Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Birodarini obro‘sini saqlaganning mukofoti

13.03.2017   7642   8 min.
Birodarini obro‘sini saqlaganning mukofoti

عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : " مَنْ رَدَّ عَنْ عِرْضِ أَخِيهِ ؛ رَدَّ اللَّهُ عَنْ وَجْهِهِ النَّارَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ "

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimki birodarini obro‘sini (to‘kilishidan, yani g‘iybat qilinishidan) saqlasa, Alloh taolo uni yuzini (butun badanini) qiyomat kunining olovidan saqlaydi” dedilar. Termiziy, Ahmad va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan.

G‘iybat deganda ko‘pchilik xar xil narsani tushunadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarga: “Sizlar g‘iybat nimaligini  bilasizlarmi?” dedilar. Shunda ular: Alloh va uning Rasuli biluvchiroq dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarga: “Agar birodaringiz siz u haqida gapirgan so‘zingizni eshitsa, sizdan xafa bo‘ladigan bo‘lsa, batahqiq siz uni g‘iybat qilibsiz” dedilar. Shunda sahobalar: Yo Rasulalloh, agar biz aytayotgan sifat unda bor bo‘lsachi? dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Shunda g‘iybat bo‘ladi. Agar siz aytayotgan sifat unda bo‘lmasa, siz unga bo‘xton qilgan bo‘lasiz” dedilar. Imom Muslim, Ahmad va Termiziylar rivoyat qiliishgan.

Shuning uchun ham biror kishi bilan gaplashayotgan vaqtimizda oramizda bo‘lmagan yani suhbatda ishtirok etmayotgan inson haqida agar gapirishga zarurat tug‘ilsa, u haqida yaxshi so‘z aytishimiz lozim ekan. Biror kishi u haqida yomon so‘z aytsa, obro‘sini to‘kmoqchi bo‘lsa, tezda uni to‘xtatib, birodarimizni himoya qilmog‘imiz kerak ekan. Ana shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek zimmamizdagi burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Mana shu qilgan ishimiz uchun Alloh taoloning qiyomat kunida yuzimizni yani butun badanimizni do‘zaxdan saqlashidek ulug‘ mukofotga sazovor bo‘lar ekanmiz. Agar uni obro‘sini himoya qilishga, g‘iybat qilayotganni to‘xtatishga kuchimiz yetmasa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam talim berganlaridek, u munkar ishni qo‘limiz va tilimiz bilan to‘xtatishga qodir bo‘lmadikmi, qalbimiz bilan inkor etib, u suhbatni tark etmog‘imiz lozim bo‘ladi. Ana shunda o‘zimizni Alloh taolo qaytargan munkar ishga aloqador bo‘lib qolishdan saqlagan bo‘lamiz. Ular esa U zotga o‘zlari javob beradilar.

Alloh taolo Quroni Karimda marhamat qiladi:

“Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”, degan (Hujurot, 12).

Hujurot surasidagi bu oyatda ham Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini g‘iybat qilmaslikka amr etmoqda:

“Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar”.

G‘iybatning harom, gunohi kabiralardan ekanligini hamma ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekanligi oyati karimaning o‘zida ham ajoyib uslub ila bayon qilinmoqda:

“Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi?”

Qur’oni Karim birovni g‘iybat qilishni o‘sha shaxs o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar qilmoqda. Ma’lumki, insonning go‘shtini yeyish nafaqat islom dinida balki islomdan boshqa dinlarda ham mumkin emas, o‘lgandan keyin yeyishni esa, aslo xayolga ham keltirib, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun yuqoridagi «yaxshi ko‘rasizmi?” degan savolga hech kim, ha, deb javob bermaydi.

Shu boisdan oyatning o‘zi, “Ha, yomon ko‘rasizlar!” deb ta’kidlamoqda.

Alloh taolo o‘likning go‘shtini tanovul qilishni tasavvur qilolmadingizmi? Ko‘nglingiz ko‘tarolmadimi? Birovni g‘iybat qilish siz uchun ana shundoq bo‘lsin, deb aytmoqda.

Oyatning davomida Alloh taolo yuqorida zikr qilingan gunohni qilganlarni Alloxdan qo‘rqishga da’vat qilib, “Allohdan qo‘rqinglar”, demoqda.

Shu bilan birga, avval bilmasdan kimnidir g‘iybat qilib gunoh ish qilgan bo‘lsangiz, tezda tavba qilib gunohingizni yuvishingiz mumkin deb, Alloh taolo o‘zining fazli-marhamatidan noumid bo‘lmaslikka chaqirmoqda.

“Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”.

Ya’ni, qilgan ishingizga qattiq afsus qilib, chin dildan nadomat chekib, ikkinchi bor bu ishni qilmaslikka ahd qilib va ahdingizga vafo qiling.  Hamda o‘zingiz g‘iybat qilgan kishini qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapiring. Ana shunda Alloh taolo tavbangizni qabul qilib, sizga rahm qiladi. 

G‘iybatning sabablari

G‘iybatning sabablari juda ko‘p, ulardan ba’zisini esga olamiz:

  1. Achchig‘ini to‘kib solish.

Bir odam boshqasining achchig‘ini chiqargan bo‘lsa, achchig‘i chiqqan uni g‘iybat qilish ila undan o‘ch olishga harakat qiladi.

  1. Tengdoshlar va hamsuhbatlarga sherik bo‘lish, ularning gapini qo‘llab-quvvatlash.

Tanish-bilish yoki ulfatlar birovning g‘iybatini qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rinish niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha odamgarchilik deb o‘ylaydi. Aslida gunohga sherik bo‘lgan bo‘ladi.

  1. O‘z obro‘sini ko‘tarish uchun birovni ayblash.

Misol uchun, «Falonchi johil, fahmi yo‘q», deb, o‘zini ilmli va o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi.

  1. Hasad.

Odamlar bir kishini maqtayotganlari uchun hasad qiladi va uni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi.

  1. O‘yin-kulgi va hazil.

Odamlarni kuldirish va davrani qizitish maqsadida boshqalarning kamchiligi va aybini aytib, g‘iybat qilinadi. Ba’zilar bu ishni o‘ziga kasb qilib olgan ham bo‘ladi.

G‘iybatning davosi

Avvalo g‘iybatchi qiladigan g‘iybati tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishini bilib qo‘yishi kerak.

Shuningdek, uning savoblari g‘iybat qilingan odamga olib berilishini, agar savobi bo‘lmasa, narigi odamning gunohlari unga olib berilishini ham bilib qo‘ysin.

G‘iybat payti bo‘lib qolsa, o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining ayblari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, o‘shanga shukr qilish ila mashg‘ul bo‘lsin. O‘zini o‘zi eng yomon ayb – g‘iybatchilik ila ifloslamasin. O‘zini birov g‘iybat qilishini istamaganidek, o‘zi ham o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin.

G‘iybatga bois bo‘lgan sababga nazar solsin va o‘sha sababni yo‘q qilishga harakat qilsin. Dardning davosi uni keltirib chiqargan sababni yo‘q qilish ila bo‘ladi.

(علوم الدين إحياء 3-jild 146-sahifa).

Mo‘min-musulmonlar o‘zlari g‘iybatdan chetlanibgina qolmasdan, boshqa g‘iybat qilayotganlarning og‘ziga urib, g‘iybatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishlari zarurdir. Yuqoridagi hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Musulmon musulmonning birodaridur. Har bir musulmon zimmasida musulmonlarning qoni, moli va obro‘sini himoya qilish burchi bordir” deganlaridek har birimiz o‘z burchimizni ado etmoqlikka harakat qilmog‘imiz lozimdir. Alloh taolo bizlarni o‘zi qaytargan munkar ishlarni qilishdan saqlab, bajarishimizni amr etgan amallarni qilishimizga o‘zi yordam bersin.

Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” asari asosida

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Ramazon haftaligi (07-03-2025)

9.03.2025   8153   1 min.

Hafta davomida diniy-ma’rifiy sohada ro‘y bergan muhim xabarlarning qisqacha tafsiloti

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

VIDEO