Birinchi xat yozgan Odam alayhissalomdir va u zotga yozuv ta’limini bergan Alloh Robbul izzadir[i]. Chunonchi Qur’oni karimda “(Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi” [ii]deb marhamat qilingan. (Baqara surasi, 31-oyat)
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Arab lafzi va nutqida birinchi yozgan zot Ismoil ibn Ibrohim alayhissalomdir”.
Ali ibn Burhoniddin Halabiy “Siyrat as-sahih” (Ishonchli tarix) asarida: “Arabiy xatda birinchi bo‘lib yozgan kishi Ismoil alayhissalomning o‘g‘li Nizor ibn Ma’add ibn Adnondir” degan[iii].
(Makhuldan rivoyat qilinishicha) Ismoil alayhissalomning farzandlaridan bo‘lgan Nafis, Nazr, Taymo va Davmalar arab yozuviga birinchi bo‘lib asos solgan bo‘lib, ular harflarni bir-biriga ulab yozishni joriy qilganlar, hatto alif bilan ro ni qo‘shib yozganlar. Bu (harf)larni alohida shaklda Hamis va Qaydorlar farqlab yozganlar. Bu ikkisi ham Ismoilning (alayhissalom) avlodlaridan bo‘lgan[iv].
Mas’udiy[v] aytadi: “Arabiy xatning birinchi tuzuvchisi Mihsan ibn Jandal ibn Ya’sob ibn Madyanning avlodlari bo‘lib, ular Adnon ibn Uddga tushgan edilar. Ularning ismlari Abjad, Havvaz, Huttiy, Kalaman, Sa’fas va Qarashat bo‘lgan. Ular o‘zlarining ismida ishtirok etgan harflarni hisobladilar va yana ismlarida mavjud bo‘lmagan harflarni ham topdilar. Bular – sa (ث), xo (خ), zol (ذ), zod (ض), zo (ظ), g‘ayn (غ) harflari edi. Bu harflardan ham yana ikkita Saxxoz va Zazzog‘ so‘zlarini yasab o‘z ismlarining qatoriga qo‘shib qo‘ydilar. Shu bilan hijoiya (alfavit) harflari to‘liq bo‘ldi”. Ba’zi rivoyatlarda keltirilishicha, bular Madyanning podshohlari bo‘lib, ularning raisi Kalaman deb atalardi. Hammalari Shu’ayb alayhissalomning qavmidan bo‘lib, barchalari “zulmat kunida” halok bo‘lganlar. “Zulmat kuni” ya’ni qattiq issiqdan keyin qop-qora bulut keldi, yomg‘ir o‘rniga olov yog‘di va barchalari kuyib ketdi. (Madyan qirilib ketgan arab qabilalaridan biri bo‘lib, ularning yerlari Aqaba qo‘ltig‘idan Turi Sinoga qadar cho‘zilgan). Kalamunning qizi otasiga atab marsiya yozgan va bu saqlanib qolgan. (Qanday qilib bu qiz qavmi bilan birga halok bo‘lmay, tirik qolganining sababini bilmayman”, deb yozadi Mas’udiy)[vi].
Yana Mas’udiy Hishom ibn Kalbiydan rivoyat qilib aytadi: “Xat (yozuv)ning ilk ijodkorlari Anborda yashagan Bulon qabilasining Toy (urug‘i)dan uch kishi bo‘lib, ular Miror ibn Murra, Aslam ibn Sadra hamda Omir ibn Jadralar edi[vii]. Ular suryoniy alifbosiga solishtirib (qiyoslab) arab alifbosini ishlab chiqdilar. Birinchi bosqichda harflarni ko‘rinishi (surati)ni yozadilar. Ikkinchi bosqichda harflarning alohida va ulangan holdagi shaklini ishlab chiqdilar. Uchinchi bosqichda nuqtalarini qo‘yib chiqdilar va ular bu xatni “xattul jazm” deb nomladilar. Bu – “kesik” deganidir. Chunki u “Himyariy xat”idan kesib olingan edi. Aytilishicha, Anbor ahli Hiyra ahlidan xat ta’limini olganlar. Boshqa rivoyatda buning aksi bo‘lganini aytadi. Aytiladiki, miloddan avvalgi 190-yillarda hukmronlik qilgan Munozaraning davrida Himyariy xati Hiyraga keltirilgan. Humyar Hud qavmi bo‘lgan ahli Yamanning xatidir. Hud – birinchi Od ya’ni Iramning Od qavmi edi. Ular ishlatadigan yozuv “musnad al-himyariy” (ximyariycha xat) deb nomlanardi”[viii].
Maqriziy[ix]: “Birinchi xattotlik qalami bu – Himyar va Od podshohlarining qalamlaridir”, degan. Tarixi ibn Xaldun (807 vaf.) kitobning birinchi juzida qo‘shimcha ravishda buyuk amir hamda mohir xattot Shakib Arslon[x] shunday yozadi: “Yevropalik olimlar, shu jumladan olmoniyalik sharqshunos olim Martis Olmoniy ham quyidagi fikrni bildirdilar: iograf harflardan keyin harflar bilan yozish Yamanda vujudga kelgan. Yozishni finikiyaliklar ixtiro qilgan degan fikr mashhur bo‘lsa-da, lekin bu fikr to‘g‘ri emas. Balki birinchi bo‘lib yamanliklar kitobat (yozish)ni ixtiro qilganlar. Martisning aytishicha, finikiyaliklar o‘zlarining yozuvini yamaniy arab yozuvi asosida bino qilganlar. Yunonlar esa finikiyaliklardan olgan, o‘z o‘rnida rimliklar yunonlardan olgan. Dunyoda kitobatni ular qo‘lga kiritganlar va mana shu e’tibor bilan ular yozuv madaniyatiga asos solgan”[xi].
Ibn Xaldun muqaddimasining "Xat va kitobat insoniyatning kashfiyotlaridandir" (“Fasl annal xatto val kitobota min adodis sino’il insoniyati") bobida shunday deydi: “Arab xati Tabobi’alar[xii] davlatida benuqson va afzallikda maromiga yetib bo‘lgan edi. Bu davlat madaniylashib, dabdabali hayot kechira boshlagach, u “xat al-humyariy” deb atala boshladi va Oli Munzir davlatidan bo‘lgan tabobi’aning aslzodalari Iroq yerlari bilan arab mulkini kengaytirgach bu xat Hiyraga ko‘chdi. Biroq ularning yozuvlari tabobi’alarnikichalik a’lo darajada emas edi.
Toif[xiii] va Quraysh ahli yozuvni Hiyraliklardan o‘zlashtirganlar. Aytilishicha, Hiyraliklardan kitobatni o‘rgangan kishi Sufyon ibn Umayyadir. Yana bir rivoyatda bu kishi Harb ibn Umayya bo‘lgan va u kitobatni Aslam ibn Sadradan o‘rgangan, deyiladi. Mana shu haqiqatga yaqin gapdir. Hijoz ahli kitobatni Hiyradan, ahli Hiyra esa tabobi’alar va Humyardan o‘rganganlar, degan so‘z eng munosib so‘zdir. Humyarliklarning yozuvi musnad deb atalgan va harflari bir-biridan ajralib yozilardi. Ular yozuvlarini o‘zlaridan boshqa hech kimga o‘rgatmas edilar”[xiv].
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Karimov Ziyodulloh G‘aybulloh o‘g‘li
[i] Muhammad Sharifjon Sadri Ziyo. Tazkiratul xattotiyn. Majmua.//Qo‘lyozma. O‘z FA SHI. – .№1304.
[ii] Qarang: Muftiy Usmonxon Alimov. Tafsiri irfon. I-III Juz. -T.: Sharq, 2012. –B. 50; Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri. Toshkent, 2009. -B. 6.
[iii] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B.17.
[iv] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B.17.
[v] Ali ibn Husayn ibn Ali Abul Hasan al-Mas’udiy sahoba Abdulloh ibn Mas’udning (r.a.) zuryodidan. Shayx Muhammad ibn Yahyo (muhaddis olim) Shamsiddin u haqda shunday degan: “U Bag‘dodliklardan hisoblanadi. Bir muddat Misrda yashagan. Tarixshunos, ajoyib va g‘aroyib, qiziqarli hamda nodir voqea va hodisalarning bilag‘oni, sayohatsevar odam edi. Hijriy 346 yilda vafot etgan”.
[vi] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B. 19.
[vii] Ibn Munzir. Lison al-Arab. 6-juz. –B. 4178.
[viii] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xat al-arabiy va adabihi. –B. 19.
[ix] Ahmad ibn Ali ibn Abdulqodir Abulabbos Alhusayniy Alabidiy Taqiyyiddin al-Maqriziy
1365-1441y. (h.766-845) Misrlik tarixchi olim. Qohirada tug‘ilib, ijod qilib, Qohirada vafot etgan. Asli Ba’labakkalik bo‘lib Maqoraza qishlog‘iga nisbat berilgan.
[x] Shakib ibn Hamud ibn Hasan ibn Yunus Arslon (1869-1945) Hira podsholarining Tanuxiyn sulolasidan. Til va siyosiy ilmlar olimi, tarixchi.
[xi] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al- xat al-arabiy va adabihi. 1939.
[xii] Qur’oni karimda bu davlatni «Tubba’ qavmi» deb nomlangan. Bu davlat Yamanda bo‘lgan. Tafsir kitoblarida Homiyr podshohlarining laqabi «Tubba’» bo‘lgan. O‘sha podshohlardan biri Allohning diniga kirib o‘z qavmini ham dinga chaqirgan, deyiladi. Qarang: Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 5 juz. Toshkent: Sharq, 2008. –B. 570.
[xiii] Makka shahriga qo‘shni shahar.
[xiv] Muhammad Tohir ibn Abdulqodir al-Kurdiy. Tarix al-xattil arabiy va adabihi. 1939; Habib Isfahoniy Xat va xattoton //Toshbosma O‘z FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHI Fondi inv№ 3640.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati