Yurtimiz o‘zining shonli tarixi, olamga dong‘i ketgan, butun dunyo ilm ahliga ta’lim bergan buyuk farzandlari bilan mashhur. Uning bag‘ridan olimlar, shoirlar, muhaddis-u lug‘at bilimdonlari, iste’dodli amiru, lashkarboshilar yetishib, nufuzini yuqori ko‘tarib kelgan.
Bu xalq vakillari shoirman deb davlat ishlaridan, shohman deb san’at va adabiyotdan chetda bo‘lib qolmay, bil’aks ham, din ham davlat, ham san’at bilan bir vaqtning o‘zida mashg‘ul bo‘lganlar.
Xalqimizning ana shunday vakillaridan biri o‘zbek xalqining buyuk farzandi, yirik mutafakkir, shoir va olim, davlat arbobi Alisher Navoiy hazratlaridir. U milodiy 1441 yil 9 fevral, hijriy 844 yil o‘n yettinchi ramazonda Xuroson davlatining yirik shahri Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida istiqomat qiluvchi ziyoli, xon saroyida xizmatda bo‘lgan G‘iyosiddin Kichkina oilasida dunyoga keladi.
Alisher bolaligidanoq o‘zining o‘tkir zehni, ziyrakligi xushxulqi va xushfahmligi bilan tengdoshlari orasida alohida ajralib turgan. Alisher 3-4 yoshidayoq she’r eshitish she’r o‘qish va yodlashga qiziqadi. Alisher 12 yoshida otasidan yetim qoladi va Xuroson podshohi Abdulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. Abulqosim Bobur adabiyot va sanatni juda sevar ijodkorlarni qadrlar o‘zi ham o‘zbek va fors tillarida g‘azallar yozar edi. Ma’rifatparvar hukmdor Alisher o‘z tarbiyasiga oladi. She’riyat ahli unga “zullisonayn – ikki til egasi” laqabini berdilar. Navoiy taxminan 18 – 19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Navoiyning bilim saviyasi, qobilyati va she’riy iqtidoridan xursand bo‘lgan Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi. Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasida shogird va ustozlik munosabatlari yanada mustahkamlanadi.
Alisher 1466 yilda Samarqandga keladi va u yerda dastlab moddiy qiyinchilikda yashaydi. Shunga qaramay, Samarqand madrasalarida tahsil oladi, ilm fan, adabiyot va san’at ahli bilan tanishadi. O‘zining iqtidori, qobiliyati bilan tez orada obro‘ va e’tibor qozonadi.
1469 yil Husayn Boyqaro taxtni yegallagach, Alisher Navoiyni Hirotga o‘z yoniga taklif qiladi. Navoiy Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan “Hiloliya” qasidasini bitadi.
Husayn Boyqaro uni muhrdorlik vazifasiga tayinlaydi. Keyinchalik (1472) bosh vazir lavozimiga ko‘taradi, unga “Amiri kabir” unvonini beradi. Navoiy o‘zining olijanob va eng yuksak orzulari – xalqqa xizmat qilish, mamlakat osoishtaligini saqlash, hokimiyatni mustahkamlash, fan va adabiyot, obodonchilik madaniyatini rivojlantirishdek ulkan ishlar qanchalik og‘ir va mas’uliyatli bulmasin ularni katta mehr-muhabbat va ulug‘vorlik bilan amalga oshirdi.
Alisher Navoiy yurt uchun, raiyat manfaatini ko‘zlab o‘z orzulari, shaxsiy manfaatlarining bahridan kechgan. Alloh taologa muhabbati cheksiz, Uning Ka’basini ko‘rishga orzumand shoir umri armon bilan o‘tadi. U Ka’bani ziyorat qilish, haj amalini bajarib kelish uchun Husayn Boyqarodan uch marta izn so‘raydi. Ammo, toj-u taxt uchun doimiy kurashlar bilan ovora shoh agar Siz bu yurtdan ketsangiz, o‘g‘illarim menga qarshi isyon qiladilar. Siz shu yerda ekansiz, ular bu ishga botinmagay, deb, Navoiyga ruxsat bermaydi. Shoh amrini vojib bilgan, yurti uchun jonini fido aylagan hassos shoir, o‘zining eng katta orzusini xalq uchun, behuda qon to‘kilmsligi yo‘lida qurbon qiladi. U “Ixlosiya” madrasasi “Xulosiya” xonaqohi, “Shifohiya” tabobatxonasi, Jome masjidi, “Dorul hoffoz” Qiroatxona va shunga o‘xshash boshqa o‘nlab binolar qurdirdi.
1476 yili ig‘volardan qattiq charchagan Alisher Navoiy vazirlikdan istefoga chiqib, ijod bilan shug‘ullanish maqsadida podshodan izn so‘raydi. Sulton noiloj uning iltimosini qondiradi.
1483-1485 yil davomida “Xamsa” asarini yozib tugatadi. 1491–1492 yillarda u o‘zbek tilida yozgan hamma she’rlaridan yaxlit bir devon tuzishga kirishdi. Alisher Navoiy “Tarixi muluki ajam”, “Tarixi hukamo”, 1491 yilda “Majolis un-nafois” tazkirasini yaratdi.
Alishnr Navoiy 1501 yil 3 yanvarda og‘ir betoblikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumdi.
Xayrullo MARDONOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.