عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بنِ مَسعودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " عَلَيْكُمْ بِالصِّدْقِ فَإِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَصْدُقُ وَيَتَحَرَّى الصِّدْقَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ صِدِّيقًا وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَكْذِبُ وَيَتَحَرَّى الْكَذِبَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ كَذَّابًا "
Abdulloh ibn Masu’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “O‘zingizga rosrgo‘ylikni lozim tuting. Albatta rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Albatta yaxshilik jannatga olib boradi. Kishi rostgo‘ylikda va to‘g‘ri so‘zlashga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Hatto Allohning huzurida siddiq deb yozib qo‘yiladi…”. )Buxoriy va Muslim rivoyati).
Xalqimiz azal-azaldan turli xil milliy va umuminsoniy fazilatlari bilan dunyo hamjamiyati orasida alohida ajralib turuvchi xalq hisoblanadi. Bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, hushmuomalalik, kattalarga hurmat – bularning barchasi xalqimizning oliy fazilatlaridandir. Shu jumladan rostgo‘ylik ham. Muqaddas dinimiz ham insonlarni rostgo‘y bo‘lishga chaqiruvchi va rostgo‘ylikni targ‘ib qiluvchi din hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hali nubuvvat kelmasidan oldin ham xalq ichida “al-Amiyn” ya’ni “ishonchli” deya nom chiqarganliklari esa bu gapimizga yorqin dalil bo‘la oladi. Rostgo‘ylik borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan.
Yuqoridagi hadisi sharifda Nabiiy sollallohu alayhi vasallam barchani rost gapirishga va rostgo‘y bo‘lishga chaqirganlar. Shu bilan birga rostgo‘ylarning Alloh taolo huzuridagi maqomini bayon qilib berganlar. Rostgo‘ylikda bardavom bo‘lgan inson rostgo‘yligi uchun jannatga kiritilishini va unga Alloh taolo huzurida “Siddiq” deb nom berilishini eshitgan har bir musulmon, shubhasiz rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hamma rostgo‘ylikka intilsa, insonlar orasidagi tushunmovchiliklarga ham barham beriladi. Natijada, jamiyat hayoti ham ijobiy tomonga o‘zgaradi. To‘g‘riso‘zlikning Alloh huzuridagi maqomining boisi ham ayni mana shuning uchun bo‘lsa ajab emas.
Ulamolarimiz: “Rostgo‘ylik bu – qalbingdagi haqiqatni tilingda zohir qilishingdir”, - deyishgan.
Demak, zohiran qilgan ishlarimizning barchasi qalbimizda bo‘lmoqligi kerak. Hech bir harakatimizni rostgo‘ylikdan yiroq holda, xo‘jako‘rsinga qilmasligimiz lozim bo‘ladi.
Rostgo‘ylik – Alloh taologa ixlos bilan ibodat qilishda, insonlar bilan muomala qilishda, va’dada, oldi-sotdi masalalarida, nikoh va boshqa masalalarda kishining zohiri xuddi qalbi kabi bo‘lmoqligidir. Kishi insonlar bilan muomalada bir xil bo‘lishi, va’dasiga vafo qilishi, oldi-berdi masalalarida va boshqalarida tili va harakatlarini qalbi ila mutanosib qilishi lozim bo‘ladi.
Hadisi sharifning davomida:
“…O‘zingizni yolg‘onchilikdan saqlang. Chunki yolg‘on buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik olovga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlashda va yolg‘on so‘zlashga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Hatto Allohning huzurida kazzob deb yozib qo‘yiladi”,- dedilar. )Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu haqida Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Rostgo‘ylar bilan birga bo‘linglar”. (Tavba,119)
Ulamolarimiz: “Yolg‘on bu – qalbi tasdiq qilmagan narsani aytishdir. Omonatga xiyonat hamda boshqalar tomonidan aytilgan rost so‘zni bila turib tasdiqlamaslik ham yolg‘ondir” ,-deganlar.
Yolg‘on gapirish dinimiz harom qilgan amallardandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni qay darajada rostgo‘ylikka targ‘ib qilsalar, yolg‘onchilikdan shu darajada qaytarganlar.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki labi va ikki oyog‘i orasidagiga kafolat berolsa, men u uchun jannatni kafolat beraman”, dedilar. (Buxoriy rivoyati).
Bu hadisi sharifdan ham malum bo‘lmoqdaki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim menga ikki labi orasidagiga kafolat berolsa, men u uchun jannatni kafolat beraman”, demoqdalar. Agar jannatga kirishimiz uchun tilimiz ahamiyatli bo‘lmaganida edi, U zot uni zikr qilmagan bo‘lar edilar. U zot zikr qildilarmi! Demak uning ahamiyati bor. Shuning uchun ham mo‘min-musulmon tiliga juda ham etiborli bo‘lmog‘i lozim va lobuddir.
Bir kishi gapida bitta yolg‘on ishlatsa, o‘sha gapi rostligini isbotlash uchun yana bir yolg‘on ishlatadi. Natijada bir yolg‘on ketidan o‘nlab yolg‘onlar kelib chiqadi. Yolg‘on gapiruvchi esa har doim siri fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqib yashaydi. Agar bir kishi yolg‘onchi bo‘lsa, jamiyatda chigalliklar sodir bo‘la boshlaydi. Mabodo o‘nlab kishilar yolg‘onchi bo‘lsa-chi?
U holda jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Hech kim bir-biriga ishonmay qo‘yadi.
Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan narsalardan biri ham aynan yolg‘on axborotdir. Internetda o‘nlab yoki yuzlab emas, balki minglab, millionlab kiberqalloblar va ekstremistik oqimlar aynan yolg‘on ishlatib, insonlarni aldashadi. Har xil qiyofalarga kirib olib, o‘sha qiyofa orqali ishini qilaveradi. Ayni davrda bu kiberqalloblar muqaddas Islom dinimizning pok nomini bulg‘amoqdalar. Go‘yoki Islomga da’vat qilmoqdalar-u, aslida o‘zlarining biror ishi Islomga to‘g‘ri kelmaydi. Ular faqat dinimizning pok nomidan foydalanadilar, xolos. Ana shunday g‘alamis kimsalarning qilgan buzg‘unchiliklari sababli muqaddas dinimiz nomiga har xil noma’qul gaplar aytilmoqda. Ta’na toshlari yog‘dirilmoqda.
O‘ylab qaralsa, bularning barchasi yolg‘on ortidan kelib chiqmoqda. Hadisi sharifda yolg‘onning qattiq qoralanishining sababi mana shu joyda ham oydinlashadi.
Demak, biz dinimiz sofligini saqlashni va jamiyatimiz gullab yashnashini istasak, yolg‘onga yo‘l bermasligimiz kerak bo‘larkan. Hamma to‘g‘riso‘zlikka intilgan jamiyat esa o‘sish va rivojlanishda davom etaveradi.
Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” asari asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.