Insoniyat yashash davomida ezgu maqsadlarga yetish uchun doimo izlanadi va harakatda bo‘ladi. Ezgu maqsadli inson orzu-umidini amalga oshirishi uchun eng katta tayanch tinchlik va osoyishtalik muhitidir. Odatda, tinchlik so‘zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimini bir me’yorida bo‘lishini ifoda etadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, oila bardavom va mustahkam. El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo‘ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog‘liqdir. Xalqimiz tinchlik va osoyishtalikni istab kundalik hayotida qator diniy va milliy fazilatlarni amalga oshiradi. Jumladan: ular ko‘rishganida salom beradi. Bu bir-birlariga tinchlik, omonlik tilash ramzidir.
Duo qilsa, Yaratgandan xonadonlarimizni tinch, yurtimizni obod qilgin deb yuziga fotiha tortadi.
Har bir yaxshilik, ezgulik ustida tinchlik bo‘lsin deya, kelajak uchun yaxshi niyatlar qiladi.
To‘y-to‘novlarda to‘ylar bo‘laversin deydi,chunki to‘y tinch va farovon kunlar bois o‘tadigan tantanadir.
Oilada yangi mehmon tug‘ilsa, go‘dakka uzoq umr, baland martaba, uning baxtiga tinchlik, ikki dunyo obro‘si va baxt-saodat bersin deb iltijo qiladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo‘layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo‘tabar ne’mat yo‘q. Darhaqiqat, Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo‘lsa, to‘y-tomosha, ko‘ngilxushlik, hazil-mutoyiba, hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og‘irlik qiladi. Aytishlaricha, notinchlik, urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod odam hayotdan ko‘z yumgan.
Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, har qanday ezgu amallar, ulug‘ maqsadlar poyoniga yetmaydi. Yer qanchalik keng bo‘lishi bilan shunchalar tor va ziq ko‘rinishga mubtalo bo‘ladi. Demak, xotirjamlik, osoyishtalik ne’matini so‘rashda dono xalqimiz nechog‘lik to‘g‘ri va go‘zal yo‘l tanlagan. Muqaddas dinimiz dasturi bo‘lmish Qur’on oyatlarida tinchlik-osoyishtalikka katta e’tibor qaratilib, Alloh taolo: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro, 83) deb, tinchlik-osoyishtalik to‘g‘risida marhamat qiladi.
Alloh taolo bandalarini o‘zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”. (Hujurot, 9) degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.
Jannatmakon yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta’minlash yo‘lida davlatimiz tomonidan katta ish olib borilayotgani bizning baxtimizdir.
Shunga ko‘ra biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, bu farovonlik, osuda turmushimizning barqarorligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Bu orqali turmushimiz farovonligiga erishamiz.
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne’mat bor-u, ko‘plar buning qadriga yetishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlargaaniqdushmandir” (Baqara, 208).
Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. Qur’on nozil bo‘lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (Qadr, 5).
Dinimizning tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta bo‘lishi bilan bir qatorda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan his etadi.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim. Zero, tinchlik va xotirjamlikning ulug‘ ne’matligi doimo kundalik xayriyatlarimizning boshida zikr qilinadi. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhissalom eng avvalo inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo‘lishni so‘rab, duo qilish to‘g‘risida Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko‘ra afzalroq duo yo‘qdir” dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Aynan shu mazmunni Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lishni so‘ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lish berilsa, najot topibsan” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Demak shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror qilsin. Jannatmakon yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Abdulhay TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.