Masruq rohimahullohning ismi Abu Oisha Masruq ibn Ajda’ ibn Molik ibn Umayya ibn Abdulloh Vodi’iy Hamadoniydir.
Masruq rohimahullohning otasi islomni qabul qilib, o‘g‘li bilan Madinai munavvaraga ko‘chib keladi. Masruq rohimahulloh Madinada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning as'hoblaridan ta’lim olib, unib o‘sadi. Shuning uchun ham U zot tobi’inlarning ulug‘laridan biridir.
Onasi Bani Zubaydning chavandozi A’mr ibn Ma’d Yakrabning singlisi edi. Masruq rohimahulloh Yaman chavandozlaridan biri bo‘lib ulg‘aydilar. Bu zotning Masruq deb nomlanishlariga sabab, yoshliklarida o‘g‘irlab ketilib, keyinchalik topilganliklaridir.
Masruq rohimahulloh Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anhodan hech ajramaydilar, doim birga yuradilar. Shu sabab Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anho: “Ey Masruq! Albatta sen meni bolamdek bo‘lib qolding”, deganlar.
Masruq rohimahulloh Quddus fathida va undan boshqa islom fathlarida qatnashganlar. Siffin jangida insonlarga: “Ey insonlar! Qo‘llaringizni urush qilishdan tiyinglar!”, deganlar.
Masruq rohimahulloh Ko‘fada yashaganlar va insonlarga fatvo beruvchi bo‘lganar. U kishining ayoli Qumayr ibn A’mr: “Masruq oyoqlari shishib ketgunga qadar namoz o‘qir edi. Gohida uning bu holatini ko‘rib, uni ortiga o‘tib yig‘lar edim” deydilar.
Masruq rohimahulloh Umar ibn Xattob, Aliy ibn Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Xabbob ibn Art, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn A’mr ibn Oss, Oisha binti Abu Bakr, Ubayd ibn Umayr Laysiy, Ummu Rumon binti Omir Kinoniyya, Muoz ibn Jabal, Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Umar ibn Xattob, Subay’a Aslamiyya, Ma’qal ibn Sinon, Mug‘ira ibn Sho‘ba, Zayd ibn Sobit va Ummu Salama roziyallohu anhumlardan hadis rivoyatlar qilganlar.
Masruq rohimahullohning ana shunday zabardast sahobiy olimlarga va ayniqsa Ibn Mas’uddek ustozga shogird bo‘lishi Allohning kalomi ma’nolarini chuqur bilishi va uni tafsir qilishda peshvolik martabasini topishiga sabab bo‘lgan. Masruq rohimahullohning e’tiqodi kuchliligi haqida Abu Is'hoq shunday rivoyat qilgan: «Masruq hajga borganda yotib uxlashdan voz kechgan, uxlasa ham sajdaga bosh qo‘yib uxlardi.
Masruq rohimahullohdan Omir Sha’biy, Ibrohim ibn Yazid Naxa’iy, Yahyo ibn Vasob, Abdulloh ibn Murrah Xorifiy, Shaqiq ibn Salamah, Yahyo ibn Jazzor, Abu Zuho Muslim ibn Subayh, Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud, Ubayd ibn Nuzayla, Makhul Shomiy, Abu Is'hoq Subay’iy, Muhammad ibn Muntashir ibn Ajda’, Muhammad ibn Nashr Hamadoniy, Abu Ahvas Jashmiy, Ayyub ibn Honiy, Ammorah ibn Umayr, Habbol ibn Rufayda, Anas ibn Siriyn Ansoriy, Abu Sha’soi Mahoribiy, Qosim ibn Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud va Qumayr ibn A’mr rohimahumullohlar rivoyat qilishgan.
Masruq rohimahulloh ustozi Ibn Mas’ud roziyallohu anhu haqlarida: «Men ibn Mas’ud roziyallohu anhudan tafsir sohasida ko‘p ilm oldim. Ustozimiz bizga avval Qur’on suralaridan qiroat qilib berardilar. Keyin uning ma’nolarini tushuntirib tafsir qilib berardilar» deganlar.
Masruq rohimahulloh 62 hijriy sanada vafot etadilar.
Manbalar asosida Tojjiddinov
Abdusssomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;
- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;
- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;
- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;
- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;
- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;
- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;
- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;
- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!
Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi
imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.
Manba: @SOFTALIMOTLAR