Alloh taolo qur’oni karimda marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ
Ey, imon keltirganlar! Allohning sizlarga bergan ne’matini eslangiz! (Ahzob surasi 9 oyat).
Alloh taoloning ne’matlarini ichida eng ulug‘i bu – imon ne’matidir. Bu ne’mat borasida tafakkur qiladigan bo‘lsak, banda Imoni sababli Rabbisining roziligi, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning shafoatlari hamda dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Mo‘min bandalarlar uchun esa Qur’oni karimda juda ko‘plab bashoratlar kelgan. Shulardan biri:
الَّذِينَ يَحْمِلُونَ الْعَرْشَ وَمَنْ حَوْلَهُ يُسَبِّحُونَ بِحَمْدِ رَبِّهِمْ وَيُؤْمِنُونَ بِهِ وَيَسْتَغْفِرُونَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا وَسِعْتَ كُلَّ شَيْءٍ رَحْمَةً وَعِلْمًا فَاغْفِرْ لِلَّذِينَ تَابُوا وَاتَّبَعُوا سَبِيلَكَ وَقِهِمْ عَذَابَ الْجَحِيمِ
رَبَّنَا وَأَدْخِلْهُمْ جَنَّاتِ عَدْنٍ الَّتِي وَعَدْتَهُمْ وَمَنْ صَلَحَ مِنْ آَبَائِهِمْ وَأَزْوَاجِهِمْ وَذُرِّيَّاتِهِمْ إِنَّكَ أَنْتَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ
وَقِهِمُ السَّيِّئَاتِ وَمَنْ تَقِ السَّيِّئَاتِ يَوْمَئِذٍ فَقَدْ رَحِمْتَهُ وَذَلِكَ هُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ
״Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar (yakkayu yagona) Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh ayturlar va Unga imon keltirurlar hamda imon keltirgan kishilarni mag‘firat etishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat va ilm jihatdan barcha narsani egallagandirsan. Bas, tavba qilgan va yo‘lingga ergashgan kishilarni mag‘firat et va ularni do‘zax azobidan saqla! Parvardigoro, ularni ham, ularning ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih bo‘lgan kishilarni ham O‘zing ularga va’da qilgan mangu (jannat) bog‘lariga doxil qilgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli zot)dirsan. O‘zing ularni barcha yomonliklardan asragin, Kimni o‘sha kunda (qiyomatda) yomonliklardan asrasang, bas, haqiqatan unga rahm qilgan bo‘lasan. Mana shu ulkan yutuqdir» (deb duo qilurlar).
(G‘ofir surasi 7-9 oyatlar).
Yuqoridagi oyati karimalarda muqarrab farishtalarning biz mo‘min bandalar uchun istig‘for aytishlari zikr qilinmoqda. Arshni ko‘tarib turadigan farishtalarning istig‘foriga sazovor bo‘lish inson uchun naqadar ulug‘ baxt!
Quyidagi hikoyada boshqa jonzotlarning ham istig‘for aytishi zikr qilinadi:
Naql qilishlaricha, Sulaymon alayhis salom dengiz sohilida o‘tirgan edilar, to‘satdan bug‘doy donini ko‘tarib, dengiz tomon o‘rmalayotgan chumoliga ko‘zlari tushib qoldi. Sulaymon alayhis salom uni suv oldiga yetib borgunicha diqqat bilan kuzatdilar. Qarasalar, bir qurbaqa suvdan boshini chiqarib, og‘zini ochdi, chumoli darhol unga kirib olgach, dengizga sho‘ng‘ib ketdiyu soatlab qolib ketdi. Sulaymon alayhis salom taajjublanib, hayron edilar. Keyin qurbaqa suvdan chiqdi-da, og‘zini ochib, chumolini qirg‘oqqa tashladi, don esa yo‘q edi. Sulaymon alayhis salom chumolini chaqirib, nima ish qilganini va qayerda bo‘lganini so‘radilar. Chumoli aytdiki: ey Allohning payg‘ambari, siz ko‘rib turgan bu dengiz tubida ichi kovak harsang tosh bo‘lib, uni ichida bir so‘qir qurt bor. Alloh uni o‘sha yerga yaratib qo‘ygan, u yegulik istab tashqariga chiqa olmaydi. Alloh taolo uni rizqiga meni tayinlab qo‘ydi, men uni rizqini ko‘tarib olib kelaman, mana bu qurbaqani esa meni ko‘tarib olib tushishi va chiqarib qo‘yishi uchun bo‘ysundirib qo‘ydi, uni og‘zida menga suv zarar qilmaydi, qurbaqa og‘zini toshni teshigiga qo‘yadi, men kirib olaman, qachon rizqni o‘sha qurtga yetkazib bergach, qaytib qurbaqani og‘ziga chiqib olaman, u meni dengizdan chiqarib qo‘yadi. Sulaymon alayhis salom:
– uni qanday tasbih aytayotganini eshitdingmi? – dedilar.
Chumoli: – ha, uni nolasini yeshitdim, u aytar yedi: “Ey, suv qa’rida, toshning ichidagi jonivorni O‘z rizqidan bebahra qilmagan Zot! Mo‘min bandalaringni O‘z rahmatingdan bebahra qilma!”, deganini eshitdim, – dedi.
Muhammad Yahyoxon Muhammadxon o‘g‘li
Toshkent Islom instituti 4-kurs talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
VAQT QADRI VA UNDAN UNUMLI FOYDALANISH
Ba’zi insonlarda sog‘lom hayot kechirish uchun har kuni albatta sakkiz soat uxlash kerak, degan tushuncha bor. Ammo aslida uyqu miqdori har bir insonning holati, ehtiyoji va organizmiga bog‘liq. Asosiy maqsad — ma’lum bir soatni to‘ldirish emas, balki tetik va faol holatda uyg‘onishdir.
Kimdir olti soat uxlab ham kun davomida samarali faoliyat olib borishi mumkin, boshqa birovga esa ko‘proq dam olish kerak bo‘ladi. Muhimi — inson uyqusini tartibga solishi va vaqtini qadrlashi lozim.
ULUG‘ ZOTLAR HAYOTIDAN NAMUNALAR
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh bir kitobdan charchasa, boshqasiga o‘tar, uyqusi kelganda esa o‘zini suv bilan sergaklashtirib, yana ilm bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Mufassir Alusiy rahmatullohi alayh kechalari tafsir yozar, kunduzlari esa dars berar edilar. Uning ilmiy merosi qanchalik ulkan ekani bu mehnatning samarasidir.
VAQTNI BЕHUDA SARFLAMASLIK
Inson hayotida eng qimmatli boylik — vaqtdir. Pulni yo‘qotgan odam uni qayta topishi mumkin, ammo o‘tgan vaqt hech qachon qaytmaydi.
Imom Hofiz Munziriy rahmatullohi alayh haqida aytadi: “Men kechayu kunduz ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan, hatto ovqatlanayotganda ham ilmdan uzilmaydigan insonlarni ko‘rdim”.
BO‘Sh VAQTNI TO‘G‘RI BOSHQARISH
Ba’zan inson bir necha daqiqa dam olish uchun o‘tiradi, ammo bu vaqt sezilmay soatlarga aylanib ketadi. Natijada umrning katta qismi foydasiz ishlarga sarflanadi.
Shuning uchun har bir inson: “Men sarflayotgan bu vaqtim menga yoki boshqalarga qanday foyda keltiradi?” deb o‘zidan so‘rashi kerak. Agar javob bo‘lmasa, u ishdan voz kechish afzal.
VAQTDAN FOYDALANISHGA ZAMONAVIY MISOL
Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda insonlar hatto qisqa kutish vaqtlaridan ham unumli foydalanishga odatlangan. Masalan, transportda, navbatda yoki uchrashuv boshlanishini kutayotganda ular kitob o‘qiydi, rejalar tuzadi yo biror ish bilan shug‘ullanadi.
Bu yangi odat emas. Aslida bu – musulmon ulamolari asrlar davomida amal qilgan tamoyildir.
HAR BIR YIG‘ILISH FOYDALI BO‘LSIN
Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayhi Asmoiyga bunday nasihat qilgan: “Agar biror joyga borishing ilm olish, yaxshilik qilish yoki foydali maqsad uchun bo‘lsa — bor. Ammo behuda suhbat, g‘iybat va vaqtni isrof qilish uchun bo‘lsa — undan saqlan”.
Insonning uchrashuvlari ham, suhbatlari ham foydali bo‘lishi kerak. Ovqatlanish, mehmonchilik, do‘stlar bilan uchrashish — barchasi yaxshi niyat va foydali maqsad bilan bo‘lsa, qadrlidir.
XULOSA
Ulug‘ insonlarning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: Vaqt – Alloh bergan eng katta ne’matlardan biri. Uni qadrlagan inson dunyosi va oxirati uchun katta yutuqlarga erishadi.
Shuning uchun har bir lahzamizni ilm, ibodat, mehnat va foydali ishlar bilan bezashga harakat qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD