Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Kelin va kuyovga yetarli guvohlar ishtirokida nikoh o‘qilsa-yu, lekin qandaydir sabablar bilan guvohlar kelin va kuyovning nikohning tuzilishiga roziliklari haqidagi gaplarini eshitmay qolgan bo‘lsa, o‘qilgan ushbu nikoh bog‘lanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Nikoh vaqtida guvoh sifatida balog‘atga yetgan musulmonlardan kamida ikkita erkak yoki bir erkak va ikki ayol bo‘lishi, shart hisoblanadi. Shuningdek, mazkur nikohning durust va haqiqiy bo‘lishi uchun ushbu guvohlar kelin va kuyovning iyjob va qabulini, ya’ni ularning mazkur nikohga roziliklarini bildiruvchi so‘zlarini eshitishlari ham lozim bo‘ladi.
Guvohlar nikohda ishtirok etsalar-u, ularning gapini eshitmasalar yoki faqat bir tomonning gapini eshitsalar yo bir guvoh kelinning boshqa guvoh kuyovning gapini eshitib, narigining gapini eshitmasa, nikoh durust bo‘lgan hisoblanmaydi. Bunday holatda nikohni qayta o‘qish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.