Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Fitna ulkan gunohdir

7.02.2017   5513   7 min.
Fitna ulkan gunohdir

E’tiqodi sust, ilmi sayoz insonlarni yo‘ldan ozdirish, zalolat sari yetaklashga qaratilgan shaytoniy amallar bisyor. Insoniyat dushmanlari maqsadlariga yetish uchun turli-tuman hiylalarni o‘ylab topadilar. Shulardan biri fitnadir. Zero, fitna odamlar orasini buzadi, ularni bir-biriga dushman qiladi, otani boladan, yaqinni jigardan ayiradi. Notinchlik, nizo, ig‘vo keltirib chiqaradi.

Fitna lug‘atda ko‘p ma’nolarda keladi:

  1. Joziba, sehr; fusunkorlik, afsunkorlik, tarovat, fatonat, berilmoq (maftun bo‘lmoq). Fitna amal insonlarga go‘zal ko‘rinadi, yoqimli ko‘rinishda taqdim etiladi. Asli siyratidan farq qilishini, afsuski, insonlar kech tushunadi. Asl Islom, sof aqida, haq jannat kabi jilvakor iboralar qanchadan-qancha insonlarni rom etmadi, deysiz. Mazmun, haqiqiy maqsad mana shu joziba ortida yashiringani bois, uni tezda ilg‘ab, anglab olish mushkul. Shu sabab taklif etilayotgan axborot aql va naql tarozisida tortilishi, sintez qilinishi maqsadga muvofiq.
  2. Ishonmaslik, umidsizlik, xudosizlik, dahriylik. Fitna, aslida ham, dahriylikdir. Allohga ishongan – imonli odam fitna qilishi mumkinmi?! Allohdan umidini uzgan, shayton quliga aylanganlargina odamlar orasiga nifoq solishga jazm qila olishi mumkin.

 Fitna - adashtirish, qiziqtirish, aldash, yo‘ldan ozdirish va chalg‘itishdir. Yolg‘onga asoslangan “g‘oya” hidoyat yo‘lidagilarni haq yo‘lidan ozdirishga xizmat qiladi. Ayrim manfaatdor toifalar xohish-irodasi ro‘yobiga xizmat qiladi. Bunga bugungi kunda Iroq va Suriyaning kattagina hududlarini bosib olgan ISHID terroristik guruhining amalga oshirayotgan qonli faoliyati yaqqol misoldir. Mo‘minni mo‘minga dushman qilib, bir-birlarining qonini to‘kishga sababchi bo‘layotganlar – asl fitnachilardir.

 Fitna, aslida, gumrohlik; aqldan ozganlik, jinnilikdir. Aks holda, qandaydir o‘y-xayollarni deb ikki dunyo saodatidan voz kechish mumkinmi? Bu ishga qodir kishini aqli, tafakkuri sog‘lom, e’tiqodi mustahkam, deb bo‘lmaydi. Bunga misol qidirib uzoqqa bormaymiz: ISHIDning aldov va puch g‘oyalariga laqqa tushib,  aybsiz insonlar qonini to‘kayotgan kimsalar borib turgan gumrohlardir.

 Fitna egalarining xatti-harakatlari isyon, g‘alayonga olib kelishi muqarrar. G‘oyaviy ixtilof, ilmdagi kelishmovchilik, aqidadagi qarama-qarshilik, oxir-oqibat, insonlar va hatto xalqlar o‘rtasida nifoqqa sabab bo‘lishi mumkin (Yaman davlatining tanazzulga yuz tutishi bunga yaqqol misol). Bog‘iylik, ya’ni mavjud hukumatga qarshi chiqib, uni ag‘darish, maqsadlariga mos davlat qurishga qaratilgan isyon shular jumlasidan bo‘lib, manbalarda bog‘iyning o‘limga mahkumligi ta’kidlanadi. Illo, u tavba qilsagina kechiriladi. E’tibor qaratilsa, yurtimizda qaror topgan qonunchilik sof islomiy aqidalarga naqadar mosligi ayon bo‘ladi. Zero, adashgan kimsalarning xalqidan, yurtboshisidan kechirim so‘rab qilgan tavbasi kechirilmoqda, hayotini yo‘lgan qo‘yishi, gunohini halol mehnati bilan yuvishiga imkon berilmoqda...

 Fitna – yolg‘onga, mish-mishga tayanadi. U oyatlarni ta’vil qilish, hadislarni noto‘g‘ri talqin etish natijasidir. U vasvasa, nafs balosi oqibati bo‘lib, milliy, diniy qadriyatlar asosini vayron qilishdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Nihoyat, fitna – sinov, gunohdir. Alloh halolni, haromni aniq belgilab berdi. Ularning o‘rtasidagi narsalar esa shubhadir. Asl islomiy manbalarda haqiqiy musulmon insonning hatto shubhali amaldan ham qaytishi lozimligi ta’kidlanadi. Zero, zalolatga yetaklovchi g‘oyalar, noto‘g‘ri va botil qarashlar chin insonlar uchun sinov hamdir. Shu bois, imoni mustahkam, e’tiqodi komil inson harom va shubhali amallarni bajarishdan tiyiladi, binobarin, ularni bir bora qilgan inson, keyinchalik, o‘rganib qoladi hamda gunohga moyil bo‘lib qoladi.

Fitna ilmsizlik natijasida kelib chiqadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bashorat berganlaridek, shariat ilmidan bexabar kishilarning din nomidan ish yuritishi inson va jamiyat uchun ko‘plab ko‘ngilsizliklarni, fitnalarni keltirib chiqaradi. Alloh taolo fitna haqida O‘zining Kalomi sharifidagi “Baqara” surasi 191-oyatida: “(Odamlarni) aldab, fitnaga solish o‘ldirishdan (ham) yomonroqdir”, deb o‘z bandalarini turli ko‘rinishdagi fitnalardan ehtiyot bo‘lishga buyuradi. Chunki, insonning ma’naviy o‘limi uning jismoniy o‘limidan ayanchliroq, yomonroqdir. Shu bois ham, oyati karimada insonlar orasida fitna, fasod ishlarni tarqatishning gunohi ma’nan bir insonni o‘ldirishdan ham yomonroq ekanligi aytilmoqda, chunki insonning ruhini o‘ldirish – uning jasadini o‘ldirishdan fojialiroq, oqibati esa dahshatliroqdir.

Xo‘sh, zalolat yo‘liga kirib qolgan inson nima qilsin? Keyingi hayoti uchun qanday yo‘l tutsin? Alloh taolo “A’rof” surasi 3-oyatida bu masalada aniq buyruq – amrlarini bayon qilgan: (Ey, insonlar), sizlarga Parvardigoringizdan nozil qilingan narsaga (Kitobga) ergashingiz, undan o‘zga “do‘stlarga” ergashmangiz! Kamdan-kam pand-nasihat olursizlar”.

Ko‘rinib turganidek, Alloh taolo Qur’onga ergashish, eshitilishi yoqimli, ko‘rinishi jozibali, ammo mazmuniyu maqsadi yomonlik, oqibati esa fosiqlikdan iborat da’vatlar qiluvchi “do‘stlar”dan yiroq bo‘lishni qat’iy buyurmoqda. Qur’onning boshqa bir o‘rnida shundan keyin ham tafakkur qilmaydigan, hidoyatga qaytmaydigan musulmonlar to‘g‘risida go‘zal tadbir, adolat yo‘li zikr qilinadi: “Ey, mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir” (“Niso”, 59).

Mazkur oyatda Alloh taolo barchani O‘ziga, Rasuliga hamda o‘z oralaridan chiqqan boshliqlarga itoat etishni buyurmoqda. Fitna qilishga emas. Darhaqiqat, Qur’onda har qanday muammoli masalaning adolatli yechimi bor. Ixtilof vaqtida eng to‘g‘ri yechim firqalanishning oldini olishdir. Asl taraqqiyot ham, saodat ham birdamlik, hurfikrlik natijasida amalga oshadi. Buning uchun har bir fuqaro Alloh qaytarganlaridan qaytishi, buyurganlariga itoat etishi hamda o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga so‘zsiz bo‘ysinishi shart.

Musulmon ko‘r-ko‘rona taqlid qilmasin. U har bir narsaga milliy, diniy qadriyatlariga hamohang aqlan yondashsin. O‘zining ilmi yetarli bo‘lmasa, ilmli, ishonchli, taqvodor, olimlardan so‘rab bilsin. O‘rganganlariga amal qilsin. Xullas, ilm o‘rgansin, bilganlariga amal qilsin. Shundagina hidoyat topadi. Fitna qurboniga aylanmaydi. Aks holda, unutmaslik kerakki, Alloh taoloning uning uchun tayyorlab qo‘yilgan alamli azobi bor: “Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!” (“Niso”, 115).

Ayon bo‘layotirki, fitna, unga yetaklovchi har bir xatti-harakat – og‘ir gunoh. Undan tiyilish – musulmonlarning burchi. Diniga, ma’naviyatiga, xalqiga sodiqlik esa xotirjamlik, ko‘ngillar obodligi, yurt ravnaqi, eng muhimi, ikki dunyo saodatiga erishish kalitidir. Shunday ekan, turli ko‘rinishdagi yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik, fitnalardan ogoh bo‘laylik. Xalq, millat baxti unga mansub insonlar baxti yig‘indisidan iboratligini aslo unutmaylik!

Shukurjon SHANIGMATOV,

Do‘mbirobod jome masjidi imom-xatibi

 

Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2112   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.