قال رسول الله صلى الله عليه وسلم إن الله يَغَارُ وإن المؤمن يغار وغيرةُ الله أن يأتيَ المؤمنُ ما حرم اللهُ.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “Albatta, Alloh taolo rashk qiladi. Mo‘min ham rashk qiladi. Mo‘min banda Alloh unga harom qilgan narsani qilishiga Alloh taoloning rashki keladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rashk Alloh taolo yaratgan insoniy tabiat va his-tuyg‘udir.
Kishi o‘z ahlini va yaqin mahramlarini begonalardan himoya qilishi va ularning turli nazaridan saqlashi ham rashk hisoblanadi. O‘z ahlini va yaqin mahramlarini begonalardan qizg‘anmaydigan va rashk qilmaydigan kimsa dayus deyiladi. Dayuslik esa ulkan gunoh bo‘lib, u haqda qattiq va’id va ogohlantirishlar bordir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uch kishiga Alloh taolo qiyomat kuni nazar qilmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan; o‘zini erkaklarga o‘xshatgan ayol (kiyinish, yurish-turish va muomalada); dayus”, deganlar.
Ammor ibn Yosir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Jannatga uch kishi kirmaydi:
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘radilar: “Yo Rasululloh, aroq ichishda mukkasidan ketgan kimsani bilamiz, ammo dayus kim?”
Dayus shunday kishiki, o‘z ahlining oldiga kimlar kirib chiqadi, parvo qilmaydi, – dedilar.
Va yana so‘radilar: Erkakka o‘xshatadigan ayollar qaysi?
Shunday ayolki kiyinishda o‘zini erkaklarga o‘xshatadi, – deb marhamat qildilar (Imom Suyutiy rivoyati).
Zayd ibn Aslam (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Rashk iymondandir. Benomuslik, sharmandalik, uyatsizlik munofiqlikdir. Oilasidagi fahsh ishlarga rozi bo‘lish esa, dayuslikdir”, dedilar”.
Erkaklarning ayollarga o‘xshashga urinishi yurish-turishda, gap-so‘zda va kiyimda bo‘ladi. Ayollarning erkaklarga o‘xshashga urinishlari ham xuddi shundoq. Bu ishni qilganlar Islomda qoralanadi.
Pahlavon Mahmud o‘zining baytlarida aytadi:
Erlik g‘ururing bo‘lsa, ey Alloh suygan,
Ahli ayoling bezatib chiqarma uydan.
Mevali shox agar chiqsa ko‘chaga,
Tama qilar o‘tgan yo‘lovchi undan.
Sen daraxt ekkan bo‘lsang va daraxtingning shoxlari ko‘chaga chiqib meva solsa, o‘tgan har bir kishi o‘sha mevani yeyish orzusida o‘tadi, deyilgan. Endi sen ham xotiningni yoki qizingni bezatib ko‘chaga olib chiqsang, ulardan ham o‘tganlar bir orzu qilib o‘tishadi.
Rashk va qizg‘anish hatto hayvonlarda ham bo‘lib, faqatgina to‘ng‘iz bundan g‘ayridir.
Jami jonivorlar tushsa ko‘zga,
Hamiyatli bo‘lur, to‘ng‘izdin o‘zga.
Alloh taolo “G‘oshiya” surasining 21, 22-oyatlarida marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad! Ummatingizga) eslating! Zotan, Siz (hozircha) faqat eslatuvchidirsiz. Ularning ustidan zo‘ravonlik bilan hukm yurgizuvchi emassiz”.
Ana shu ikki oyati karimaga muvofiq biz ham eslatmoqchimiz, xolos. Alloh taolo bizlarni turli xil illatlardan O‘zi xalos qilsin va asrasin. Yurtimizni tinch va osmonimizni musaffo qilsin.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussamad Abdulbosit o‘g‘li
Bugun buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun.
U zotning ijodidan bir shingil:
Qaro ko‘zum, kelu, mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Sharh: Hazrat qalblari mahbubiga murojaat etish uchun, avvalo, so‘z, ibora yoxud tashbeh izlaydilar. Inson tanasining eng zarur va aziz bo‘lgan a’zosi ko‘z ne’mati ekan, ulug‘ shoir sevimli mahbubning ko‘zlarini tasavvur etadilar. Islomiy manbalarni mukammal bilgan Hazrat Navoiy Rasuli akram sallollohu alayhi vasallamning ko‘zlari tim qora ekanligini ta’kid etaroq, bevosita iyhom san’ati bilan - ham sevimli Payg‘ambarimiz alayhissalomga xayolan murojaat etadilar, ham ul zoti bobarakotni o‘zlarining ko‘zlari o‘rnida tasavvur qilib, ulug‘laydilar.
Darhaqiqat, “Rasululloh alayhissalomning ko‘zlari qorasi tim qora edi”.
Mardumak – ko‘zning gavhari. Ma’lumki, ko‘z qabul qilgan tasvirlar ana shu mardumakda, gavharakda aks etib turadi. Fan – kasb, hunar ma’nosini anglatadi. Ulug‘ shoir Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga iltijo bilan: “Ey qaro ko‘zli Rasululloh, ko‘zlarimdek azizim, Sizni tushlarimda ko‘ray, ko‘zlarim mardumi ichida doimo siymongiz aks etib tursin, mening ko‘zlarim mardumi bo‘lishingiz bir hunardek takror-takror bo‘lsin. Vatan – tark etib bo‘lmaydigan maskan, Ko‘zim mardumini faqatgina Sizning aksingiz egallasin, yo Rasululloh, bu vatanga boshqa hech kim kirmasin”, demoqdalar.
Filologiya fanlari doktori, professor Dilorom Salohiy