Masjid – Allohning uyi. Uning devorlari va ustunlari, Alloh nomi bilan qurilgan. Unda ibodat qilinadi, Alloh ulug‘lanadi, maqtaladi, Unga ruku va sajdalar qilinadi. Bu borada, Qur’oni karimda bunday bayon qilinadi: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!”( Jin surasi, 18 oyat).
Alloh taolo masjidlarni qurishga, obod qilishga va uni asrab- avaylashga chaqiradi: “(U chiroq) ko‘tarilishiga (qurilishiga) va ularda o‘zining nomi zikr qilinishiga Alloh izn bergan uylarda (masjidlarda)dir” (Nur surasi, 36 oyat). Darhaqiqat, masjidlarni pok tutish, tozalash va xushbo‘ylantirish borasida bir qancha shar’iy ko‘rsatmalar mavjud.
Masjidlar qanchalik sharafli joy ekanidan kelib chiqib, shariatimizda namozxonlar uchun odoblar, sunnatlar va ahkomlardan iborat ko‘rsatmalar bor. Ularning hurmatini saqlash, huquqini muhofaza qilish va namozning sha’nini ulug‘lash uchun mana shu ko‘rsatmalarga e’tibor berib yurish go‘zal amaldir. Quyida mazkur ko‘rsatmalarni zikr qilib o‘tamiz:
1) Ziynatlanmoq - Masjidga borishni qasd qilgan kishi, namoz uchun imkoni boricha bezanishi lozim ya’ni, toza kiyim kiyishi, xushbo‘ylanishi va misvok tutishi maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31oyat), deydi.
Masjidga toza, xushbo‘y ifor bilan kirgan kishi izzat-ikromda bo‘ladi. Shunday ekan, namozxon kiyim-kechagida va yemak-ichmagida yoqimsiz hidlardan uzoq bo‘lishi, badani yoki kiyimidan keladigan har qanday yomon hidlar bilan namozxonlarga ozor bermasligi zarur. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim piyoz, sarimsoq va (ko‘k piyoz kabi) o‘simliklardan iste’mol qilgan bo‘lsa, bas, masjidimizga yaqinlashmasin! Chunki farishtalar odam farzandi ozor chekadigan narsalardan ozorlanadi”-dedilar (Imom Muslim rivoyati).
2) Ohista yurmoq - Namozga kelayotgan musulmon shoshmasdan sokinlik va viqor bilan yurishi kerak, hatto namozga iqomat takbiri aytilsa ham shoshmasligi darkor, balki qadamini qisqa qilib maydalashtirishi lozim. Chunki kitoblarda, masjid sari ko‘p qadam bosgan kishi uchun buyuk ajr-savoblar borligi zikr qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Namozga iqomat takbiri aytilsa (ham) o‘zingizga sakinatni lozim tutgan holda yuringiz! Bas, ulgurganingizcha (imomga ergashib) namoz o‘qing, (ulgurmay) o‘tkazib yuborganingizni qazosini o‘qing!”, deganlar.
Masjidga kirayotganda ayrimlarning shoshilishi va namoz o‘qiyotganlarni bezovta qilishi, ayniqsa imom ruku qilgan paytda (tezlashish) xato sanaladi, ayrim hollarda ba’zilar ovozini ko‘tarib yuboradi va namozxonlarni chalg‘itadi.
Yana bir gap, masjidga kirgan kishi imomni o‘tirgan yoki sajda holatda topsa, namozga qo‘shilmasdan imomni tik turishini kutib turmasdan, balki imom qaysi holatda bo‘lsa ham, ya’ni qiyomdami, rukudami, sajdadami yoki jalsadami, farqi yo‘q, quloq qoqib namozga qo‘shilib imomga ergashmog‘i lozim. Imom Termiziy “Al-Jome’ as-sahih” kitobida Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Biringiz namozga kelsa, imom qaysi holatda bo‘lsa ham, u qilganidek qilsin! (ya’ni, ruku’da bo‘lsa ruku’ qilsin, sajdada bo‘lsa sajda qilsin va hokazo)”. Yana Abdulloh ibn Mag‘fal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imomni sajda qilgan holatida topsangiz, sajda qiling, yoki ruku’ qilgan holatda topsangiz, ruku’ qiling, yoki qoim (tik turgan) holatda topsangiz, qoim bo‘ling! Agar ruku’ga ulgurmasangiz sajdani (bir rak’at) hisoblamang!”- deganlar. Shu hadisga binoan aytiladiki, kim masjidga kirsa va imom namozni tugatay deb turgan bo‘lsa ham namozga qo‘shilish afzaldir. Orqada kechikib kelganlar bilan alohida jamoat bo‘lib o‘qish niyatida kutib turish yaxshi emas. Chunki katta fazilat u uchun azon aytilgan birinchi jamoatdir.
3) Namozga azon va takbir aytmoq - Namozga takbir aytish mustahab amaldir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Agar insonlar nidoda nima borligini (ya’ni, azonning ajrini) va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, (kuchli e’tibor bilan) qatnashgan bo‘lar edilar. Yana “tahjiyr”da, (ya’ni, takbirda) nima borligini bilganlarida, (uni aytishda) musobaqalashib yuborgan bo‘lar edilar hamda “’atama”da (ya’ni, xufton namozida) va “subh”da nima(ya’ni, bomdod namozida qanday buyuk ajrlar) borligini bilganlarida edi, bu ikki namozga emaklab bo‘lsa ham kelgan bo‘lardilar” (Muttafaqun alayh).
4) Masjidga o‘ng qadam bilan kirib, chap qadam bilan chiqmoqlik - Masjidga kirayotgan kishi o‘ng oyog‘i bilan kirib: “A’uzu billahil aziymi va bivajhihil kariymi va sultonihil qodiymi minash shaytonir rojiym” (ma’nosi: Buyuk Allohdan karim yuzi va qadim saltanati ila toshbo‘ron qilib quvilgan shaytondan panoh so‘rayman), deydi va Nabiy alayhissalomga salovot aytadi hamda: “Allohummaftah liy abvaaba rohmatik”(Allohim! Menga rahmating eshiklarini och!), deydi. Masjiddan chiqayotganda chap oyog‘i bilan chiqadi va Nabiy alayhissalomga salovot aytadi hamda: “Allohumma i’simniy minash shayton”(Allohim! Meni shaytondan asra!) yoki “Allohumma ajirni minash shaytonir rojim. Allohummaftah liy abvaaba fazlik!”(Allohim! Meni toshbo‘ron qilib quvilgan shaytondan yiroq qil. Allohim! Menga fazling eshiklarini och!), deydi.
6) Masjidda barcha barobar bo‘lmoqlik- Masjidda barcha namozxonlar barobardirlar, kim avvalgi safni oldinroq kelib egallasa, u bunga haqlidir. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan hech biringiz o‘tirish uchun o‘tirgan kishini joyidan hargiz turgizmasin!”. (Imom Muslim rivoyati). Hech bir kishiga masjiddan biror narsani o‘zlashtirish mumkin emas, ya’ni, bir joyni o‘zi uchun belgilab, kelishidan oldin gilam solib yoki hassa yoki stol qo‘yib yoki shunga o‘xshash ishlar qilib yoki vakil jo‘natib qo‘yishi mumkin emas. Shuning uchun nimaiki qo‘yilgan bo‘lsa, olib tashlab, o‘rnida namoz o‘qilaveradi. Kim masjidga avvalroq kirib bir joyni egallasa, so‘ng tahorat yangilash maqsadida joyini tark qilsa, o‘sha joyni egalik huquqi o‘zida qoladi, o‘rniga birov o‘tirib olgan bo‘lsa, uni turgizib yuborishga haqlidir.
7) Yo‘laklarni to‘sib qo‘ymaslik - Imkon darajasida namozxon masjid eshiklari va kirish yo‘llarida namoz o‘qimasligi kerak, chunki namozxonlarni kirishiga xalaqit berib, kirishga to‘sqinlik qilishi mumkin, (namozdan so‘ng chiqishda ham shunday), balki oldingi safga intilish kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “(Avval) oldingi safni to‘ldiring so‘ng keyingisini, agar qisilib (sig‘may) qolsa, orqa safga o‘tsin!”. (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).
8) Namoz o‘quvchi oldidan odam o‘tishi xavfi bo‘lsa, sutra qo‘ymoqlik - Imom[1] yoki yolg‘iz kishi oldiga sutra[2] qo‘yib namoz o‘qishi mustahabdir, garchi ularning ro‘paralaridan kishilar o‘tib qolish xavfi bo‘lmasa ham sutraga yaqinroq turishlari kerak[3]. Agar biror kishi namoz o‘qiyotgan kishining oldi tarafidan o‘tishga urinsa, namozxon qo‘li bilan to‘sib uni qaytaradi, agar shunda ham qaytmasa, qattiqroq qaytarishga buyurilgan. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan biringiz namozda bo‘lsa, bas, (shu payt) bir inson oldingizdan o‘tishni iroda qilsa, kuchingiz yetgancha uni qaytaring! (Nasaiy rivoyati).
Shuning uchun namoz o‘qiyotgan kishi ro‘parasini kesib o‘tish joiz emasdir, garchi boshqa imkoniyat va boshqa o‘tishga yo‘l topa olmasa ham, faqat zarurat yuzasidan yoki imkoni yo‘q darajadagi katta mashaqqat bo‘lsagina ruxsat beriladi. Abu Juhaym Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Namoz o‘qib turgan kishini oldidan o‘tuvchi kishi, (bu ishi uchun) unga qanday narsa (ya’ni, qanchalik gunoh) borligini bilganida edi, uning oldidan o‘tmasdan qirq (kun yoki hafta yoki oy) bo‘lsa ham kutgan bo‘lar edi”(Buxoriy rivoyati). Hadisdagi qirqdan qaysi ma’no maqsad qilinganini Alloh biladi. Bu hadisda namozxon oldidan o‘tishni arzimas sanash xatarli ekaniga dalil bordir.
9) Namozxonlarga ozor bermaslik - Masjidni qasd qilgan kishi odamlarning zich bo‘lib turgan saflarini oralab o‘tib, ularga ozor bermasligi lozimdir. Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni xutba qilib turganlarida bir kishi odamlar saflarini oralab o‘tib kela boshladi, shunda Nabiy alayhissalom unga: “O‘tir! Bas, ozor berdingku!”, dedilar. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan edilar, shunda hammaga eshittirib Qur’on tilovat qilayotgan qorilarni ovozini eshitib qoldilar va pardani ochib: “Ogoh bo‘ling! Albatta, barchangiz ham Rabbingizga munojot qilguvchisiz, bas, ayrimlaringiz ayrimlarga ozor bermasin va qiroatda ba’zilaringiz ba’zilardan ovozini baland ko‘tarmasin!” yoki “namozda”, dedilar (Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Shuningdek, masjidda yomon so‘zlar gapirish va shovqin-suron qilishdan saqlanish lozim. Said ibn Musayyab: “Kim masjidda o‘tirsa, bas, albatta, Rabbisi bilan o‘tiribdi. Uning yaxshi gapdan o‘zgasini aytmoqqa haqqi yo‘qdir”- degan ekanlar.
10) Safni to‘ldirmoq - Oldingi saf to‘lmay turib, yangi saf tortilmaydi, balki, avvalgi safni to‘ldirish sunnatdir. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Farishtalar Rabbilari huzurida saf tortganlaridek saf tortmaysizlarmi?!” Biz: Yo Rasululloh! Farishtalar Rabbi huzurida qanday saf tortishadi? – dedik, Rasululloh: “Avvalgi saflarni to‘ldiradilar va safda jipslashadilar”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Namozxon masjidga kirganda, saf to‘lib bo‘lgan bo‘lsa, safdagilardan birini o‘zi bilan saf tortishi uchun tortqilamaydi. Chunki Nabiy alayhissalom Ibn Umar rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Kim safga ulansa, Alloh u bilan ulanadi. Kim safdan uzilib qolsa, Alloh undan uziladi” (Imom Nasaiy va Hokim rivoyat qilishgan va Imom Muslim shartiga ko‘ra sahih deyishgan). Bunday holatda, to‘lgan saf orasidan joy izlash eng yaxshi ishdir, ayniqsa, safning ikki chet tarafidan izlash yaxshi (chunki o‘rtasi zich bo‘ladi) va topilgan oraliqqa kirib olaveradi. Lekin yangi safda yolg‘iz namoz o‘qimagani yaxshi. Zero, Payg‘ambar alayhissalom: “Safning ortidagi yolg‘iz kishi uchun namozi mukammal bo‘lmaydi”, deganlar. Ammo oldingi safdan ochiq joy topa olmasang, keyingi safda bir o‘zi turaveradi, namozi durust bo‘ladi. Chunki Alloh taolo shunday dedi: “Bas, toqatingiz yetganicha Allohga taqvoda bo‘lingiz!” (Tag‘obun surasi, 16 oyati).
Nabiy alayhissalom safda turgan nmozxonlar orasiga shayton kirmasligi uchun oraliq masofani to‘sishga, ya’ni, zichlashishga buyurar edilar. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Safni to‘g‘ri oling, yelkalarni barobar qiling, bo‘sh joylarni to‘ldiring va shaytonga bo‘shliq qoldirmang!”. (Imom Abu Dovud rivoyati). Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim (saf orasidagi) bitta bo‘shliqni to‘ldirsa, Alloh uni darajasini ko‘taradi va jannatda u uchun bir uy bino qiladi”- deb marhamat qilganlar. Xulosa shuki, saflarni barpo qilishda imom ham va unga ergashganlar ham bir-birlariga yordam berishlari lozimdir.
11) Masjidda jimlmk saqlamoq- Masjidda shivirlashish, tartibsizlik (shu jumladan shovqin qilish ham) qilishdan qaytarilgan. Hozirgi kunda, ayrim namozxonlar masjidga kirishdan oldin, telefonlarini tovushsiz yoki umuman o‘chirib qo‘ymasliklari natijasida, namozxonlarning ibodatlariga xalaqit berishmoqda. Namozxonlarga ozor beradigan o‘tkir ohanglar va musiqiy tovushlar namozdagi xushu’ va xuzuni buzmoqda. Shuni unutmaslik lozimki, musulmonga ibodat qilayotgan paytda ozor berish yanada og‘irroq gunoh hisoblanadi. Rabbisidan qo‘rqadigan va masjidlarni ulug‘laydigan har bir musulmon masjidga kirishdan oldin, telefonini o‘chirib qo‘ymog‘i lozimdir.
Xulosa qilib aytganda, masjid odoblariga qat’iy rioya qilish, har bir namozxonning vazifasidir. Zero, masjidda namoz o‘qish, zikr va ibodat qilishga tashna bo‘lish ham masjidni obod qilish ekanini, unutmaslik lozim.
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent islom instituti kafedra mudiri
“Novza” jome masjidi imom xatibi
[1] Imom deb aytilishini sababi, jamoat bo‘lib namoz o‘qilganda imomning oldidagi sutra orqadagi barcha ergashganlar uchun kifoya qiladi.
[2] Sutra – namozxon va uning ro‘parasidan o‘tadigan kishilarni orasida to‘siq qilib qo‘yiladigan narsa, shariatimizda uning bo‘yi 30-40 sm bo‘lishi shart qilingan, yochochdan yasaladigan narsadir.
[3] Sutra bilan namozxonning orasi 1 metrdan oshmasligi kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati