Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabiradir

10.02.2017   8985   9 min.
Ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabiradir

Ota-onaga oq bo‘lish so‘zi “osiy bo‘lish”, “qarshi chiqish” ma’nolarini anglatadi.  Har bir farzand zimmasida ota-onaga ehtirom ko‘rsatish, ularning xizmatlarini qilish mas’uliyati bor. Sog‘lom inson tabiati ham taqozo etadigan bu mas’uliyatning ahamiyati shariatda ham bayon qilingan. Shu ma’noda ota-onaga oq bo‘lish eng ulkan gunohlardan ekani xabar berilgan. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (solallohu alayhi va sallam): “Gunohi kabiralar Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va biror kishini o‘ldirish va yolg‘on qasamdir”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisi sharifda eng katta gunoh bo‘lgan Allohga shirk keltirishdan keyin ota-onaga oq bo‘lish ekani aytilgan. Bu esa ota-onaga osiy bo‘lish naqadar ulkan gunoh ekaniga dalolat qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda ota-onaga oq bo‘lgan farzand jannatga kirmasligi xabar berilgan: Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (solallohu alayhi va sallam): “Minnat qiluvchi (yaxshilik qilgan kishisiga faxr va kibr qiluvchi) va ota onasiga oq bo‘luvchi va xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichishda bardavom bo‘luvchi jannatga kirmaydi”, dedilar” (Imom Nasaiy rivoyati).

Boshqa hadisda esa, ota-onasi hayotlik vaqtida ularni rozi qilishga urinish ahamiyati bunday bayon qilingan: Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: «Burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin”, deyayotganlarini eshitdim. "Kim, ey, Rasululloh?", deyildi. U Zot: "Kim ota-onasining ikkovi yoki bittasi yoshi katta bo‘lganda, ularga yetsa-yu, so‘ngra jannatga kira olmasa", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Demak, ota-onaga xizmat qilish farzand uchun jannatga kirish sabablaridan biri ekan.

Ota-onaga oq bo‘lishga sabab bo‘ladigan ishlar juda ham ko‘p bo‘lib, ayrimlari hadisi shariflarda bayon qilingan. Ular quyidagi gunohlardir:

  1. Ota-onasini so‘kish ham gunohi kabiralardan sanaladi.

Ularni so‘kish ikki xil bo‘lishi mumkin:

a) farzand ota-onasini to‘g‘ridan to‘g‘ri haqoratlab, uni so‘kishi mumkin. Bu holat juda ham kam uchrashi mumkin;

 b) o‘z ota-onasini ochiqdan-ochiq so‘kmaydi, balki, birovning ota-onasini so‘kadi va uni la’natlaydi, natijada, ular ham buning ota-onasini so‘kadi. U birovlarni so‘kishi bilan o‘z ota-onasini so‘kkan hisoblanadi. Bu holat esa, odamlarning orasida ko‘plab uchraydi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan. Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (solallohu alayhi va sallam): "Kishi ota-onasini haqorat qilishi gunohi kabiralardandir", deb aytdilar. Ular: "Ey, Rasululloh! Kishi o‘z ota-onasini ham haqorat qiladimi?" deb aytdilar. U zot:  "Ha, u bir kishining otasini so‘kadi, u ham uning otasini so‘kadi va u uning onasini so‘kadi, natijada, u ham uning onasini so‘kadi", dedilar»(Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda bunday deyilgan: Urva ibn Iyozdan rivoyat qilinadi: U Abdulloh ibn Amr ibn Osning: “Kishi otasiga so‘kish olib berishi Alloh taolo huzurida katta gunohlardandir”, deganini eshitgan. (Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).

Shunga ko‘ra, musulmon kishi hech kimning ota-onasini so‘kmasligi kerak, aks holda bu ishi bilan o‘z ota-onasini so‘kkan bo‘lib qolar ekan.

  1. Ota-onaga la’nat aytish ham gunoh ish bo‘lib, kim ot-onasiga la’nat aytsa, Alloh taolo unga la’nat aytadi.

Ota-onani la’natlash ham ikki xil bo‘ladi:

a) farzand o‘z ota-onasiga la’nat so‘zlarini aytishi;

b) u boshqalarni yomonlik qiladi, ularga la’nat aytib, haqorat qiladi. Natijada, boshqalar tomonidan buning ota-onasiga la’natlar aytiladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abu Tufayldan rivoyat qilinadi: U: «Aliy (roziyallohu anhu)dan: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sizlarga bir narsani xoslab berganlarmi?” deb so‘raldi. U: “U zot insonlarning hammasiga tarqalmagan narsalarni bizga xoslab bermaganlar, faqatgina qilichim qinidagi narsa bor”, dedi. “Allohdan boshqa uchun jonliq so‘yganni Alloh la’natlaydi va yer belgilarini o‘g‘irlagan kishini Alloh la’natlaydi va otasini la’natlagan kishini Alloh la’natlaydi va bid’atchiga joy bergan kishini Alloh la’natlaydi, deb yozilgan bir sahifani chiqardi», deb aytdi (Imom Ahmad rivoyati).

Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida kelgan rivoyatda: “Ota-onasini la’natlagan kishini Alloh la’natlaydi”, deyilgan.

Shunga ko‘ra, ota-onaga la’nat olib keladigan barcha ishlardan saqlanish lozim bo‘ladi.

  1. Ota-onani yig‘latish ham gunohi kabiralardan sanaladi. Bu haqida quyidagi rivoyatni keltirishimiz mumkin: Taysaladan rivoyat qilinadi: U Ibn Umar (roziyallohu anhu)ning: “Ota-onani yig‘latish ularga oq bo‘lish va gunohi kabiralardandir”, deganini eshitgan ekan (Imom Buxoriy "Adabul mufrad" kitobida rivoyati).

Demak, farzand ota-onasini qalbini ranjitadigan va ularning yig‘lashiga sabab bo‘ladigan barcha ishlardan saqlanishi lozim.

Ota-onaga oq bo‘lish shu darajada og‘ir gunohki, Alloh taolo uning jazosini shu dunyoning o‘zidayoq  tezlashtirib beradi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan. Abu Bakr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: "Alloh taolo har bir gunohdan xohlaganini (ya’ni, jazosini) qiyomat kuniga kechiktiradi. Ota-onaga oq bo‘lish bundan mustasnodir.  Zero, Alloh taolo uni (ota-onaga oq bo‘lishni) egasiga  o‘limdan oldin, shu dunyo hayotidayoq (uning jazosini) tezlashtiradi”, deganlarini eshitdim» (Tabaroniy rivoyati).

Shunga ko‘ra, har bir farzand ota-onasini doimo hurmat qilishi, ularni qalbini og‘ritib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishi lozim. Zero, ularga qilingan har bir xatti-harakat mukofot yoki jazosiz qolmasligini esdan chiqarmaslik kerak.

Shuningdek, ular bilan yurganda ularning oldida yurmasligi, o‘tirishda ulardan oldin o‘tirmasligi va ularning ismini aytib chaqirmaslik ham muhim odoblardan hisoblanadi. Bu haqida ulug‘ sahobalardan biri bunday degan: Hishom ibn Urvadan, uning otasidan yoki undan boshqadan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra (roziyallohu anhu) ikki kishini ko‘rdida, ularning biriga: "Bu senga kim bo‘ladi", deb aytdi. U kishi: "Otam", deb aytdi. Abu Hurayra: "Uni ismi bilan chaqirmagin, uning oldida yurmagin va undan oldin o‘tirmagin", deb aytdi» (Imom Buxoriy "Adabul mufrad" kitobida rivoyat qilgan).

Har bir farzand doim ota-onasining yaxshi duolarini olishga intilishi va ularning yomon duolariga duchor bo‘lib qolishdan saqlanishi kerak. Zero  ota-onaning farzandi uchun har qanday duosi ijobat bo‘ladi.

Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (solallohu alayhi va sallam): “Uchta duo qabul bo‘ladi. Ularda shak yo‘q: mazlumning duosi, musofirning duosi, otaning farzandining ziddiga duosi”, dedilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan).

Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida kelgan rivoyatda: “Ota-onaning farzandining ziddiga qilgan duosi”, deyilgan.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, har bir farzand ota-onasining  haqlarini ado etish harakatida bo‘lishi lozim. Hayotlik vaqtlarida xizmatlarini qilib duolarini olishga intilish kerak bo‘ladi. Zero farzand ota-onasining xizmatini qilib jannatga kirishi mumkin bo‘lgani kabi, ularni norozi qilish bilan buni aksi bo‘lishi ham mumkin.

 Barchamiz ota-onamizning bizga qilgan yaxshiliklarini esdan chiqarmaylik. Xususan, go‘daklik va bolalik chog‘imizda bizga ko‘rsatgan mehribonliklarini zinhor unutmaylik. Biz yosh va zaif bo‘lgan paytimizda ular bizga parvona bo‘lishdi. Kasal va ojiz paytimizda ular bizga mehr ko‘rsatishdi. Buni hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Endi biz ham ularga shunday parvona bo‘laylik. Bor mehrimiz bilan ularga xizmat qilaylik. Alloh barchamizga ota-onamizni rozi qilib, ularning duolariga sazovor bo‘lishimizni nasib aylasin.

 

Shokirjon MADAMINOV,

 “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom

bilim yurti o‘qituvchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

23.12.2024   7   7 min.
Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.

Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).

Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.

Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.

Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».

 

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.

Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.

Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.

Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam bunday deganlar: «Erkak erkakning, ayol ayolning avratiga qaramasin. Erkak erkak bilan bir matoga o‘ranib olmasin, ayol ayol bilan bir matoga o‘ranib olmasin» (Imom Muslim rivoyati).

 

Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.

Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.

Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)

Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:

«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).

Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:

«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).

Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.

Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).

Avratga qarash ham zinoning bir turidir. Erkakning, ayolning avratiga qaraydigan kimsalarga qanday jazo berilishi quyidagi oyatlarda aytilgan: «(Mo‘minlar) Allohdan boshqa hech qanday ilohga ibodat qilmaydilar; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirmaydilar; zino qilmaydilar. Kim bu ishlarni qilsa, uqubatga duchor bo‘ladi. Qiyomat kuni ularning azobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, ular u yerda xor bo‘lib, abadiy qoladi. Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir» (Furqon surasi, 68-70-oyatlar).

Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.

Maqolalar