frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Assalomu alaykum” – duo kalomi

23.02.2017   11904   6 min.
“Assalomu alaykum” – duo kalomi

“Odamlarning eng ojizi-duoga ojizlik qilgan odam. Odamlarning eng baxili salom berishga baxillik qilgan odamdir”

 ( Hadisi sharifdan).

Allohning muborak ismlaridan biri  Salom, uning  sifati va darajasi Qur’oni karimda bunday bayon etiladi: «Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (ya’ni «Assalomu alaykum», denglar)» (Nur, 61).

 “Salom” Allohning marhamati hamda toza va munavvar ne’mati  ekanligiga dalolat, «Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar» (Niso, 86).

Binobarin, Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (roziyallohu anhu)dan qilingan  rivoyatda: Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: «Islomdagi qaysi amal yaxshi?» deb so‘raganida, u zot: «Qorni ochlarni to‘ydirishing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom berishing», degan ekanlar (Imom Buxoriy va imom Muslim).

“Yaxshi amal”dan murod odobdir. Darhaqiqat, hadisda ruhiy ehtiyoj nafsoniy ehtiyojga qiyoslanayotir. “Qorni ochlarni to‘ydirish”dan savob hosil bo‘lgani kabi, ko‘ngilni quvontiradigan salomdan ham shu samara mavjudligiga ishora qilinmoqda.

Salomlashuv xalqlar o‘rtasida urf darajasidagi odoblardan. Har bir millat va xalqda uning o‘ziga xos ko‘rinishlari mavjud. Bu so‘z barakotidan odamlar o‘rtasida o‘zaro ilqlik, yaqinlik va mehru muhabbat paydo bo‘ladi. Odam Ato (alayhissalom) inson sifatida ko‘z ochganlarida ilk nasihat va tavsiya ham shu manida kechdi:

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo Odam (alayhissalom)ni xalq qilib, u kishiga «Ana bu o‘tirgan bir necha farishta oldiga borgin-da, salom bergin, so‘ngra ularning senga oladigan aligini yaxshilab eshitgin, chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaringga yo‘llangan salom bo‘ladi», dedi. (Odam (alayhissalom) borib: «Assalomu alaykum», dedilar. Farishtalar: «Assalomu ’alayka va rahmatullohi», deb «rahmatullohi»ni ziyoda qilishdi», dedilar) (Imom Buxoriy va imom Muslim ).

Ushbu hadis Islomda salomlashuv ibodat amallaridan bir amal siftida talqin etilishi barobarida, duo ekanligi eslatilayotir. Mazmun ifodasida farishtalar duosi jamlanganidan xabardor etayotir.

Shuning uchun ham Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda:  Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysizlar. Bir-biringizga muhabbat qilmaguningizcha iymonli bo‘la olmaysizlar. Agar amal qilsangiz, o‘rtalaringizda muhabbat paydo etadigan narsaga sizlarni dalolat qilaymi? Orangizda salomni yoying», dedilar (Imom Muslim).

Bandaning oliy niyati – jannat. Jannatning kaliti – imon. Imon muhabbat mehvari ekanki, aslida «salomni yoymoqlik» sababi turar ekan. Quyidagi hadis uning zamiridagi ma’noni komil qilib, salomlashishning qanday fazilatlari borligini bayon etadi va bunga odatlanmoqqa chorlaydi.

Imron ibn Husayndan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, «Assalomu alaykum», dedi. Unga javob qaytarib o‘tirdilar-da, o‘nta savob, dedilar. So‘ngra boshqa kishi keldi-da, «Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedi. Unga ham javob qaytardilar-da, yigirmata savob, dedilar. So‘ngra boshqa bir kishi keldi-da, «Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuhu», dedi. Unga ham javob qaytarib, o‘ttizta savob, dedilar». (Imom Abu Dovud va imom Termiziy).

Haqiqatda, “Assalomu alaykum” yoki «Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuhu» eng oliy tuyg‘u izhori bo‘lib, zamiri sof va samimiy tilak bilan uyg‘unlashgan: “Sizga tinchlik va salomatlik tilayman!” Insonga salomatlik va tinchlik tilashdan ham ziyoda tilak bormikin?!

Arabchadan o‘zlashgan bu so‘zda o‘zbekona samimiyatimizning tafti bor, ajib ruhiy iliqligi bor. U og‘izdan chiqishi yoki quloqqa chalinishi bilanoq qalbga orom yetadi. Begona tanishga, tanish qadrdonga aylanadi.

Aksariyat o‘zbek xonadonlarida tongda o‘zaro salomlashish urfga aylangan. Bu oila a’zolarining bir-birlariga mehru muhabbatlari oshuviga, oqibat rishtalarining yuksalishiga omil bo‘ladi. Shu sababli ota-bobolarimiz salomlashishga jiddiy qaraganlar .

Bu kabi o‘zbekona tarbiya bilan o‘sayotgan yoshlar ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida  odoblari bilan ajralib turadilar. Ammo, ming afsuski, salomlashish borasida so‘z ketganda, ayrim ko‘ngilni xira qiluvchi ko‘rinishlar uchrab turgani achinarli hol albatta.  Bu o‘rinda aybni yoshlarga, yoshlikka ag‘darish insofdan emas. “Ota-onang kimligin salomingdan bilurlar” deyilganidek, bolalarda aks etgan har-bir xato va kamchilikning bosh sababchisi ota-ona. Ularning dinimiz buyurganidek go‘zal “Assalomlomu alaykum” kalimasining o‘rniga “privet”, “salyut”, “chao”ga o‘xshash so‘zlarni qo‘llasa, bu farzandlarning tarbiyasi qanday bo‘ladi?! Yoki so‘nggi davrda boshni boshga tegizib, mushtni mushtga urib “shoxlashib salomlashishlar”, yigitlarning o‘pishib ko‘rinishlari na dinimiz talablariga va na milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi?

Ba’zida salomlashishda chala yoki ma’no mohiyati buzilgan ko‘rinishlarga ham duch kelamiz. Jumladan, "assalom", "salom", deyilsa salom chala bo‘ladi, ma’noga putur yetadi. Shu sabab sunnatga ko‘ra chiroyli va mukammal tarzda salom berish, ham odob ko‘rsatish, ham savob qozonish lozim. "Assalomu alaykum", deyilsa, aniq qilib: "Va allaykum assalom", deyish kerak. Bugun ayrimlar orasida urf bo‘lganidek ayrim xarflarni talaffuz etmaslik ma’noni buzib yuboradi. Masalan, "Assomu alaykum" – "sizga halokat tilayman" degani. Unda yomon niyat, qarg‘ish aks etgan.

Xalqimizda: “Beparovolik belni sindirar” degan gap bor. Agar biz bugun  milliy-manaviy qadriyatlarimizga beparvolik qilsak, bir kuni nadomatda qolamiz. Ayniqsa, salomatlik borasida bee’tiborlik qilish, mohiyatni anglamaslik, o‘zlikni idrok eta bilmaslik, muqaddas tuyg‘ularga munosabatda chalg‘ishga yetaklaydi, yoshlarimizning e’tiqodiga ham putur yetkazadi.

Qisqa ma’noda ta’rif berilsa , “salom” yaxshilikning kalitidir. Ertaklarimizda bekorga devlar, yalmog‘izlar tilidan “Haq saloming bo‘lmasa, ikki yalab, bir yutardim”, deyilmagan. Ya’ni, “salom” rahmsizda insof, zolimda shafqat uyg‘otishi barobarida mehru hurmatni oshiradi. Shuning uchun ham mazmunli, chiroyli salomlashish bilan odobimizga ko‘rk qo‘shishimiz, yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.

 

Hasanxon ATOYEV,

Nurota shahridagi “Sayyid Ato” masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Islomda sportga munosabat

19.06.2026   14607   2 min.
Islomda sportga munosabat

Yurtimizda sportga katta e’tibor qaratilmoqda, alhamdulillah. Shu bilan birga, Islom shariatida ham bunga katta e’tibor berilgan.

Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadislari bor.

Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng jismim og‘irlashganida yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “haligi bilan biru bir”, dedilar» (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasi o‘tkazgan ekanlar, subhanalloh.

Bu yugurish musobaqasi paytida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Oisha onamizdan o‘zib ketgan yugurish musobaqada esa, u zotning yoshlari bundan ham katta bo‘lgan. Bu, oilaviy ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanishdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yosh avlodning sog‘lom bo‘lib o‘sishini ta’minlash borasida ota-onalarni farzandlarini badantarbiya bilan shug‘ullantirishga targ‘ib qilganlar.

U zot alayhissalom: Farzandlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar, deganlar.

Yana boshqa bir hadisi sharifda esa: Yozishni, suzishni va otishni ta’lim berish farzandning ota-onadagi haqqidandir, deyilgan.

O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, Islom o‘zining butun borlig‘i bilan harakat dinidir. Unda harakatsiz hech narsa bo‘lmaydi.

Bir vaqt namoz o‘qish uchun inson qanchalar harakat qiladi. Saharda uyqusidan turib, tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qigunicha insonning har bir bo‘g‘ini harakatga tushadi.

Ro‘za ham shunga o‘xshash: saharlikka turiladi, harakat qilinadi, xuftonga qo‘shib yigirma rakat taroveh namozi o‘qiladi. Haj va umra ham asosan qattiq jahd va harakatlardan iborat ibodatlar.

Bularning hammasi sog‘liq uchun foydali ekanini hozirgi paytda musulmon bo‘lmagan insonlar ham yaxshi biladi. Ammo afsuski, biz musulmonlar esa ko‘pchiligimiz sportdan uzoqlashib ketmoqdamiz.

Hech bo‘lmasa nafl namozlarni ko‘paytirsak ham tanamizga anchagina harakat qo‘shgan, shu bilan birga ulkan ajrlarga ega bo‘lamiz inshaalloh. Zero, biz musulmonlar barchaga har sohada (Alloh rozi bo‘ladigan ishlarda) namuna va ibrat bo‘lmoqligimiz lozim.


Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.

 

MAQOLA