Imomi A’zam Abu Hanifa rohmatullohi alayhning Imom Molik rohmatullohi alayhga qat’iy javoblari
Abu Hanifa: “Men yuzga yaqin faqihlar bilan munozara qilganman, lekin haqiqatni tezroq qabul qilishda imom Molikdek faqihni ko‘rmadim, Allohga qasamki, uni yaxshi ko‘rib qoldim”, dedilar. Bu yerda imomi A’zam bizga ishorat qilayapdilarki yetuk olim haqiqatni juda tez qabul qiladi.
Zamonasining eng zabardast faqihini qiynab qo‘ygan uning savollariga juda ham ziyraklik bilan javob bergan bizning mazhab boshimiz imomi A’zam rohmatullohi alayhga uning mazhabini to‘g‘ri deb bilib uni inkor qilishga shoshilmasdan u zotning chiqargan masalalarini batafsil ko‘rib chiqib, uni tasdiq qilib ergashgan mujtahidlarga Allohning salomi bo‘lsin.
Shuni bilish kerakki! Alloh taolo mujtahidlarga Qur’on va Hadisning ichidan zamonasining eng zabardast olimlari ham anglay olmaydigan va aqllari ham shoshib qoladigan darajadagi xislatlarni berganiga amin bo‘lamiz. Imomi A’zam Abu Hanifa rohmatullohi alayh 80 mingta savolga javob bergan bo‘lsa! Bilingki 80 ming marta ijtihod qilganlar. Bir masalaga javob berish uchun sizga qancha ilmlar kerak bo‘ladi. Oddiygina qilib aytganda Qur’on, hadisi nabaviy, sahobalar so‘zlari va ijtihodlarini batafsil bilish hamda yodda saqlab bir harfini ham zinhor-zinhor yoddan chiqarmasdan uni mahorat bilan ming marta uylab keyin javob berish. Shunga e’tibor qiling! Imomi A’zam Abu Hanifa rohmatullohi alayh Qur’onni shunaqa yaxshi bilardilarki go‘yo har bir oyatning nima sababdan nozil bo‘lganlariga va shu vaqtda rosululloh qanday yo‘l tutganlarini zarra misli ham yoddan chiqarmaganlar. Hadisni bilishga keladigan bo‘lsak: uni o‘zlari rivoyat qilgan muhaddislardan ko‘ra yaxshi bilgan va undan ijtihod qilganlar. Hadisi rasulda u kishining yo‘llari go‘yo u zot o‘sha vaqtda o‘zlari o‘sha hadisga guvoh bo‘lgan va uni yozib olgan sahoba mislidek bir harfiga ham xiyonat qilmasdan uni boshqa hadislarning ichidan rosululloh aytgan gaplarning ichidan juda mohirlik bilan tanlab uni ming marta taroziga o‘lchab keyin masala chiqargan. Sahobalarni bilishga keladigan bo‘lsak: imomi A’zam ularni ota-onasidan ham yaxshi tanigan va ularning ichidan eng peshqadam mujtahid darajasiga yetgan sahobalar so‘zlarini Qur’on va hadisdan masalaga javob topa olmagandan so‘ng ularning so‘zlarini qabul qilgan. Qur’on, hadis va sahobalar so‘zlaridan ham masalaga javob topaolmagandan so‘ng o‘zlarini o‘nglab uchala manbaga qiyoslab keyin o‘zlari xukm chiqarganlar. Ya’ni, ijtihod qilish usulini Alloh taolo u kishiga ilhom qilgan boshqa mazhab ahllari u kishidan ijtihod qilishni o‘rgangan. Imomi Shofe’iy u kishining nevara shogirdi ya’ni, shogirdi ....ning shogirdi hisoblanadi..
Imomi A’zam har bir masalani 40 ta mujtahidlik darajasi yetgan shogirdlarining o‘rtasiga havola qilganlar. Agar ulardan sog‘ chiqsa, u imomi A’zam masalasiga kiritilgan. Go‘yo bu qobiliyat bu shogirdlarida ham o‘z aksini topgan edi. Lekin shunga qaramasdan ular bu bilan u masaladagi mohirlikni ko‘rib aqllari shoshib bu iste’dodni o‘zlariga ko‘chirma sifatida qabul qilardilar. U zot aytgan ekanlar: agar men keltirgan masala Qur’on, hadis va sahobalar so‘zlariga teskari kelsa! shunday devorga o‘ringlarki u chiqargan masalam parcha-parcha bo‘lib ketsin deganlar. Bir o‘zlari 80 mingta masalaga javob berib qo‘yganlar. Agar bilsak bunday so‘zlarni faqat Allohning mard bandalari ayta oladi, xolos. Imomi Molik rohmatullohi alayh o‘zlari tushunmagan narsalarni imomi A’zamdan so‘rab olganlarida, u kishi shunaqa uslubda javob berdilarki Imomi Molik terlab ketdilar. Imomi Molikning oldida biror kishi gapirishga haddi sig‘masdilar. Shunday bo‘lishiga qaramasdan u zot eshitilgan har xil gaplarga barham berish uchun imomi A’zamning oldiga munozaraga keldilar:
Imom Molik (rohmatullohi alayh) imom Abu Hanifa (rohmatullohi alayh) bilan uchrashgandan keyin imom Molikdan so‘rashibdi. Sizda Abu Hanifa haqida qanday taassurot uyg‘ondi? Imom Molik cho‘ntagidan ro‘molchani chiqarib, terlarini artib: “Abu Hanifa meni terlatdi”, dedilar. So‘zlarida davom etib: “Allohga qasamki, Abu Hanifa haqiqatda faqih ekan. Yana qasamki, men bu olimdek munozara qiladigan faqihni ko‘rmadim. Agar sizlarga mana bu temirdan bo‘lgan to‘sinni tilladan desa, to‘sin tilladan ekaniga sizlarni dalili bilan ishontiradi!” Keyin Abu Hanifadan imom Molik haqlarida so‘rashganda, Abu Hanifa: “Men yuzga yaqin faqihlar bilan munozara qilganman, lekin haqiqatni tezroq qabul qilishlikda imom Molikdek faqihni ko‘rmadim, Allohga qasamki, uni yaxshi ko‘rib qoldim”, dedilar. Rivoyat qilinadiki, bir kishi imom Molikni oldilariga kelib, shunday savol beribdi: “Aytingchi, bir kuni yo‘lda ketayotib, yo‘l chetida yotgan tuxum bosib yotgan tovuqni ko‘rib qoldim. Keyin uning tuxumini chiqarib oldim. Tuxum qo‘limdan tushib ketib, undan jo‘ja chiqib qoldi. Endi u jo‘jani so‘yib yesam bo‘ladimi?”, dedi. Imom Molik: “Sen Iroqdanmisan”, dedilar. U kishi: “Ha” deb javob berdi. Imom Molik “bu Abu Hanifaning ishi, sizlar hayotda bo‘ladigan narsalar haqida savol beringlar. Bo‘lmaydigan, foydasiz narsalar haqida so‘ramanglar”, dedilar. Yana bir kishi imom Molikdan so‘rabdi: “Aytingchi, bir kishi boshqa bir kishini “eshak” deb so‘ksa, unga nima jazo ko‘riladi”, dedi. Imom Molik: “Odobga chaqirish uchun darra uriladi”, dedilar. Kishi: “Agar uni “xachir” deb so‘ksachi” deganida, imom Molik, “seni odobga chaqirish uchun darra urish kerak, chunki sen Iroqliksan”, deb javob berdilar.
Imom Molik Abu Hanifaga e’tiroz bildirib: “Siz insonlarni o‘zaro tortishuviga sabab bo‘lyapsiz” dedi. Unga Abu Hanifa: “Ey Molik! Iroqdagi vaziyat Madinadagidek emas. Iroq hozirda xalifalik shahri hisoblanadi. Har kuni yangi voqealar, yangi hukmni taqazo qiluvchi masalalar paydo bo‘ladi. Hozirgi kunda Iroqda mamlakatlarni fath qilish avjiga chiqqan. Bularni barchasiga biz fiqhiy tarafdan tayyor turishimiz kerak. Hattoki, yangi bir masala paydo bo‘lsa, insonlar u masalani yechimini bilishsin” deb javob berdilar. Shunda imom Molik Abu Hanifaga: “Menga bu yangi masalalardan misol keltiringchi”, dedi. Abu Hanifa misolni shunday boshladilar. Bir ayolni eri safarga ketib, ancha vaqt g‘oyib bo‘ldi. Haligi ayol erini o‘ldi deb o‘ylab, boshqa bir kishiga erga tegdi. Shunda ayolni avvalgi eri kelib qolsa, qanday hukm chiqargan bo‘larding ey Molik!”, dedilar. Imom Molik: “Mendan bo‘lmagan voqealarning masalasini so‘ramang”, dedi. Abu Hanifa: “Ey Molik! bizda (Iroqda) insonlar har kuni g‘azot qilish uchun chiqib, o‘z oilalaridan ancha vaqt g‘oyib bo‘ladilar. Shuning uchun men bunday masalalarga tayyor turishim kerak”, dedilar. Keyin unga “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni oldilariga kelib, bir necha savollarni bergan kishi haqidagi hadisni o‘zingiz rivoyat qilgansizku dedi. Hadisdagi kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “Agar bir kishi kelib, mol-mulkimni tortib olsa, nima qilaman”, deb so‘radi. Rosululloh “bermaysan”- dedilar. Agar men bilan urishsachi? “u bilan urishasan” dedilar. Agar meni o‘ldirsachi? “sen shahid bo‘lasan”- dedilar. Savolini davom ettirib: “agar men uni o‘ldirsamchi?”- dedi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “u do‘zaxda” deb javob berdilar. Bunga nima deysiz ey Molik! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hali bo‘lmagan to‘rtta voqeaga javob berdilar. Imom Molik esa: “bu masalalarning foydasi bo‘lgani uchun javob berdilar”, dedi. Abu Hanifa imom Molikka Iroqdagi “masalalarda ham foyda bo‘lgani uchun yangi masalalarga yangi hukmlar chiqarishga mas’ulman” dedilar.
Ikkinchi masala:
Agar bir narsaning yechimi ya’ni halolligi yoki haromligi Qur’oni Karimdan, sunnati nabaviydan topilmasa. Uning yechimi musulmonlarni ijmosi bilan bo‘ladi. Shu masalada ikki imom o‘rtasida ixtilof paydo bo‘ldi. Imom Molik: “Madina ahlini qilgan ijmosini olish kerak”, deydilar. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) dinni sahobalarga qoldirdilar. Din Madinada mukammal bo‘ldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ning vafotlaridan keyin ulug‘ sahobalarni Madinada qoldilar. Bundan tashqari o‘zlaridan keyin qilgan amallarini odamlarga so‘zlab beradigan to‘qqizta ayollarini ham Madinada qoldirib ketdilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bilan yashagan o‘n mingta sahobalar Madinada qolgan edi. Shuning uchun Madina ahlining ijmosi ijmo hisoblanadi. Axir bir yoki ikkita sahoba yashab o‘tgan shahar, o‘n mingta sahoba yashagan shaharga teng bo‘ladimi!?”- dedilar. Rivoyat qilinadi. Bir kishi imom Molikni oldiga kelib: “Ixtilof bo‘lgan masalalarda nima qilay”,-dedi. Imom Molik: “Madina ahlining hukmini axtargin. Agar Madina ahlini hukmini topsang uni haq deb bilgin”, dedilar. Boshqa bir kishi kelib imom Molikdan “Ilmni qayerdan topaman”, deganda: “Ilmni Madinadan topasan. Axir Qur’on Furotda nozil bo‘lmaganku”,- deb javob berdilar. Imom Molikning so‘zlari tugagach, Abu Hanifa o‘z so‘zlarini boshladi. Abu Hanifa imom Molikdan o‘n uch yil katta bo‘lganlar. Abu Hanifa imom Molikka qarab: “Ey Molik! Umar (roziyallohu anhu) ning davrlarida g‘azotlar sababli sahobalar har xil shaharlarga tarqalib ketganlar. Sen esa “Madinada o‘n mingta sahoba bor” deysan. O‘zi aslida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ni oxirgi g‘azotlarida bir yuz yigirma ming atrofida bo‘lganku. Ey Molik! Qolgan sahobalar qayerda?”, - so‘radilar. Imom Molik “Boshqa shaharlarda”- deb javob berdi. Abu Hanifa: “Ey Molik! Umar (roziyallohu anhu) xos sahobalarni dinni o‘rgatish maqsadida turli shaharlarga yuborganlarini inkor qilasanmi yoki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning “Ummatimni halol va haromni eng yaxshi biluvchirog‘i, Muoz ibn Jabal” - deganlarini va uni Yamanga jo‘natganlarini inkor qilasanmi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) : “Kim Qur’oni karimdan ta’lim olmoqchi bo‘lsa, Ibn Mas’uddan olsin”, deganlarinichi? Keyin Umar (roziyallohu anhu) Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) ni Iroqqa jo‘natganlar. Bularning barchasini inkor qilasanmi? Ey Molik!”,- dedilarda keyin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni: “Ulardan ilm o‘rganinglar”, deb vasiyat qilgan sahobalarning ismlarini sanab o‘tdilar. Ular: Ibn Mas’ud va Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhumo) lar Iroqqa borganlar. Yamanga Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) , Misrga Zubayr ibn Avom va Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhumo) lar borganlar. Abu Ubayda ibn al-Jarroh, Abu Dardo va Bilol (roziyallohu anhum) lar esa Shomga borib Islom dinini yetkazganlar. Ey Molik! Bularni inkor qilolmasang kerak. Yoki bu sahobalarni ilmi bo‘lmaganmidi? Noto‘g‘ri hisoblanmaydimi? Umar (roziyallohu anhu) boshqa shaharlarga bitta yoki ikkita sahobani jo‘natib, Madinada boshqalarini olib qolishligi. Abu Hanifa so‘zini boshqa hadislarni aytish bilan davom ettirdi. Jumladan: Ummatimning ummatimga eng mehriboni Abu Bakrdir. Ummatimni halol va haromda ilmlirog‘i Muoz ibn Jabal. Faroiz ilmini biluvchirog‘i Zayd ibn Sobit, Qur’onni biluvchirog‘i Ibn Mas’uddir. Bu ummatni Amini Abu Ubayda ibn al-Jarroh”, deganlar. Bu sahobalarni boshqa-boshqa shaharlarga tarqalish sababi ummat ilmlarini yanada ko‘paytirish bo‘lgan.
Uchinchi masala:
Ilm madrasalari ikki xil bo‘ladi. Hadis madrasasi. Ray (ilmga suyangan fikrga ray deyiladi) madrasasi. Abu Hanifani ilmda o‘z qarashlari bor. U kishi bir hadisdan yuzga yaqin foydalarni chiqarib olardilar. Imom Molik esa, buni oshiqcha mubolag‘a hisoblab, hadisni o‘z ma’nosini qo‘yib, boshqa ma’noni keltirib chiqarishini ham ma’qul ko‘rmaganlar. Endi bunday qilish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni aytmagan so‘zlarini ta’vil qilish hisoblanadi”,- dedilar. Abu Hanifa imom Molikning bu so‘zlariga raddiya qilib,: “Ey Molik! Sen biz Iroq ahliga yaxshiroq e’tibor ber. Hozirgi paytda bizga Yunon, Rim va Fors falsafalari kirib bo‘lgan. Bu insonlarni chalg‘itib qo‘ymasligi uchun, men ularni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ni tuzib ketgan usul uslub manhajlarida sobit turishlarini istayman. Shuning uchun falsafachilarga raddiya bo‘ladigan javoblarni hadislardan axtarishga va u hadislar borasidada chuqur tafakkur, bahs qilishga majburman. Lekin sen Madinada sahoba-tobeinlarni ichidasan. Shuning uchun ortiqcha kengchilikka xojating yo‘q. Ammo Iroqda esa, bizga qarshi har qanday hujumlarni to‘sish lozim. Shunga ko‘ra ilmni kengroq o‘rganmasak bo‘lmaydi” deb javob berdilar.
Allohim bizlarga ularning asarlarini to‘g‘ri tushunib o‘zlarimizni isloh qilishni nasib aylagin. Mazhabsizlikka barham bergin. Butun minglab kitoblarni yozib ham mazhabdan chiqmagan olimlar yo‘lini davomchisi bo‘lishni nasib aylagin.
Allohumma solli vasallim va barik alayh.
Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar”
kafedrasi kabinet mudiri
Urol Nazar Mustofo tayyorladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.