Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr-savoblar bo‘lishi xabarini bergan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining ushbu yangi kitobida musulmonlar hayotida sadaqa va xayr-ehsonning o‘rni va bu yaxshi amalning fazilatlari haqida so‘z yuritiladi. Musannif sadaqa, xayr-ehsonga targ‘ib qilingan Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarni keltirish bilan birga, ularni keng sharhlaydi. Solih salaflar, ajdodlarimiz hayotidan bu boradagi ibratli voqealarni hikoya qiladi.
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati