Islom olamida mo‘tabar bo‘lgan ulamolardan biri, shubhasiz, Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Abu Abdulloh Zahabiy Shofe’iydir.
Imom Zahabiy hijriy 673 yili Suriyaning Damashq shahrida tavallud topganlar.
«Zahabiy» taxallusi u kishiga otalarining kasbiga nisbatan berilgan bo‘lib, «zargarning o‘g‘li» degan ma’noni anglatadi.
Hadis ilmi bilan 18 yoshdan shug‘ullanishni boshladilar, Ba’labakka, Hims, Hama, Aleppo, Tripoli, Nabulus, Ramla, Qohira, Iskandariya, Quddus, Hijoz kabi jami o‘ttizta shaharda bo‘ldilar. Ilm tahsili uchun juda ko‘p olimlarning xizmatida turdilar. Ibn Zahiriy, Abarquhiy, Shayxul-Islom Ibn Daqiq Iyd (Imom Zahabiy u kishining oldiga ilm o‘rgangani kelganida, imtihon qilib: «Abu Muhammad Hiloliy kim?» deb so‘ragan, Imom Zahabiy: «Sufyon ibn Uyayna», deb to‘g‘ri javob bergach, Ibn Daqiq Iyd u zotni shogirdlikka qabul qilgan), davrining yetuk hadisshunos olimi Sharafiddin Dimyatiy, Jaloliddin Abu Ma’li Ansoriy kabi olimlardan hadis va fiqh ilmini o‘rgandilar. So‘ng Damashq shahriga qaytib, hadis ilmidan dars berdilar, islom olamida nomlarini mashhur etgan kitoblarini yozdilar.
73 yoshda ko‘z nuridan ayrildilar va ikki yildan so‘ng foniy dunyoni tark etdilar. Uchta farzandi bor edi: qizining ismi Amat Aziz va o‘g‘illari Abdulloh bilan Abu Hurayra Abdurahmon. Abdurahmon keyinchalik hadis ilmi peshvosiga aylanib, Ibn Nasriddin Damashqiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlarga dars berdi, otasidan eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qildi.
Imom Zahabiy 75 yil umr ko‘rdilar, islom olamida hadis ilmining sultoni, qomusiy ilmlarga ega tarixchi, shajarashunos va shayxul islom sifatida nom qozondilar.
Imom Zahabiyning mashhur asarlari:
Imom Zahabiyning qirqqa yaqin asarlari bo‘lib, ularning ichida eng ko‘p tarqalgani, shubhasiz, «Kaboir» kitobidir. Qur’on va hadisda tilga olingan, had-jazo belgilangan, Alloh taolo va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam la’natlagan gunoh ishlar ushbu kitobda batafsil yoritilgan.
Inson yomon va munkar ishlarni qolmasligi uchun uni yaxshilab tanib olishi kerak. Ushbu kitob bizga bu borada katta yordam beradi. To‘g‘ri, oldin ham katta gunohlar haqida ba’zi risolalar chop etilgan. Lekin biz Alloh taoloning: “Va eslatgin. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur”[1], degan oyatiga amal qilgan holda eslatmoqchimiz xolos.
Alloh taolo bandalari katta gunohlardan saqlansa, mayda-kichik gunohlarini kechirishini aytgan. O‘qiyotgan besh vaqt namozimiz, tutayotgan ro‘zamiz, juma namozlarimiz ham, gunohi kabiralardan saqlanar ekanmiz, kichik gunohlarimizni yuvib turadi. Shuning uchun kabiralardan saqlanmog‘imiz, mabodo, beixtiyor ulardan birortasini sodir etib qo‘ysak, tavba va pushaymonlik o‘ti ila uni kuydirmog‘imiz lozim. Gunohlardan chekinish va ulardan poklanish yo‘lida ushbu kitob o‘quvchilarga zarur qo‘llanma bo‘ladi insha Alloh. Uni o‘qib, uqib, nafsida naf topganlar avvalo Imom Zahabiy hazratlarining haqlariga duoi xayrlar qilgaylar.
Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Barchamizga U zotning huzuriga gunohlarsiz, pok holda borishimizni nasib aylasin.
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Davomi bor...
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
[1] Zariyat, 55.