi.
O‘rta Osiyoda yangi uslub keng ommaviylashgunga qadar qamariya hisobi ham, shamsiya hisobi ham ishlatilib kelingan. Shamsiya hisobi bo‘yicha yilning dastlabki kunlarida Navro‘z bayrami o‘tkazilgan.
Hijriy yil hisoblanishining sanalarini yangi uslub (Grigoriy kalendari)ga aylantirishda maxsus formulalar va jadvallar qo‘llanadi. Masalan, Grigoriy kalendarining 1980 yil qamariyaning 1399/1400 yillariga va Shamsiyaning 1359/1360 yillariga to‘g‘ri keladi.
GRIGORIY KALЕNDARI (yoki yangi uslub) — Rim papasi Grigoriy XIII tomonidan Yuliy kalendari (eski stil) o‘rniga 1582 yilda joriy etilgan kalendar. Perudjiy universiteti o‘qituvchisi Luidji Lilio 1576 yilda taklif etgan loyihaga binoan tuzilgan. Yuliy kalendarida yo‘l qo‘yilgan xatolik tu-zatilib, hisob 10 kun oldinga surilgan. Bahorgi teng kunlik, ya’ni 21 martga to‘g‘ri kelgan. Xatolik yana takrorlanmasligi uchun har 400 yilda kabisa yil 3 kunga qisqartirilgan, ya’ni 100 kabisa yili o‘rniga 97 kabisa yili joriy etilgan. Grigoriy kalendariga ko‘ra oxirgi 2 rakami 4 ga bo‘linadigan yillar kabisa yillardir, lekin 2 nol bilan tugab, 400 ga bo‘linmaydigan yillar bundan mustasno, masalan, 1700, 1800, 1900 va 2100 yillar oddiy yil, 1600, 2000, 2400 va 2800 yillar esa kabisa yil hisoblanadi. Shu hisobda yilning davomiyligi 365,242500 sutkani tashkil etib, tropik yilga qaraganda har yili 26 sekund ortib boradi va sal kam 3300 yilda 1 kun xato qilinadi. Grigoriy kalendarining birdan-bir noqulayligi oylardagi kunlar sonining har xilligidir. Sobiq Ittifoqda (shu jumladan O‘zbekistonda) Grigoriy taqvimi 1918 yil 14 fevraldan (eski uslubda 1 fevraldan) boshlab qabul qilingan.
BURJ — Quyoshning yillik ko‘rinma harakati doirasidagi o‘n ikki yulduz turkumining nomlari. Bu so‘z zodiak yulduzi turkumlari Dalv, Hut. Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadylarga nisbatan qo‘llaniladi (jadvalga qarang).
Ular Quyoshning yillik ko‘rinma harakat yo‘li (ekliptika) bo‘ylab joylashgan. Har birida Quyosh taxminan bir oycha bo‘ladi. Burj yulduz turkumlaridan Quyosh sistemasining deyarli barcha sayyoralari, kometalari va Oyning ham ko‘rinma harakat yo‘llari o‘tadi. Yunonistonda burj turkumlarini alohida ajratib, ularni maxsus belgilar bilan ifodalashgan. Shunga ko‘ra, osmon gumbazida bahorgi (Hamal) va kuzgi (Mezon) tengkunlik, yozgi (Saraton) va qishki (Jady) Quyosh turish nuqtalari ham o‘sha belgilar bilan belgilanadi. Pretsessiya hodisasi sababli o‘tgan 2 ming yil ichida bu nuqtalar surilib, qo‘shni yulduz turkumlariga o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramay, shu belgilar, shuningdek Saraton va Javzo tropiklari deb ataluvchi nomlar ham saqlanib qolgan.
Burj jadvali
|
№ |
Arabcha |
Forscha |
O‘zbekcha |
Hozirgi |
|
aytilishi |
aytilishi |
aytilishi |
hisobga ko‘ra |
|
|
1. |
Hamal |
Barre |
Qo‘y |
22 mart—20 apr. |
|
2. |
Savr |
Gov |
Sigir |
21 apr. —20 may. |
|
3. |
Javzo |
Dupaykar |
Egizak |
21 may—21 iyun |
|
4. |
Saraton |
Xarcheng |
Qisqichbaqa |
22 iyun—22 iyul |
|
5. |
Asad |
Sher |
Arslon |
23 iyul—22 avg. |
|
6. |
Sunbula |
Xosha |
Boshoq |
23 avg—23 sent. |
|
7. |
Mezon |
Tarozu |
Tarozu |
24 sent.—22 okt. |
|
8. |
Aqrab |
Gajdum |
Chayon |
23 okt.—22 noyab. |
|
9. |
Qavs |
Kamon |
Yoy |
23 noyab.—21 dek. |
|
10. |
Jady |
Buzg‘ola |
Tog‘ taka |
22 dek.- 19 yanv. |
|
11. |
Dalv |
Do‘l |
Qovg‘a |
20 yanv.-18 fev. |
|
12. |
Hut |
Mohiy |
Baliq |
19 fev—21 mart |
BURJIY TAQVIM - 365 kunlik quyosh taqvimi. Sharq falakiyotshunoslari tomonidan ishlab chiqilgan (11-asr). Burjiy taqvim oylari yulduz turkumlari nomi bilan atalgani uchun «burjiy» (ya’ni yulduz turkumlari — arabcha «burj» yoki hozirgi tasavvurda astronomik taqvim) deb nom olgan.
KALЕNDAR (lot. calendarium — qarz daftari), taqvim — yil, oy, hafta va kunlar hisoblashni yuritish tizimi. Quyosh, Oy, sayyoralarning ko‘rinma harakati, kun bilann tunning almashi-nuvi, Oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Kalendarning paydo bo‘lishi odamning xo‘jalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bog‘liq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib — kun, Oy o‘rog‘ining avval kattalashib, so‘ng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida Quyoshning ufqdan qanchalik ko‘tarilishini kuzatib yil tushunchalariga kelishgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq hisoblash ehtiyoji bilan soat, minut birliklari, hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini to‘g‘ri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati o‘ylab topilgan.
O‘zbek tilida birinchi bosma kalendar Shohimardon Ibrohimov tomonidan tuzilib, 1871 yil Toshkentda Turkiston harbiy okrugi bosmaxonasida chiqarilgan, uning 1872 yil 2-nashri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida saqlanadi.
“O‘zME” ma’lumotlari asosida
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
16 mart 2017 yil
«Giyohvandlik va narkojinoyatlikka qarshi kurashish nafaqat
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik,
mahalla va har bir fuqaroning vijdoniy ishi hamda
muqaddas burchiga aylanishi shart».
Sh.M.Mirziyoyev
Islom insoniyatni barcha yomonliklardan saqlanishga, ilohiy amrlarni ado etishga, ixtiyoriy yaxshi amallarni qilishga, vijdonli, o‘ta sezgir, irodasi mahkam, aqli sog‘lom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, o‘ziga ahamiyat beruvchi va boshqalarni isloh etuvchi, diniga qimmatli, jamiyatga naf keltiruvchi, Vatanini himoya qiluvchi, ummatga qalqon bo‘luvchi, Parvardigoriga ibodat qiluvchi, barcha xaloyiqqa yaxshilik qiluvchi, yer yuzini obod qiluvchi bo‘lishga, o‘ziga yuklatilgan vazifani mukammal ado qilishga da’vat etadi.
Islom shariatida inson joni va aqlini saqlash o‘ta dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shunga binoan shariatda jon va aql o‘z vazifasini mukammal ravishda ado etishida rioya qilinishi lozim bo‘lgan ilohiy ko‘rsatmalar batafsil bayon etilgan.
Davlat siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, olijanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan hukumatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoda “asr vabosi” deb nom olgan giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytilmoqda va keng suratda tushuntirilmoqda.
Inson hayoti, ayniqsa, yoshlarimiz kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotida mavjud zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har bir mo‘min-musulmonning sharafli burchidir.
Har bir inson bu dunyoga pok niyatlar, ulug‘ maqsadlar va go‘zal orzular bilan qadam qo‘yadi. Kimdir el tanigan olim bo‘lishni, kimdir ota-onasining suyanchig‘i va faxriga aylanishni, yana kimdir jamiyatga naf keltiradigan solih inson bo‘lishni istaydi. Biroq, bugun insoniyat qarshisida shunday bir mudhish va ko‘rinmas xavf turibdiki, u insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki uning borlig‘ini, iymonini va eng go‘zal orzularini ham tiriklay go‘rga tiqadi.
Bu ofatning nomi — giyohvandlikdir. Giyohvandlik — bu shunchaki tibbiy muammo emas, bu inson o‘z qo‘li bilan o‘z kelajagini ko‘madigan «Orzular qabristoni»dir. Muqaddas dinimiz inson hayotini, uning aqli va sog‘lig‘ini eng oliy qadriyat — Allohning buyuk omonati deb biladi. Islom shariatining asosiy maqsadlaridan biri ham aynan inson aqli va jonini muhofaza qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni o‘z-o‘zini halokatga tashlashdan qat’iy qaytarib, shunday marhamat qiladi: «O‘zingizni (o‘z qo‘llaringiz bilan) halokatga tashlamang!» (Baqara surasi, 195-oyat).
Giyohvandlik moddasini iste’mol qilish — bu Alloh bergan eng ulug‘ ne’mat, ya’ni ong va tanani o‘z qo‘li bilan zaharlash, demakdir. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri oyatda qaytarilgan halokat eshigini ochish bilan barobardir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham inson sog‘lig‘iga va aqliga zarar yetkazadigan, uni karaxt qiladigan har qanday narsani taqiqlaganlar. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi va (badanni, aqlni) bo‘shashtiruvchi, sustlashtiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisga tayanib, giyohvandlik moddalari (xoh u an’anaviy, xoh zamonaviy kimyoviy-sintetik vositalar yoki kapsulalar bo‘lsin) badanni va aqlni tamoman ishdan chiqarishi, insonni mutelikka boshlashi sababli, ularni iste’mol qilishni, sotishni va tarqatishni harom deb fatvo berganlar. Buyuk valiy va tobein olim Hasan Basriy rahmatullohi alayh aql ne’matining qadri haqida gapirib, shunday degan ekanlar: «Agar aqlni bozorda sotib olishning iloji bo‘lganida, insonlar unga ega bo‘lish uchun bor jahonni to‘lagan bo‘lardilar. Qanday qilib inson o‘z ixtiyori bilan puliga o‘zini aqldan judo qiladigan zaharni sotib olishi mumkin? Bu aqlsizlikning eng oliy darajasidir».
Ulug‘ faqih olim Ibn Hajar al-Haytamiy rahmatullohi alayh o‘z asarlarida giyohvandlikning zararlarini bayon etar ekan, u insonni ibodatdan to‘sishi, yuzdagi hayo nurini ketkazishi, mardlik va g‘ururni yo‘qotishi hamda insonni eng pastkash darajaga tushirib qo‘yishini alohida ta’kidlagan. Giyohvand kimsa avvalo aqldan, keyin hayodan, so‘ngra oilasi, mol-mulki va eng achinarlisi, iymonidan ajraladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Aroq (va har qanday mast qiluvchi narsa) barcha yomonliklarning kalitidir».
Soxta lahzalarning achchiq bahosi: jarlik yoqasiga kelib qolgan yoshlar ko‘pincha bu qora yo‘lga «bir marta sinab ko‘rish», «zamonaviylikdan orqada qolmaslik» yoki «muammolarni unutish» maqsadida qadam qo‘yadilar. Biroq shaytonning bu aldovi insonni vaqtinchalik soxta dunyoga olib kiradi-yu, real hayotdagi barcha go‘zal tuyg‘ularini va maqsadlarini kul qiladi. Bu soxta baxtning yakunida nimalar boy beriladi?
Ilm va zakovat so‘nadi: Olim yoki shifokor bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshning zehni zaharlanib, fikrlashdan mahrum bo‘ladi.
Oilaviy baxt vayron bo‘ladi: Ota-onasiga xizmat qilib, duosini olmoqchi bo‘lgan farzand ularning qotiliga, eng katta dog‘i va armoniga aylanadi.
Porloq kelajak go‘rga topshiriladi: Go‘zal oila qurib, baxtli yashashni istagan qalb zulmat soyasida, yolg‘izlik va jismoniy azoblar ichida qoladi.
Mana shu tarzda umid bilan sug‘orilgan porloq hayot — o‘z egasining qo‘li bilan Orzular qabristoniga aylantiriladi.
Farzandlarimizga Alloh taolo bergan umr, sog‘liq va jamiyat omonat ekanini, qiyomat kunida har bir daqiqa va tanamizning har bir a’zosi uchun hisob berishimizni anglataylik. Orzularimiz qabristonga emas, hayotni go‘zallashtiradigan, Vatanga va islom ummatiga xizmat qiladigan buyuk maqsadlarga eltsin! Umr ne’matini soxta tuyg‘ular evaziga zaharlamaylik.
Abdurahmonjon domla Abdurahmonov,
Oltiariq tumani
“Birlashgan” masjidi imom-noibi