frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Arab xatining vujudga kelishi

07.02.2017   10401   8 min.
Arab xatining vujudga  kelishi

Birinchi xat yozgan Odam alayhissalomdir va u zotga yozuv ta’limini bergan Alloh Robbul izzadir[i]. Chunonchi Qur’oni karimda “(Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi[ii]deb marhamat qilingan. (Baqara surasi, 31-oyat)

 Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Arab lafzi va nutqida birinchi yozgan zot Ismoil ibn Ibrohim alayhissalomdir”.

Ali ibn Burhoniddin Halabiy “Siyrat as-sahih” (Ishonchli tarix) asarida: “Arabiy xatda birinchi bo‘lib yozgan kishi Ismoil alayhissalomning o‘g‘li Nizor ibn Ma’add ibn Adnondir” degan[iii]

 (Makhuldan rivoyat qilinishicha) Ismoil alayhissalomning farzandlaridan bo‘lgan Nafis, Nazr, Taymo va Davmalar arab yozuviga birinchi bo‘lib asos solgan bo‘lib, ular harflarni bir-biriga ulab yozishni joriy qilganlar, hatto alif bilan ro ni qo‘shib yozganlar. Bu (harf)larni alohida shaklda Hamis va Qaydorlar farqlab yozganlar. Bu ikkisi ham Ismoilning (alayhissalom) avlodlaridan bo‘lgan[iv].

 Mas’udiy[v] aytadi: “Arabiy xatning birinchi tuzuvchisi Mihsan ibn Jandal ibn Ya’sob ibn Madyanning avlodlari bo‘lib, ular Adnon ibn Uddga tushgan edilar. Ularning ismlari Abjad, Havvaz, Huttiy, Kalaman, Sa’fas va Qarashat bo‘lgan. Ular o‘zlarining ismida ishtirok etgan harflarni hisobladilar va yana ismlarida mavjud bo‘lmagan harflarni ham topdilar. Bular – sa (ث), xo (خ), zol (ذ), zod (ض), zo (ظ), g‘ayn (غ) harflari edi. Bu harflardan ham yana ikkita Saxxoz va Zazzog‘ so‘zlarini yasab o‘z ismlarining qatoriga qo‘shib qo‘ydilar. Shu bilan hijoiya (alfavit) harflari to‘liq bo‘ldi”. Ba’zi rivoyatlarda keltirilishicha, bular Madyanning podshohlari bo‘lib, ularning raisi Kalaman deb atalardi. Hammalari Shu’ayb alayhissalomning qavmidan bo‘lib, barchalari “zulmat kunida” halok bo‘lganlar. “Zulmat kuni” ya’ni qattiq issiqdan keyin qop-qora bulut keldi, yomg‘ir o‘rniga olov yog‘di va barchalari kuyib ketdi. (Madyan qirilib ketgan arab qabilalaridan biri bo‘lib, ularning yerlari Aqaba qo‘ltig‘idan Turi Sinoga qadar cho‘zilgan). Kalamunning qizi otasiga atab marsiya yozgan va bu saqlanib qolgan. (Qanday qilib bu qiz qavmi bilan birga halok bo‘lmay, tirik qolganining sababini bilmayman”, deb yozadi Mas’udiy)[vi].

Yana Mas’udiy Hishom ibn Kalbiydan rivoyat qilib aytadi: “Xat (yozuv)ning ilk ijodkorlari Anborda yashagan Bulon qabilasining Toy (urug‘i)dan uch kishi bo‘lib, ular Miror ibn Murra, Aslam ibn Sadra hamda Omir ibn Jadralar edi[vii]. Ular suryoniy alifbosiga solishtirib (qiyoslab) arab alifbosini ishlab chiqdilar. Birinchi bosqichda harflarni ko‘rinishi (surati)ni yozadilar. Ikkinchi bosqichda harflarning alohida va ulangan holdagi shaklini ishlab chiqdilar. Uchinchi bosqichda nuqtalarini qo‘yib chiqdilar va ular bu xatni “xattul jazm” deb nomladilar. Bu – “kesik” deganidir. Chunki u “Himyariy xat”idan kesib olingan edi. Aytilishicha, Anbor ahli Hiyra ahlidan xat ta’limini olganlar. Boshqa rivoyatda buning aksi bo‘lganini aytadi. Aytiladiki, miloddan avvalgi 190-yillarda hukmronlik qilgan Munozaraning davrida Himyariy xati Hiyraga keltirilgan. Humyar Hud qavmi bo‘lgan ahli Yamanning xatidir. Hud – birinchi Od ya’ni Iramning Od qavmi edi. Ular ishlatadigan yozuv “musnad  al-himyariy” (ximyariycha xat) deb nomlanardi”[viii].

Maqriziy[ix]: “Birinchi xattotlik qalami bu – Himyar va Od podshohlarining qalamlaridir”, degan. Tarixi ibn Xaldun (807 vaf.) kitobning birinchi juzida qo‘shimcha ravishda buyuk amir hamda mohir xattot Shakib Arslon[x] shunday yozadi: “Yevropalik olimlar, shu jumladan olmoniyalik sharqshunos olim Martis Olmoniy ham quyidagi fikrni bildirdilar: iograf harflardan keyin harflar bilan yozish Yamanda vujudga kelgan. Yozishni finikiyaliklar ixtiro qilgan degan fikr mashhur bo‘lsa-da, lekin bu fikr to‘g‘ri emas. Balki birinchi bo‘lib yamanliklar kitobat (yozish)ni ixtiro qilganlar. Martisning aytishicha, finikiyaliklar o‘zlarining yozuvini yamaniy arab yozuvi asosida bino qilganlar. Yunonlar esa finikiyaliklardan olgan, o‘z o‘rnida rimliklar yunonlardan olgan. Dunyoda kitobatni ular qo‘lga kiritganlar va mana shu e’tibor bilan ular yozuv madaniyatiga asos solgan”[xi].

Ibn Xaldun muqaddimasining "Xat va kitobat insoniyatning kashfiyotlaridandir" (“Fasl annal xatto val kitobota min adodis sino’il insoniyati") bobida shunday deydi: “Arab xati Tabobi’alar[xii] davlatida benuqson va afzallikda maromiga yetib bo‘lgan edi.  Bu davlat madaniylashib, dabdabali hayot kechira boshlagach, u “xat al-humyariy” deb atala boshladi va Oli Munzir davlatidan bo‘lgan tabobi’aning aslzodalari Iroq yerlari bilan arab  mulkini kengaytirgach bu xat Hiyraga ko‘chdi. Biroq ularning yozuvlari tabobi’alarnikichalik a’lo darajada emas edi.

     Toif[xiii] va Quraysh ahli yozuvni Hiyraliklardan o‘zlashtirganlar. Aytilishicha, Hiyraliklardan kitobatni o‘rgangan kishi Sufyon ibn Umayyadir. Yana bir rivoyatda bu kishi Harb ibn Umayya bo‘lgan va u kitobatni Aslam ibn Sadradan o‘rgangan, deyiladi. Mana shu haqiqatga yaqin gapdir. Hijoz ahli kitobatni Hiyradan, ahli Hiyra esa tabobi’alar va Humyardan o‘rganganlar, degan so‘z eng munosib so‘zdir. Humyarliklarning yozuvi musnad deb atalgan va harflari bir-biridan ajralib yozilardi. Ular yozuvlarini o‘zlaridan boshqa hech kimga o‘rgatmas edilar”[xiv].

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi

Karimov Ziyodulloh G‘aybulloh o‘g‘li

 

[i] Muhammad Sharifjon Sadri Ziyo. Tazkiratul xattotiyn. Majmua.//Qo‘lyozma. O‘z FA SHI. – .№1304.

[ii] Qarang: Muftiy Usmonxon Alimov. Tafsiri irfon. I-III Juz. -T.: Sharq, 2012. –B. 50; Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri. Toshkent, 2009. -B. 6.

[iii] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B.17.

[iv] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B.17.

[v] Ali ibn Husayn ibn Ali Abul Hasan al-Mas’udiy sahoba Abdulloh ibn Mas’udning (r.a.) zuryodidan. Shayx Muhammad ibn Yahyo (muhaddis olim) Shamsiddin u haqda shunday degan: “U Bag‘dodliklardan hisoblanadi. Bir muddat Misrda yashagan. Tarixshunos, ajoyib va g‘aroyib, qiziqarli  hamda nodir voqea va hodisalarning bilag‘oni, sayohatsevar odam edi. Hijriy 346 yilda vafot etgan”.

[vi] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi.  –B. 19.

[vii] Ibn Munzir. Lison al-Arab. 6-juz. –B. 4178.

[viii] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B. 19.

[ix] Ahmad ibn Ali ibn Abdulqodir Abulabbos Alhusayniy Alabidiy Taqiyyiddin al-Maqriziy

1365-1441y. (h.766-845) Misrlik tarixchi olim. Qohirada tug‘ilib, ijod qilib, Qohirada vafot etgan. Asli Ba’labakkalik bo‘lib Maqoraza qishlog‘iga nisbat berilgan.

[x] Shakib ibn Hamud ibn Hasan ibn Yunus Arslon (1869-1945) Hira podsholarining Tanuxiyn sulolasidan. Til va siyosiy ilmlar olimi, tarixchi.

[xi] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al- xat al-arabiy va adabihi. 1939.

[xii] Qur’oni karimda bu davlatni «Tubba’ qavmi» deb nomlangan. Bu davlat Yamanda bo‘lgan. Tafsir kitoblarida Homiyr podshohlarining laqabi «Tubba’» bo‘lgan. O‘sha podshohlardan biri Allohning diniga kirib o‘z qavmini ham dinga chaqirgan, deyiladi. Qarang: Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 5 juz. Toshkent: Sharq, 2008. –B. 570.

[xiii] Makka shahriga qo‘shni shahar.

[xiv] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xattil arabiy va adabihi. 1939; Habib Isfahoniy Xat va xattoton //Toshbosma O‘z FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHI Fondi inv№ 3640.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

11.08.2026   20400   1 min.
Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
 

"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi
O'zbekiston yangiliklari