frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Muhammad Ali Sobuniy

14.03.2017   17881   5 min.
Muhammad Ali Sobuniy

Alloma shayx Muhammad Ali Sobuniy Qur’oni Karim va Rasululloh sunnatlarini o‘rganuvchi zamonamiz ulamolaridan sanaladi. Olim islom ilmlariga oid bir necha asarlar ta’lif qilgan bo‘lib, ulardan “Sofvat at-tafosiyr”, “Ravoiul-bayon fiy tafsiril Qur’on” hamda “Muxtasar tafsiri Ibn Kasiyr” kabi kitoblari Islom olamida mashhurdir. Shayx Sobuniy hayotlarini Qur’oni Karim va sunnati nabaviyya xizmatiga sarfladi. Tafsir, hadis va boshqa ilm sohalariga bag‘ishlangan, islomning musaffoligi va bag‘rikengligini yorituvchi asarlari bilan ilmiy-ma’rifiy kutubxonalarni boyitdi va haqli ravishda “Kitob va sunnat xodimi” unvoniga ega bo‘ldi.

Shayx Muhammad Ali Sobuniy 1930-yil, Suriyaning Halab shahrida, buyuk olim Shayx Jamil Sobuniy xonadonida tavallud topgan. O‘g‘lini yetuk olim bo‘lishida asosiy sababchi bo‘lgan padari buzrukvori Halabdagi “Umaviy jome” masjidida dars berar edi. Yosh Muhammad Ali Qur’on darslariga qo‘shilib, Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Otasidan ham ko‘plab diniy bilimlar va arab tili ilmni o‘rgandi. Boshlang‘ich va “Xusroviya” nomli usmoniylar qurgan o‘rta maktabni imtiyozli tamomlab, iqtidorli talabalar qatorida Qohiradagi “Al-Azhar” universitetiga   yuborildi. 1952-yilda universitetning Shari’at fakulteti diplomiga ega bo‘ldi. 1954 yil mutaxassislik o‘qishini tamomlab, Azhari sharifning “Shar’iy sud mutaxassisligi” diplomini a’lo baholar bilan qo‘lga kiritdi. Bu diplom o‘sha vaqtlarda eng oliy diplom hisoblanib, hozirgi kundagi doktorlik diplomi bilan barobardir. So‘ng, ona yurti Suriyaga qaytib, sakkiz yil davomida Halabdagi sanaviy maktabida “Islom madaniyati” fanidan dars bergach, Azhari sharif ulamolari huzurida ilmini yana ham mukammal qilish maqsadida Misrga bordi, lekin o‘sha paytdagi siyosiy vaziyat bunga imkon bermadi.

Ustozlari:

  1. Qorilar shayxi Najib Xayyota.
  2. Shayx Muhammad Najib Siroj.
  3. Muhaddis shayx Abdulloh Sirojiddin.
  4. Shayx Rog‘ib Tabbox.
  5. Shayx Muhammad Idlibiy.
  6. Shayx Ahmad Shammo‘ va boshqa ko‘plab fazilatli ulamolar.

Shayx Sobuniy Suriya ta’lim vazirligi tomonidan Saudiya Arabistoniga shartnoma asosida Makkai mukarramadagi Islomiy fanlar, tarbiya, va shari’at fakultetiga dars berish uchun jo‘natildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan muborak zaminda 28-yilga yaqin dars berdilar. Bu vaqt davomida qo‘llaridan ko‘plab ulamolar, jumladan Masjidil haram imomlari yetishib chiqdi.

Sobuniy hazratlari dars berish bilan cheklanmay, shayx Sayyid Alaviy, shayx Hasan Mashshot kabi o‘sha paytdagi Hijoz olimlarining darslarida ham qatnashar edi.

Keyinchalik, ilmiy tadqiqot ishlari davomida Abu Ja’far Nuhas rahmatullohi alayhining “Maonil Qur’on” nomli noyob asarlarini besh yil davomida tadqiq qilib, olti juzda nashr qildirgan. 1998-yildan Makkadagi xalqaro tashkilot Islom olami uyushmasiga qarashli muassasada bir necha yil faoliyat yuritdi. Shayx Muhammad Ali Sobuniy Masjidil haramda imomlik ham qilgan. Makkada bo‘lgan onlari har kuni Ka’bai mauzzamaning yaqini, “Hajarul-asvad” bilan “Ruknil-yamaniy”ning orasida o‘tirib, Qur’oni Karim tilovat qilardilar. Qur’ondan kunlik vazifalari 2 pora edi. Huddi o‘sha joyda fatvo uchun ham o‘tirib, savol so‘raganlarga javob berar edilar. 

Asarlari:

Shayx Muhammad Ali Sobuniyning ko‘p asarlari ingliz, fransuz, rus, fors, urdu va boshqa tillarga tarjima qilingan.  Qur’oni Karim tafsiri sohasiga bag‘ishlangan tasniflari chuqur ilm, keng ma’no va go‘zal ifoda hamda oson iborasi bilan ajralib turadi. Hadis, Qur’on ilmlari, fiqh va boshqa fanlarda ham salmoqli xizmat qildi: “At-tibyon fi ulumil-Qur’on”, “Sihohi sitta” (olti sahih to‘plam) kitoblarining sharhi hisoblangan “Min kunuzis sunnatin nabaviyyatil mutohharoh” (Pok nabaviy sunnat xazinalari),  fiqhga oid “Al-fiqhush shar’iy al-muyassar” kitoblari buning yaqqol misolidir.

Mujtahid mazhabboshilarimizning Qur’oni Karimdan qanday hukm olishlari yoritilgan “Ravoiul-bayon” nomli asarlari bizda ham – O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida o‘qitib kelinmoqda. Budan tashqari “Sofvatut tafosiyr” (Tafsirlar sarasi ), “Al-mavaris fish shari’atil-islamiyyah” (Islom shari’atida meroslar), “As-sunnatun nabaviyya qismun minal vahyil-munazzal” (Sunnati nabaviyya ‒ Ilohiy vahiyning bir qismi), “Harokatul arzi va davronuha – haqiqotun ilmiyyatun asbatahal Qur’on” ( Yer harakati va aylanishi – Qur’on isbot qilgan ilmiy haqiqatdir) va boshqa ko‘plab kitob va maqolalar muallifidir.

Shayx Muhammad Ali Sobuniy hozirga qadar din xizmatida kamarbasta bo‘lmoqdalar. Alloh u zotni hifzu-himoyasida saqlasin.

Muhammad Yahyoxon Muhammadxon o‘g‘li     

Toshkent Islom instituti talabasi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   53998   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari