So‘nggi paytlarda “Ozodlik” radiosi haqida butun insoniyat hozirda keng foydalanayotgan internet tarmog‘i orqali ba’zan-ba’zan asossiz fitnalar, mish-mishlar, bo‘hton va uydirmalarni eshitib qolamiz, eshitgan odamlar ham hech qanday ijobiy munosabat bildirmay, afsus bilan bir xo‘rsinib qo‘ya qoladi.
Men Andijon viloyatidanman, bir masjidda imom-xatibman. Imom-xatiblik faoliyatimni boshlaganimdan buyon nafaqat mehrobda balki, tashkilotlar, muassasalar, ta’lim dargohlari shuningdek, matbuot va internet saytlarida ham muqaddas dinimizga oid ma’rifiy islom targ‘ibotini olib bormoqdaman. Bu Allohning bergan ulkan ne’mati deb bilaman va biz bunga istiqlol tufayli erishdik. Yurt va Vatan ozodligi, istiqlol uchun jon fido qilganlardan Allohning o‘zi rozi bo‘lsin. Istiqloldan oldin matbuotda din haqida bir satr tugul din degan so‘zni yozish mumkin emas edi. Faqat dinni qoralash uchungina bo‘lishi mumkin edi, xolos. Ushbu maqola ham o‘z ijodimdan bir namuna. Chunki, jamiyatda bir illat paydo bo‘lsa, yoki biror xunuk ish avj olsa, amri ma’ruf va nahiy munkar farz bo‘lgani yuzasidan albatta imkon qadar undan odamlarni qaytarishga harakat qilaman, bu xislat va harakat birgina mening emas, balki butun O‘zbekiston diyorida ishlayotgan imom-xatiblar va barcha diniy xodimlarning bosh maqsadidir.
Mavzuni “Ozodlik” radiosidan boshlashimning 2 ta asosiy sababi bor. Birinchi sababini yuqorida qisqacha bayon qilib o‘tdim. Chunki, doimo fitna bilan yashaydigan, bo‘hton bilan nafas oladigan, xalq o‘rtasiga nifoq urug‘ini sochadigan bu radioga anchadan buyon raddiya berishni o‘ylab yurardim. Panada turib tosh otish, o‘zbekning, mo‘minning ishi emas. Ming afsuski, ming hijolatga qo‘yadigan jihati, o‘sha diyorning narigi chetida turib, o‘zbek tilida o‘zbek xalqiga, O‘zbekistonimga tosh otayotganlarida qalbimda bir o‘y meni qiynaydi, bular haqiqiy o‘zbek emas, o‘zbek tilini o‘rgangan fitnachilar deyman. Chunki, tomirida o‘zbek millatining qoni oqayotgan haqiqiy o‘zbek farzandi ona yurtiga tosh otmaydi. Bunga tarixdan ko‘p misollar bor. “Ozodlik”dagilar bu tarixiy shaxslarni bizdan yaxshi biladilar. Lekin, ular bu buyuk siymolarga avlodlik da’vosini qilishga haqqi yo‘q. Chunki, ularning zurriyotlaridan vatan xoinlari chiqishlari aslo mumkin emas. Men bunga aminman. Ajdodlarimizning vatanparvarligiga shak-shubham yo‘q. Biroq hozirgi zamon o‘zbek farzandlari ham mana shu ajdodlariga munosib farzandlardir. Men bunga ham bir o‘zbek farzandining hayotidan misol keltirmoqchiman.
Maktabda o‘qiyotgan chog‘larimda adabiyot fani darsida o‘qituvchimiz bir o‘zbek shoirini, hozir ismi aniq esimda yo‘q, vatanga bo‘lgan muhabbatini aytib berdi. Vatandoshimiz Kanadaga xizmat safari bilan ma’lum muddatga borgan. Xizmat safari tugagach, O‘zbekistonga qaytishdan oldin unga kanadalik sheriklari, hamkasblari, biror joyga safarga chiqishdan oldin qilinadigan kanadacha urfni o‘rgatishmoqchi bo‘lishgan. Ularni odatiga ko‘ra “kishi biror safarga chiqmoqchi bo‘lsa, dunyo xaritasidan, o‘sha joyni topib, igna sanchishi lozim ekan, shunda u bexatar ko‘zlagan manziliga yetib oladi”,- degan fikr bor ekan. Vatandoshimizni chaqirishib, uni xarita oldiga tik turgizishib, qo‘liga ignani berishib, o‘zlarining amallarini tushuntirishibdi, shunda vatandoshimiz, ignani qo‘liga olgan holda xaritadan O‘zbekiston diyorini topib, quyidagi ma’nodagi she’riy misrani o‘qib yig‘lab, ignani uloqtirgan ekan. Ma’nosi shuki, “men yurtimga bexatar yetamanmi, yoki yetmaymanmi, biroq seni hatto suratingga tikon sanchmasman, Vatan”. Voqe’ani kuzatib turgan kanadalik hamkasblari nega yig‘layotganini so‘rashganida, o‘z she’rini ularga tarjima qilib berganida, ularni hijolatdan yuzlari qizargan va bu ishlaridan uyalgan ekan.
Maqolani yozishimga ikkinchi turtki, mening dinimga, kasbimga, hamkasblarimga va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimiga otilgan toshdir.
2017 yil 31 yanvar kuni barcha tashkilotlarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyat vakiligining katta majlislar zalida viloyatda faoliyat ko‘rsatayogan barcha masjidlar imom-xatiblarining 2016 yil yakunlariga, yil sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda imom-xatiblarning yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi. 2016 yilda imom-xatiblar tomonidan erishilgan ijobiy natijalar aytib o‘tilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham sanab o‘tildi.
Jumladan, OAVda va internet tarmog‘ida chiqishlarda faol bo‘lganlar sanab o‘tildi.
Vakillik rahbariyati imomlarni aholining yordamga muhtoj qatlamiga yordam berishga targ‘ib qilish, yetimparvarlik, sahovatpeshalik dinimizning ko‘rsatmalaridan ekanligini imom-xatiblarga eslatib o‘tdi.
Yig‘ilishdan so‘ng hamkasabalarimizdan biri go‘yoki, o‘zlarini huquq himoyachilari deb bilgan “Ozodlik” radiosiga telefon orqali shikoyat qilibdi. Har doimgidek, “Ozodlik” voqeani batafsil o‘rganmay turib, barcha muhokama qilingan masalalarning aksini yozib, radio to‘lqinlarida doston qilib o‘tiribdi. Mayliyam, deylik, u fitna bilan nimaga erishishdi, hayronman.
Menimcha, yig‘ilishda aytilgan fikrlar shariat doirasida aytilgan, zero maqola chiqarish, bu dinni shoye qilish, ya’ni targ‘ib qilishning bir usulidir. Imom xutbasida bir jamoani qamrab olsa, OAV va internet orqali juda katta jamoani qamrab olgan bo‘ladi. Imomni OAV va internet tarmog‘ida ko‘proq va faolroq chiqishlarga targ‘ib qilish bu manfaatdan boshqa narsa emas. Chunki, internet yoki g‘arb olamining OAVlarida fahsh va buzg‘unchilikka, turli ekstremistik oqimlarning g‘oyalari to‘lib toshgan paytda, imom-xatiblarning bu fojealardan xalqimizni asrab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun qilayotgan sa’y-harakatlaridir. Yig‘ilishda maqolalar sonini ko‘paytirishga emas, balki maqolalarning sifati va saviyasini yaxshilashga harakat qilish bo‘yicha tavsiya berilgan. Bu, ham shariat va ham umuminsoniy tamoyillarga zid emasdir. Demak, shu xulosaga kelish mumkinki, shikoyat qilgan imom faqat o‘z nafsini o‘ylaydigan ya’ni, unga marosimlar bo‘lsa bas, insonlar ma’naviy ahvoli, taqvosi, ibodati, tinchlik-osoyishtaligi uni umuman qiziqtirmas ekan-da.
Xabarda keltirilgan “boylardan olib kambag‘alga berasan” degan gap umuman yig‘ilishda aytilgan emas, balki aholining yordamga muhtoj qatlamiga yordam berishga targ‘ib qilish, yetimparvarlik, sahovatpeshalik dinimizning ko‘rsatmalaridan ekanligini imom-xatiblarga eslatib o‘tildi.
Shuningdek, vakillik rahbariyati tomonidan imom-xatiblarning axloqi, odobi, imomlik mas’uliyati, muomala madaniyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Bu xabarni internet orqali ko‘rgan va eshitgan imom-xatiblar bunday imomning saviyasi past ekanligi, ilmsizligi, kasbiga hurmatsizligi, mas’uliyatsizligi haqida gapirib, unday imomga bizning oramizda joy yo‘q, deb aytmoqdalar. Shariatdan xabari bor odam orqadan turib, tuhmat qilib, fitna qilmaydi. Zero shariatimiz insonni dunyoda fitna-fasod, buzg‘unchilik qilishdan qaytaradi. Ana shu imomga va “Ozodlik” radiosi jamoasiga bir nasihatim bor. Turli xil fitnalarni kavlash, ularni tarqatib, odamlar orasida buzg‘unchilik, fitna va fasodni tarqatishdan oldin Alloh taoloning Kalomi -Qur’oni karimda va Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi va sallamning Hadisi shariflarida fitna qilmaslikka doir oyat va hadislarni ko‘rib olsinlar. Zero, yer yuzida buzg‘unchilik, fitna va fasod qilg‘uvchilarga oxiratda alamli azoblar borligi haqida bir qancha va’iydlar kelgan. Bu ishni kim qilganligi yoki “Ozodlik”ning muxbirlari kimligi ma’lum bo‘lmas, lekin, xabarlarda kelishicha, qiyomatda Yaratgannining huzuridan insonning barcha amallari oshkor qilinganida, insonning a’zolari tuhmat va bo‘htonlarni eshitgan quloqlari, fitnalarni yozgan va tarqatgan qo‘llari, radioda so‘zlagan tillari tilga kirib, barcha qilgan ma’siyatlari haqida aytib berganida, ne ahvolga tushishlarini o‘ylasinlar. Vaqt va imkon borida tavba qiling, bunday fasod ishlarni to‘xtating, insoniyatga, yurtga, Vatanga, xalqqa yaxshilik qilishga o‘ting.
Sizlarda tanqid qilgan maqolalar shu yo‘sinda noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan odamlarni, o‘zimizni isloh qilishlik uchun yoziladi. Allohu taolo barchalarimizni fitna, fasod, buzg‘unchilik qilishdan saqlasin. O‘zining haq yo‘lidan adashtirmasin.
Andijonlik imom
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.