Saudiya Arabistoni Ikki Muqaddas Haram sharif boshqarmasi Horijiy tillar va tarjima bo'limi ziyoratchilar uchun Masjidul Haromning tarixi va buguni haqidagi ma'lumotlarni 50 tilda tanishtirish xizmatini taqdim etdi.
Bu haqda Saudiya Arabistoni Axborot Agentligiga (WAS) iqtibos keltirgan holda Tillar va tarjimalar bo'limi boshlig'i Ahmad bin Abdulaziz Al-Hamidiy ma'lum qildi.
Unga ko'ra, loyiha doirasida ziyoratchilar keng qamrovli ekskursiya davomida 50 tilda Masjid ul-Haromning muhim joylari va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishadi. Ushbu keng qamrovli sayohat Ka'badan boshlanib Masjidul Haromning barcha muhim joylariga tashrif buyurishni, jumladan, Ka'badagi Hajarul asvad – Qora toshni, Ruknu Yamaniy, Multazam, Maqomi Ibrohim alayhis salom va Zamzam qudug'ini ziyorat qilishni o'z ichiga oladi.
Bundan tashqari, ziyoratchilar Safo va Marvo kabi boshqa joylar hamda Masjidul Haromning uchinchi rivojlanish rejasi bilan ham tanishtiriladi.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi