Bir davrada kimningdir: “Men uchta a’zamni bilaman: Imomi A’zam, G‘avsul A’zam, Maxdumi A’zam. Ammo to‘rtinchisi ham bor. O‘sha to‘rtinchisining kim ekanini hech bila olmadim”, degan gapini eshitib qoldim. Shu gap kaminani o‘ylantirib qo‘ydi. Buni bilish unchalik katta ilm talab qilmasa kerak, ozgina g‘ayrat qilib ko‘ray-chi, degan fikrda ilmiy adabiyotlarni varaqlab ana shu javoblarni topishga musharraf bo‘ldim.
Ismi A’zam Alloh taoloning Qur’oni karim va hadisi sharifda zikr etilgan ismlarining eng buyugidir.
Ismi A’zam Alloh taolo ismlari ichiga yashirilgan. Buning hikmati bandalarining butun Asmoi-ul Husnaga muhabbatini saqlamoq, O‘ziga butun ismlari ila duo etilishini ta’min etmoqdir. Agar Ismi A’zam qaysi biri ekani aniq bo‘lganida odamlar boshqalarini qo‘yib faqat o‘sha ism bilan duo etmoqqa tushar, boshqa ismlarni tark etar edi. Chunki Alloh taoloning nazdida Ismi A’zamning e’tibori buyuk bo‘lib, bu ism ila qilingan duo, albatta, mustajob bo‘lishi rivoyat etilgan.
Ismi A’zamning Asmo-ul Husnadan qaysi biri ekani haqida islom olimlari bir-biridan farqli fikrlarni ilgari surganlar. Aksar olimlar “Ismi A’zam – Alloh ismidir”, deydilar. Hazrati Ali ta’kidlashicha, Ismi A’zam bir ism emas. U Fard, Hayy, Qayyum, Hakim, Odil, Quddusdan iborat olti ismdir.
Imomi A’zam rahmatullohi alayhning fikricha, Ismi A’zam – Hakim va Odildan iborat ikki ism. G‘avsul A’zam Ismi A’zamni: “Hayy ismidir”, degan. Imom Rabboniy esa Ismi A’zam Qayyumdir degan fikrni ilgari surgan.
Ayon bo‘layotirki, islom buyuklari Ismi A’zamga bir-biridan farqli ismlarni topganlar. Balki ularning har birining ruhiyatiga tajalliy etgan Ismi A’zam farqli bo‘lgandir.
Asmo-ul Husna ichida bir Ismi A’zam bo‘lgani kabi har bir ismning a’zamiy bir martabasi bor. Ba’zan bir ismning a’zamiy martabasi Ismi A’zam bilan adashtiriladi. U ismning a’zamiy martabadagi tajalliysi sababi ila Ismi A’zam sanaladi. Ismi A’zamning har bir olimga ko‘ra farqli bo‘lishining sababi shu bo‘lsa kerak.
Muhammad alayhissalom – Habibulloh, Ibrohim alayhissalom –Xalilulloh, Muso alayhissalom – Kalimulloh, Iso alayhissalom – Ruhulloh, Odam alayhissalom – Safiyulloh, Nuh alayhissalom – Najiullohdir. Bu olti payg‘ambarning boshqa payg‘ambarlardan rutbasi baland bo‘lgani bois ular “Ulula’zim” deyiladi. Hammasidan buyugi Muhammad alayhissalomdir.
Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobit al-Kufiy; Imomi A’zam (699-767) – faqih, muhaddis, ulug‘ imom, hanafiylik mazhabi asoschisi. Kufada tug‘ilgan. "Imomi A’zam" (buyuk imom) – ulug‘ligi e’tirof etilib berilgan unvon. Abu Hanifa fiqhiy ilmni birinchi bo‘lib tasnif qilib, uni boblarga ajratib, tartibga solgan va kitob shakliga keltirgan. U faqihlarning ustozi, imom Shofi’iy ta’biri bilan aytganda, "barcha odamlar fiqhda uning boqimandalaridir".
Giloniy (Jiloniy) Muhiddin Abdulqodir ibn Abi Solih Jangiydo‘st (1077- 1166) – ilohiyotchi olim, mutasavvif. Gilon viloyatida tug‘ilgan. Xalq ommasi uni mo‘jiza ko‘rsatishga qodir bo‘lgan aziz-avliyo va bechoralarning homiysi deb, ulug‘lagan. Unga "G‘avsul A’zam" ("ulug‘ himoyachi") va "piri dastgir" ("madadkor pir") laqablarini bergan.
Maxdumi A’zam (Buyuk hazrat; asl ismi Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediy, 1463/64-1542) – buyuk alloma, yirik diniy arbob, naqshbandiylik tariqati pirlaridan. Dahbediy "Maxdumi A’zam", nomi bilan mashhur bo‘lgan. Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur uni nihoyatda hurmat qilgan va Maxdumi A’zamga bag‘ishlab ruboiylar ham yozgan. Maxdumi A’zam ham shoir haqidagi "Boburiya" risolasini yozib, Hindistonga jo‘natgan.
O‘rganganlarimizdan ayon bo‘ldiki, a’zamlar uchta emas, beshta bo‘lib, birinchi A’zam – Alloh taoloning O‘zi; ikkinchisi, rutbasi baland rasullar, qolganlari avliyolar ekan.
Damin JUMAQUL,
jurnalist
"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).
"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).
"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).
"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).
"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).
"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).
"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).
"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).
Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".
Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.
Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.
"O‘kinma" kitobidan