Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Buyuk imom...

17.02.2017   9744   14 min.
Buyuk imom...

Jonajon diyorimiz qadim-qadimdan bitmas-tuganmas ma’naviy meroslarni o‘zida  jam etgan, Yer yuzidagi ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan son-sanoqsiz ulamolarni yetishtirgan muqaddas maskan, ilm-ma’rifat beshigi desak xato qilmagan bo‘lamiz. Birgina Termiz shahrini misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, olimlarning olib borgan tadqiqiotlariga ko‘ra Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lgan ulamolar adadi juda ham ko‘p ekani shu zaminda istiqomat qilayotgan har bir kishida iftixor hissini uyg‘otadi.

Termizlik ulamolar haqida gap ketar ekan birinchi bo‘lib Abu Iso at-Termiziy haqida so‘z ochmaslikning iloji yo‘q. Shu boisdan ham u zotning  hayotlari, ilm tahsil qilish yo‘llari va bizlarga qoldirgan boy ilmiy merosi borasida topganlarimizni sizlar bilan baham ko‘ramiz.  

Ismlari: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhokdir.[1]

Ba’zi ma’lumotlarda, Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra ibn Sakan[2] deb keltirilsa, boshqalar Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod deganlar.[3] Alloma Ibn Kasir rahmatullohi alayh ibn Iso deb qo‘shimcha qilganlar.[4]

Ammo allomaning to‘liq va mukammal ismini Muhammad ibn Iso ibn Savradir, deb tarixchi olimlar keltirganlar va shunga ko‘pchilik tomonidan ittifoq qilingan.[5]

U zotning ismiga “Yazid” degan qo‘shimchani Mizziy o‘zining “Tahzib al-kamol” kitobida keltirgan.[6] Biroq, u bu ma’lumotni kimdan olganligini keltirmagan. Undan oldin bobolarining ismlarini keltirgan. Shu ma’lumotlar Ibn Kasirning “Al-bidoya va an-nihoya” asarida ham mavjud.

Nisbalari: Termiziy, Bug‘iy, Zaririy, Sulamiydir.

Termiziy deb nisbat berilishi Termiz shahriga nisbatandir.

Bug‘iy nisbalari esa, Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ bo‘lib, Imom Termiziy u yerda vafot etib, o‘sha joyga dafn etilgani uchun ushbu nom qo‘shilgan.[7]

Zaririy taxallusi alloma umrining oxirlarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganligi uchun qo‘yilgan.

Sulamiy nisbalari mashhur arab qabilalaridan bo‘lgan Sulaym ibn Mansurga nisbatan berilgan.[8] Sulaym ibn Fahm ibn G‘onamga nisbatan emas.  Hofiz Yusuf ibn  Ahmad Bog‘dodiydan naql qilinishicha, allomaning bobolari Marvlik bo‘lib, Abu Lays ibn Sayyor davrida Termizga ko‘chib kelib qolishgan.

Kunyalariga kelsak, Abu Iso ekaniga hech kim ixtilof qilgan emas.

Tug‘ilishlari: Imom Termiziy hijriy uchinchi asrda, aniqrog‘i hijriy 209 yilda tavallud topganlar.

Hofiz Zahabiy “Siyar a’lam an-nubalo” asarida U zotni hijriy 210 yil atrofida tug‘ilgan desalar,[9] Xalil as-Sifdiy esa “al-Vofiy bi al-vafoyot” kitobida “ikki yuz nechanchi (o‘ngacha bo‘lgan sanoqni nazarda tutgan) yilda tug‘ilgan”, deb aytgan.[10]

Hofiz Ibn Asir “Jome’ al-usul” kitobida hijriy 209 yil tug‘ilgan deb aytgan.[11] Mazkur ma’lumotni Muhammad ibn Qosim Jassus hamda Sulaymon Jamal o‘zlarining “Shamoil”ga yozgan sharhlarida, Muhammad ibn Muhammad al-Amir “Fihrist”ida, Muhammad Abdulhay Laknaviy Sayyid Sharif Jurjoniyning “Muxtasar”iga yozgan “Zofar al-amoniy”[12] nomli sharhida keltirganlar.

Imom Termiziyning tug‘ilgan joylari haqida manbalarda aniq ravshan keltirilmagan. Aniqrog‘i U Zot o‘zi nisbat berilgan shaharda tug‘ilganlar. Negaki, u zotning tug‘ilganlik nisbati boshqa hech bir joyga berilmagan, vallohu a’lam.

Imomning ko‘zi ojiz holda tug‘ilgan, degan gapga kelsak, bu gap “Imom Termiziy manoqiblari va imomlarning u zot haqidagi maqtovlari” deb nomlangan qismda Termiziyning zehni o‘tkirligi borasida keltiriladigan qissa sababli yo‘qqa chiqadi. Qissada oq varaqqa qarar edilar, umrining oxirlarida ko‘zlari ko‘rmay qolgan, deb aytilgan. Biz quyida keltiradigan  ulamolarning so‘zlari ham ushbu ma’lumotni to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi:

Hofiz ibn Yusuf  Ahmad al-Bag‘dodiyning: “Imom umrining oxirida ko‘zlari ko‘rmay qolgan”[13], degan.

   Ibn Kasir: “Termiziyning holidan shunisi ayon bo‘ladiki, ko‘zi ojizlik unga (ko‘p) yurgani va tinglagani, yozgani va yodga olgani, tekshirgani va tasnif etganidan so‘ng yetgan”[14], deb aytgan.

   Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniy ham o‘z “Tahzib” nomli asarida keltirgan fikr ham xuddi shundaydir.

Hofiz ibn Hajar Abu Ahmad al-Hokimning shunday deganini naql qiladi: “Umar ibn Ilkning “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vafot etdi. O‘zidan keyin Xurosonda ilm va taqvoda  Abu Isoga teng keladigan merosxo‘r qoldirmadi. (Abu Iso Buxoriyning o‘limi sabab ko‘p) yig‘ladi, so‘ng ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi”, - deganini eshitdim.[15]

Ilm talabi: Boshqa muhaddis ulamolar kabi Imom Termiziy ham ilm talabida ko‘plab shaharlarda bo‘lganlar. U kishi Hijoz, Basra, Kufa, Bag‘dod, Ray, Xuroson yurtlarida hadis eshitgan. Shu ma’noda Hofiz Abu Bakr ibn Nuqta o‘zining “At-Taqyid li ma’rifa ar-ruvvat as-sunan va al-masanid” asarida shuni aytib o‘tgan va ularning ba’zilarini ismini ham keltirgan.

Hofiz Mizziy aytadi: “Termiziy shaharlarga safar qildi va Xurosonliklar, Iroqliklar, Hijozliklar va ulardan boshqa juda ko‘p shayxlardan hadis eshitgan”[16].

Imom Termiziy Misr va Shomga safar qilmagan. Balki, bu yurtlarning shayxlaridan bilvosita rivoyat qilgan. Doktor Nuriddin Itr aytadi: “Misr va Shom shaharlariga Termiziyning kirmagani tasodifan emas. Bunga sabab holatlar va fitnalarning g‘alayoni bo‘lgani bo‘lsa ne ajab!”. Yana qo‘shimcha qilib shunday deydi: “To‘g‘rirog‘i shuki, Imom Termiziy Bag‘dodga ham kelmagan. Agar u Bag‘dodga kirganda buyuk imom Ahmad ibn Hanbaldan hadis eshitgan bo‘lar edi. Lekin Termiziyni u kishidan hadis eshitgani haqida xabar kelmagan. Bu gapni Xatib Bag‘dodiy o‘zining “Tarixi Bag‘dod” asarida Termiziyni zikr qilmaganligidan bilib olamiz”[17]

Bu haqda boshqa qarash ham bor. Ibn Nuqta o‘zining “Taqyid” asarida imom Termiziy Bag‘dodda Hasan ibn Saboh, Ahmad ibn Hasson ibn Maymun, Ahmad ibn Mani’, Muhammad ibn Is'hoq as-Sog‘oniydan hadis rivoyat qilgan.

Ustozlari. Imom Termiziy juda ham ko‘p shayxlardan hadis rivoyat qilganlar. Agar Termiziyning hadis rivoyatidagi qaysi shaharlarga safarlari sahifalarini varaqlasangiz, u kishining shayxlari ikki yuzlab bo‘lganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

 Imom Buxoriy va Imom Muslimlarga bitta shayx (ustoz)da sherik bo‘lgan. Shuningdek, Imom Buxoriyning o‘ziga bir qancha shayx (ustoz)larda, Imom Muslimga esa boshqa Imom Buxoriy ulardan hadis tinglamagan bir necha shayx (ustoz)larda sherik bo‘lgan. Shu bilan birga, Imom Termiziy beshta muhaddisdan alohida holda o‘zi yakka qirq ikkita shayxdan rivoyat qilgan.

Imom Termiziy beshta mashhur muhaddis – imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojalar ulardan rivoyat qilgan to‘qqizta shayxdan hadis aytgan. Ular:

Muhammad ibn Bashshor Nabdor,  Muhammad ibn Musniy Abu Muso, Ziyod ibn Yahyo al-Hasaniy,  Abbos ibn Abdulazim al-Anbariy,  Abu Sa’id al-Ashah Abdulloh ibn Sa’id al-Kindiy,  Abu Hafs Amr ibn Ali al-Falloh, Muhammad ibn Mu’ammar al-Qaysiy al-Bahroniy, Ya’qub ibn Ibrohim ad-Davroqiy, Nasr ibn Ali al-Jahzomiylardir.

Imom Termiziy Imom Buxoriyga shogird tushib, Uzotdan ham hadis rivoyat qilgan.

Imom Abu Iso Termiziy ilm uchun safarbar qilingan, hadis ilmini egallash va yozib qoldirish istagida safarlar bilan kechgan mazmunli umrdan so‘ng hijriy 279 yil, rajab oyida Termizga qarashli, undan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bug‘ qishlog‘ida Robbilari huzuriga rihlat qildilar.

Ulamolarning u zot haqida aytilgan so‘zlari:

Abu Sa’d al-Idrisiy al-Hofiz aytadi:  “Muhammad ibn Iyso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhak as-Sulamiy  al-Hofiz az-Zarir (ko‘zi ojiz) Termiziy  hadis ilmida ergashiladigan imomlardandir. Jome’, tarix, ilal borasida yozgan asarlari haqiqiy mohir olim kishining kitobidir. U kishining xotiralari zarbul masal qilingan”.

Hofiz Abu Ya’lo al-Xoliliy: “Abu Iso.... ishonchli, unga (ulamolar tomonidan) ittifoq qilingan. Omonatdorlik va ilmi bilan tanilgan”, degan.

As-Sam’oniy shunday deydilar: “U shubhasiz, o‘z asrning tengi  yo‘q imomidir.

Ibn Asir Jazariy aytadilar: “U Imom Hofiz edi. Va chiroyli tasniflari bor edi. Hadis fani bo‘yicha kitoblari ko‘p bo‘lib ulardan mashhuri “Al-jome’ al-kabir” kitobidir”.

Yana aytadilarki: “(U zot) mashhur hofiz olimlardan biridir. Va fiqhda  ham zabardast edilar”.[18]

Abul Fido aytadilar: “U  Hofiz, imom, shu qatorda ko‘zi ham ojiz edilar. Hadis ilmida unga ergashiladigan ulug‘ imomlardan edi”.[19]

Hokim Abu Ahmad aytadilar: “Umar ibn Ilkning bunday deganlarini eshitdim: “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vafot etdi. O‘zidan keyin Xurosonda ilm va taqvoda  Abu Iso (imom Termiziy)ga teng keladigan merosxo‘r qoldirmadi . (Abu Iso Buxoriyning o‘limi sabab ko‘p) yig‘ladi, so‘ng ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi”.[20]

Abu Fazl Al-Baylamoniy aytadi: “Nasr ibn Muhammad ash-Sherkuhiyning: “Men Muhammad ibn Iso at-Termiziyning Muhammad ibn Ismoil menga sen mendan foydalanganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim, dedilar”,- deganlarini eshitdim”-degan.[21]

Abu Xotam ibn Hibbon: “Termiziy  hadislarni jamlagan, yozgan, ularni yodlab aytib berguvchi zokirlardan edi”,- degan.[22]

Is’ardiy aytadilar: “Abu Isoning ko‘p fazilatlari bo‘lib, ular boshqalar tomonidan to‘planib, rivoyat qilingan va ko‘pchilik bu xabarlardan voqif edi. Uning kitobi maqbul, boblari va fasllarida keltirilgan hadislar sahih ekanligiga ulug‘ olimlar, fazilatli shayxlar, faqihlar va o‘z ilmining bilimdoni hisoblangan hadis hofizlari ittifoq qilgan besh kitobning biridir”.[23]

Hofiz Abul Hajjoj al-Mizziy  aytadi: “Abu Iso mashxur hofiz imomlaridan biri va Alloh u bilan musulmonlarni foydalantirgan insondir”.[24]

Abu Ja’far ibn az-Zubayr aytadi: “Hadis faniga oid ilmlarda Termiziyga biror kimsa tenglasha olmagan”.[25]

Mulla Ali al-Qoriy: “(U zot) Hujjat (deb nomlangan, aytgani surishtirilmasdan dalil bo‘ladigan) yagona imom. Ishonchli, mohir hofizdir”,[26]- deb aytgan.

Ibn Ammod al-Hanbaliy Termiziy haqida: “Ibn Iso zamondoshlari orasida eng mashxur, kuchli xotira va mohirlikda esa mo‘jiza edi”[27], deganlar.

Olimlar va hofizlar tomonidan Imom Termiziy haqidagi aytilgan bu maqtovlar  u zotning hadis ilmida poyqadami qutlug‘, yurgan yo‘li to‘g‘ri, tabarruk, salafi solihlarning ishlarini puxta va ishonchli egallagani va bundan tashqari taqvo va zuhdda tengsiz ekaniga ulamolar ittifoq qilganini ko‘rsatib beradi. Imom Buxoriydek muhaddislar sultonining Imom Termiziydan hadis rivoyat qilgani va“Sen mendan foydalanganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim”, degan so‘zlari Imom Termiziyning martabalari naqadar baland ekaniga dalolatdir.

Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va Termiziy taxallusi bilan ijod qilganallomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadidaO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori avvalo xalqimiz, qolaversa barcha ilm ahllariga quvonchli xabar bo‘ldi. Mazkur o‘z vaqtida chiqarilgan Qaror ulug‘ ajdodlarimiz va ularning ilmiy merosini tadqiq qilish va abadiylashtirish yo‘lida barcha ilm ahllariga  kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi, degan umiddamiz.

Jaloliddin Hamroqulov

Toshkent islom instituti “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri

 

[1]“Fazoilul-kitob al-jome’”, 96 b; Tahziybul-kamol, 26/250.

[2]“Tahziyb at-tahziyb”,  9/387.

[3]“Al-irshod ila ma’rifatil-ulamoil-hadis”, 3/904; “al-Ansob”, 2/361; 3/41

[4]“Al-bidoya van-nihoya”, 11/66

[5]Ibn Hibbonning “as-siqot” asari 9/153, Suyuutiyning “tobaqotul-huffoz” asari 282.

[6]“Tahziybul-kamol”, 26/250.

[7]“Al-Ansob” 2/361; “An-nafhush-shaziy” 1/167

[8]“Al-Ansob” 7/170,171;  “An-nafhush-shaziy” 1/171.

[9]“Siyaru a’lamin-nubalo” 13/371

[10]“al-Vofiy bil-vafoyot” 4/290

[11]“Jome’ul-usul” 1/193

[12]“zofarul-amaniy”,  555-b.

[13]“Fazoilul-kitabil-jome’”, 40-b, “Tahziyb at-tahziyb”,9/389

[14]“Al-bidoya van-nihoya”, 11/67

[15]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389

[16]“Tahzibul-Kamol” 26/250/251.

[17]“Imom Termiziy” asari, 23-bet.

[18]“Jome’ul-usul”, 1/114.

[19]“Al-muxtasar”, 1/71.

[20]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389, yana “Tazkirotul-huffoz” va “Siyaru a’lamin-nubalo” kitoblaridagi Imom Termiziyning tarjimayi hollarida ham kelgan.

[21]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389

[22]“As-siqot” 9/103

[23]“Fazoilul-kitab al-jome’”, 30-b.

[24]“Tahziybul-kamol” 26/250.

[25]“Qutul-mug‘taziy” 6-b.

[26]“Al-mirqotul-mafotih” 1/21.

[27]“Shazarotuz-zahab”, 2/174.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ka’ba kalitining tarixi

07.07.2025   2651   3 min.
Ka’ba kalitining tarixi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:

«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).

Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).

Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.

Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.

Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.

Maqolalar