frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Do‘stlashish fazilati

10.03.2017   17130   6 min.
Do‘stlashish fazilati

Alloh taolo inson zotini barcha mavjudotlar ichida azizu mukarram qilib yaratgan.

Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

“Darhaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p  jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70-oyat).

Bu oyati karimada Alloh azza va jalla insonning naqadar ulug‘ mavjudot ekaniga guvohlik beradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi Alloh nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).

Mana shunday aziz insonlar ichida Alloh taologa yanada mukarram bo‘lgan bandalar bor. Ular taqvodorlardir. Bu to‘g‘risida Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:

“Ey, insonlar! Darhaqiqat biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik va bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng aziz) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arab bilan ajamning o‘rtasida faqat taqvosidagina farq bo‘ladi”, deganlar (Termiziy rivoyati).

Yaratgan Robbimiz insonni oliymaqomlarga O‘zi ko‘targan. Ana shunday ulug‘ maqom sohibi bo‘lgan insonlar bir-birlari bilan aka-ukadirlar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

“Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar...” (Hujurot surasi, 10-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar bir-birlari bilan og‘a-inidirlar”, deya lutf qilganlar.

Demak, mo‘minlar bir-birlari bilan bamisoli og‘a-inidek do‘st bo‘lishlari va o‘zaro go‘zal munosabatda bo‘lishlari taqozo etiladi. Bu aloqa faqat Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rish bilan o‘z ifodasini topadi. Zero, insonlar o‘zaro bir-birlarini Alloh uchun sevsalar bu dunyo va oxirat yaxshiliklariga ega bo‘ladilar. Shundagina bu do‘stlik ularga dunyoda ham, oxiratda ham naf keltiradi.

Qur’oni karimda shunday deyiladi:

U kunda taqvodorlardan o‘zga do‘stlar bir-birlariga dushmandirlar” (Zuhruf surasi, 67-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

“Alloh taolo soya bo‘lmaydigan qiyomat kunida yetti toifa kishini O‘zining soyasi ostida soyalantiradi. Ular: Adolatli boshliq, Robbisining ibodatida o‘sgan yigit, qalbi masjid bilan bog‘langan kishi, Allohning roziligida bir-birlarini yaxshi ko‘rib jamlangan va ajrashgan ikki kishi, chiroyli va mansabdor ayol zinoga chaqirganda, men Allohdan qo‘rqaman degan kishi, o‘ng qo‘li qilgan ehsonini chap qo‘li bilmaydigan kishi, yolg‘iz holida Allohni eslab ko‘z yosh to‘kadigan kishi”

Zotan Alloh yo‘lida muhabbatlashgan insonlarni Alloh qiyomat kuni bir joyga jamlaydi va ularni birga qilib qo‘yadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ikki inson Alloh uchun do‘st tutinsa, ulardan biri mag‘ribda, ikkinchisi mashriqda bo‘lsa, Alloh ularni qiyomat kunida birga qilib: “Men uchun do‘st tutingandilar” deydi”, deya marhamat qilganlar.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Albatta, kishi jannatga kirganda “falonchi do‘stim nima qildi ekan”, deb so‘raydi. Vaholanki uning u do‘sti jahannamda bo‘ladi. Shunda Alloh taolo uning do‘stini “jannatga chaqiringlar”, deydi. Jahannamda qolganlar esa: “Endi bizlar uchun na oqlovchilar bor, na biror qadrdon do‘st”(Shuaro surasi, 100-101) oyatini aytadilar”.

Hasan Basriy rahmatullohi alayhi: “Do‘stlarni ko‘paytiringlar. Mo‘min do‘stlar qiyomat kunida bir-birlarini shafoat qiladilar”, deb aytganlar.

Hadisi sharifda shunday deyiladi:

“Qiyomat qoim bo‘lganida uning dahshatidan insonlar yaqinlaridan qochadi. Bu haqda Alloh taolo: “O‘sha kuni kishi o‘z birodaridan qochadi. Yana onasi va otasidan ham, xotin va o‘g‘illaridan ham (qochur). (Chunki) u kunda ulardan har bir kishida o‘ziga yetarli narsa (tashvish) bo‘lur” (Abasa surasi, 34-37 oyatlar). Bir bandaning amal daftari taroziga tortilganda zarra miqdoridagi savob kamlik qiladi va jannatga kirishiga yetmay qoladi. Shunda yuqoridagi oyati karimada ta’kidlanganidek yaqinlaridan yordam so‘rar ekan. Najot chiqmagach Alloh yo‘lida do‘stlashgan do‘stini ko‘rib qoladi. Do‘sti undan: “Nega g‘amginsan”, deb so‘rasa, u: “Jannatga kirishimga zarra miqdordagi savobim yetmay qoldi. Yaqinlarim o‘zlari bilan o‘zlari ovvora bo‘lganlari uchun mendan qochishdi”, deydi. Shunda do‘sti unga: “Yetmay qolgan savobingga men o‘z savobimdan beraman”, deb, do‘stiga o‘z savobidan beradi. Shu payt Alloh taolo O‘zi bilgan holda farishtalarni guvoh qilish maqsadida farishtalaridan: “U bandaning amal daftari tortilganmi? U o‘z savobidan berib yubordi”, deya so‘raydi. Farishtalar: “Yo‘q”, deb javob berishadi. Alloh taolo: “Unday bo‘lsa, nimani evaziga bunday qildi”, deb yana so‘raganida, ular: “Ey, Alloh! Bular Sening yo‘lingda do‘st tutinganlar”, deyishadi. Shunda Alloh taolo: “Sizlar guvoh bo‘linglar! Men ularning ikkisini ham gunohlarini avf qildim. Jannatimga kiritinglar!” deydi”, deyilgan.

Alloh yo‘lida bir-birlari bilan do‘stlashgan kishilar uchun jannatda hatto payg‘ambarlar, shahidlar o‘tirmaydigan taxtlarni tayyorlab qo‘yilgandir.

Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir taxt bor. Unga na payg‘ambarlar, na shahidlar o‘tiradilar” deganlarida,  sahobai kiromlar: “Ey, Allohning Rasuli! U taxt kim uchun?”, deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U Alloh yo‘lida do‘stlashgan bandalar uchundir”, deya marhamat qilganlar (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir insonni yaxshi ko‘rsangiz unga yaxshi ko‘rishingizni bildirib qo‘ying”, deganlar.

Alloh taolo barchalarimizning bir-birlarimizga bo‘lgan do‘stligimizni faqat O‘zining yo‘lida bo‘lishini ta’minlasin. Dunyoda ham, oxiratda ham yaxshiliklarga sherik bo‘lishimizni nasib etsin.

Jaloliddin Hamroqulov 

 "Novza" jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   21820   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar