“Musulmonlar birgalikda xalqaro terrorizmga qarshi kurashmog‘i lozim”, dedi Indoneziya parlamenti deputatlari yig‘ilishida nutq so‘zlagan Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz ibn Abdurahmon Al Saud.
“Bugun dunyo musulmonlari oldida turgan dolzarb muammolardan biri bu terrorizmdir. Shu bois, bu xatarga qarshi barcha musulmonlar birgalikda dunyoda tinchlik bo‘lishi uchun harakat qilishi kerak”, deya ta’kidlab o‘tdi Salmon ibn Abdulaziz ibn Abdurahmon Al Saud.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni podshohi Osiyo mamlakatlari bo‘ylab uch haftalik safarni amalga oshirmoqda. Ushbu xizmat safari davomida Malayziyaga tashrif buyurdi, ayni vaqtda Indoneziyada turli uchrashuvlarda ishtirok etmoqda.
Safar dasturiga Xitoy, Yaponiya va Maldiv orollari davlatlariga ham tashrif buyurish kiritilgan.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.