Qiz bolaning tarbiyasini qaysi vaqtdan boshlash kerak, deb so‘rab qolishdi. Ajib savol. Aslida bola tarbiyasi unga ona tanlash chog‘idan boshlanadi. O‘zi-ku, savol egasi qiz bolaga xos tarbiyani nazarda tutgan edi, menimcha.
Qiz farzandmi, qiz nevarani ko‘rib, yuragingiz bir hapqirib ketadi. Uning shirin qiliqlari-yu, biyron gapirishlari kishini iydirib yuboradi. Ammo Yaratganning ana shu ne’matini asrab avaylab, chiroyli tarbiya berish g‘oyat nozik masala.
Qiz bolaning tarbiyasiga go‘dakligidan qattiq turish kerak, chunki qiz bola birovning xasmi – sizning sha’ningizni boshqa oilada himoya qilguvchi nozigu buyuk hilqat.
Ishxonamizning yo‘li ustida bog‘cha bor. Ishga kelayotib-qaytayotib bog‘chaga kelayotgan-ketayotgan shirintoylarga ko‘zim tushadi. Qizchalarning kiyimiga nazar solar ekanman, kattalarning o‘zlari qizlar tarbiyasini yo‘ldan chiqaryaptimikan, deb o‘ylab qolaman ba’zan. Bog‘cha yoshidagi qizlarning bo‘y yetgan qizlarga taqlid qilishi, yelkasi ochiq, ayniqsa, yubka yoki kuylaklar shu qadar kaltaki, ichki kiyimigacha ko‘rinib turadi. Ichki kiyimlari esa tor va kichkina bo‘ladi. Bog‘chada bo‘lganida o‘tirish bor, uxlashi bor...
Ba’zi onalar o‘zlari bolalarini cho‘miltirishga erinib, 6-7 yoshli o‘g‘liga singlingni cho‘miltirib chiq, deb ish buyuradi. Bir xonada, bir joyda o‘rnini ham bitta qilib beradiganlar ham bor. Alohida xonada yotqizishni iloji bo‘lmasa, hech bo‘lmasa, bir xonadagi joyini bo‘lak qilish mumkin-ku!
Bir xonadonga borganimizda u yerdagi manzarani ko‘rib, hayron bo‘lib qoldik. Tog‘a-jiyan bo‘ladimi, amaki-jiyan bo‘ladimi, hamma bir-biri bilan belidan ushlab, o‘pishib ko‘rishish odati bor ekan. Kelinning qaynota bilan o‘pishib ko‘rishishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Dadasimi, tog‘asimi, amakisimi, otasimi – kelinlar o‘tirib, bemalol bola emizib o‘tiribdi. Balki bu gapimiz ba’zilarga erish tuyilar, nima bo‘libdi, qarindosh-ku deyishar. Ammo oradagi masofani saqlash kerak, hatto u ota bilan qiz bo‘lganda ham...
Ulamodan: “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima onamizni o‘pgan ekanlar, shunga ko‘ra, ota qizini o‘psa bo‘ladimi?” deb so‘rashibdi. Ulamo: “Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallam qizlari Fotimani peshonasidan, ro‘moli ustidan o‘pganlar”, deb javob beribdi.
Hayo, ibo, iffat kabi fazilatlarni yoshlarga bolaligidan tushuntirib borish kerak. Hayo bir husn bo‘lsa, hayosi yo‘q yuz jonsiz jasad kabidir. Bu borada ota-onalarning o‘zlari farzandlariga ibrat bo‘lishlari lozim.
Onalarning farzandlari oldida ochiq-sochiq yurishining o‘zi ham hayo to‘g‘risidagi pand-nasihatning qadrini yo‘qotadi. Onasidan ochiq kiyimlarni kiyishni o‘rgangan qiz ham erkaklardan tortinmaydigan hayosiz bo‘lib voyaga yetadi. Ayollarning ochiq holda ko‘rib voyaga yetayotgan o‘g‘il bolalar bu holga ko‘nikib qoladi va vaqti kelib mijoz soviydi.
Farzandlarga hayo borasida nasihat qilishdan oldin o‘zimiz shu fazilatga egamizmi, yo‘qmi, o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Tarbiya masalasida kattalarning gapidan ko‘ra ularning xatti-harakati farzandlarga tezroq ta’sir qiladi. Onasining yosh yigitlar bilan telefon orqali “Odnoklassnik”, “Telegramm”da muloqot qilayotganini ko‘rgan qizaloqqa, 3-4 yil o‘tib, yigitlar bilan telefonda gaplashmaslikni taqiqlamoqchi bo‘lgan onalar qizlaridan qanday muomala kutsin!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida: «Bola uni emizgan onaning axloqi bilan xulqlanadi», deya marhamat qilganlar. Xalqimiz orasida ham “Onasini ko‘rib, qizini ol!”, deb bejizga aytilmagan.
Tarbiya uchun vaqt hech qachon kech bo‘lmaydi. Tarbiyani hamma o‘zidan boshlasa, atrofdagilarga odob-axloq borasida gapirish o‘rinli bo‘ladi. Niyatimiz har bir oilada oqila ayollarga hayoli, iboli qizlarni tarbiyalashda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
«Hech shubha yo‘qki, Alloh taolo Toha va Yasiynni osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgan. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida, ushbu narsa nozil bo‘ladigan ummatga Tubo bo‘lsin! Ushbuni ko‘tarib yuradigan qalblarga Tubo bo‘lsin! Ushbu ila gapiradigan tillarga Tubo bo‘lsin!» degan».
Bag‘oviy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatda ham Qur’oni Karimning fazli qanchalar ulug‘ligini ko‘rsatuvchi ma’nolar kelmoqda. Albatta, bunda ham Qur’oni Karimni o‘rganishga, qiroat qilishga va amal qilishga targ‘ib bor.
Ushbu hadisi sharifda Qur’oni Karim nozil bo‘ladigan ummatga, Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga va Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» bo‘lishi xabar qilinmoqda.
«Tubo» jannatning nomlaridan biri yoki jannatdagi daraxtning ismi yoxud saodat va yaxshilik ma’nolarini anglatadi. Bularning hammasi ahli Qur’onga va’da qilinmoqda.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Qur’oni Karimning fazilati ulug‘ ekani.
2. Alloh taolo Qur’oni Karimning Toha va Yasiyn suralarini osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgani.
3. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida u nozil bo‘ladigan ummatga havas qilganlari.
4. Qur’oni Karim nozil bo‘lgan ummat – Muhammad ummatiga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
5. Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
6. Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.
Hadis va hayot,
“Qur’on fazilatlari” kitobidan.