Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Alisher Navoiyning Qur’on va tafsir ilmida tutgan o‘rni

06.02.2017   9948   5 min.
Alisher Navoiyning Qur’on va tafsir ilmida tutgan o‘rni

Movarounnahr diyorida XV asrning ikkinchi yarmidagi madaniy muhitning rivojlanishida buyuk bobokalonimiz Hazrat Alisher Navoiyning o‘rni beqiyos sanaladi.

Alisher Navoiy yashab ijod etgan davrda me’morchilik, naqqoshlik, tasviriy san’at (miniatyura), xattotlik, musiqa, ta’lim tizimi, ilm-fanning turli sohalari (aniq fanlar – astronomiya, matematika; tabobat, Qur’on ilmlari, fiqh, falsafa, tasavvuf, adabiyot va h.k.) o‘z davriga nisbatan yuksak darajada rivojlandi.

Shuningdek ushbu davrda turli ilm-fan sohalari qatorida Qur’on va tafsir ilmlari rivojiga ham alohida e’tibor qaratilganligi bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarda o‘z aksini topgan.

Movarounnahr tafsir ilmi rivojida ayniqsa, Alisher Navoiyning hissasi katta bo‘lgan. Shoir fanning turli sohalaridan yaxshi xabardor bo‘lish bilan bir qatorda, o‘z asarlarida Qur’ondan ham keng foydalangan. Uning “Xamsa”, “Sittai zaruriya”, “Nasoyim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” kabi asarlarida, umuman nazm va nasrdagi yozma merosida Islom masalalari bo‘yicha ko‘p hollarda Qur’on oyatlariga asoslangan mulohazalar bayon qilinganini ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiy Qur’on va tafsir ilmidan ta’lim olishni yoshlikdan boshlagan va uning “Majolis an-nafois” asarida olti yoshida tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy (vaf. 858/1454) bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida maktabda “Taborak” surasigacha o‘qigani qayd etilgan.

Navoiyning Qur’on tafsiriga bo‘lgan e’tibori uning bir nechta tafsirlar yozdirganida ham kuzatiladi. Masalan, o‘sha davr mufassirlaridan biri bo‘lgan Movaronnahrlik Husayn Voiz Koshifiyning ilmiy faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, uning qalamiga mansub “Javohir at-tafsir” va “Mavohibi Aliyya” asarlari bevosita Alisher Navoiyning taklifi va homiyligi ostida yozilgan.

Movarounnahr madaniy-ma’naviy muhitida Alisher Navoiy Qur’on ilmlari, jumladan tafsir ilmini rivojlantirish maqsadida mazkur sohaga o‘z davrining yetuk olim va mufassirlarini jalb qilgan hamda ularga homiylik kilgan.

Alisher Navoiy Qur’on ilmlarini chuqur o‘rganish maqsadida o‘z ilmiy faoliyatini Samarqandda Xoja Xurd va Mavlono Muhammad Olim kabi movarounnahrlik ilm ahllari bilan birga davom ettiradi va ularning tafsir ilmi borasidagi mazmunli suhbatlaridan bahramand bo‘ladi. Ana shunday keng bilim doirasiga ega bo‘lish orqali Alisher Navoiy keyinchalik Qur’on bilan bog‘liq mavzularni o‘z asarlarida erkin ifodalay oladi. Jumladan, “Nasoim al-muhabbat”ning xoja Bahouddin Naqshbandga bag‘ishlangan maqolasida zikr haqida so‘z borganda “Nur” surasining quyidagi 37-oyatini tafsir qilganini ko‘rishimiz mumkin:

“Ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Alloh zikridan chalg‘ita olmas” – oyati dalil qilib berilgan.

Alisher Navoiyning Qur’on va hadisdan unumli foydalangani uning boshqa asarlarida ham kuzatiladi. Shoir ijodida Qur’on ilmlari qay darajada ifodalanganligi haqida kengroq tasavvur hosil qilish uchun uning “Nazm al-javohir”, “Majolis an-nafois”, “Hayrat al-abror”, “Sittai zaruriya”, “Nasoim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” va “Xamsat al-mutahayyirin” kabi asarlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda mavzuga daxldor bo‘lgan ma’lumotlar batafsil bayon etilganiga amin bo‘lamiz. Mazkur asarlarda ham Qur’oni karimga katta e’tibor berilgani ma’lum bo‘ladi.

Masalan, shoir o‘zining “Nazm al-javohir” asarida Qur’on o‘qishning foydasi haqida quyidagilarni yozadi:

 Olam eli ichra gar gado, gar shoh erur,

Ne dardki ul ko‘ngli aro hamroh erur,

Qur’onni tilovat etsun, gar ogoh erur,

El dardiga chun da’vo Kalomulloh erur.

Boshqa bir baytda esa Alisher Navoiy Qur’on tilovati haqida quyidagi misralarni aytadi:

“Qur’on”ki erur mujdai joniy o‘qumoq,

Yo‘q, yo‘qki, hayoti jovidoniy o‘qumoq,

Bil ko‘ngulga istasang shifoni o‘qumoq,

Kim keldi ko‘ngul shifosi oni o‘qumoq.

Shoir mazkur satrlarni keltirganda Isro surasining Qur’on mo‘minlar uchun shifo ekanligi to‘g‘risidagi 82-oyati:  “(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” – degan mazmunga tayanganini ko‘ramiz.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, Alisher Navoiy davrida  mamlakatda o‘rnatilgan siyosiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish ma’naviy hayotning yuksalishiga olib keldi.

Ushbu davrda Hazrat Navoiy davlat miqyosidagi katta huquqlarga ega bo‘lib, butun kuch-g‘ayratini el-yurt xizmatiga, xalq farovonligi va osoyishtaligiga qaratdi.

XV asrning ikkinchi yarmida esa Movarounnahr va Xurosonda Qur’on tafsiri, hadis ilmi, falsafa, adabiyot, tarix, musiqa, rassomlik va xattotlik ilmlari eng avvalo  g‘azal mulkining sultoni bo‘lgan Alisher Navoiyning g‘amxo‘rligi ostida rivojlandi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy o‘z hayoti mobaynida nafaqat turkiy tilga asos soldi, balki  Movarunnahrda Qur’on va tafsir ilmlarining rivojlanishiga ham o‘zining beqiyos hissasini qo‘shdi desak  aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

 AbrorALIMOV,

Toshkent shahar

“Qatortol”masjidi imom-xatibi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

02.05.2025   7289   2 min.
Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.

«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.

Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.

Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.

BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:

Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.

2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:

Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi
O'zbekiston yangiliklari