Quroni karim zakotning farzligini Madinada nozil qilingan suralar orqali ochiq-oydin bayon qildi. Jumladan, Baqara surasida aytiladi: “Namozni barkamol o‘qingiz va zakotni beringiz...” (Baqara, 110-oyat). Qur’oni karimda ko‘plab ana shunday namoz bilan zakotni bir-biridan ajratmasdan kelgan oyatlar uchraydi. Payg‘ambar (s.a.v.) ham o‘z hadislari orqali zakotning farzligini va uning Islom dinidagi mavqeini belgilab berdilar. Jabroil (a)ni din ahkomlarini o‘rgatish maqsadida kelishliklari bilan bog‘liq mashhur hadis va boshqalarda Islomni beshta rukn ustiga bino qilinganligi bayon etildi. Lekin bulardan tashqari bir qator hadislar borki, ularda Payg‘ambar (a.s.) mazkur ruknlarning ba’zi-birlarini aytishlik bilan cheklanganlar. Biroq namoz va zakot har doim ular buyurgan ishlarning muqaddimasida zikr qilinavergan. Ana shulardan biri Payg‘ambar (a.s.) Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborishlari rivoyat qilingan hadisdir. Unda Payg‘ambar (a.s.) jumladan bunday deganlar: “Sen ahli kitoblardan bo‘lgan qavm huzuriga borasan. Ularni Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Meni Rasululloh, deb guvohlik keltirishga chaqirasan. Agar ular bu borada senga itoat qilsalar, Alloh taolo bir kecha-kunduzda ularga besh vaqt namoz o‘qishni farz qilganini o‘rgat. Agar ular senga bunda ham itoat qilsalar, Alloh taolo ularning zimmasiga boylaridan olib kambag‘allariga qaytariladigan sadaqa (zakotni)ni farz qilganini o‘rgat. Agar ular senga bu borada ham itoat qilsalar, mollarining sarasini olishdan saqlan hamda mazlumning duosi (qarg‘ishi)dan ehtiyot bo‘l. Chunki u (qarg‘ish) bilan Alloh o‘rtasida to‘siq yo‘qdir”. Bu hadisni tasdiqlovchi oyat ham Tavba surasida keladi: “agar ular (arab mushriklari butlarga sig‘inishdan) tavba qilib, namozni qoim qilsalar va zakotni bersalar, birodarlaringiz dindadir”. (Tavba surasi). Ko‘rinib turibdiki, zakot Islomning eng asosiy ruknlaridan biri ekan. Chunki ushbu oyat va yuqoridagi hadisda dinning eng ahamiyatli farzlarigina tilga olindi va zakot ibodati ro‘za va haj kabi tushirib qoldirilmadi. Albatta, bu gapimizdan ro‘za va hajning Islom ruknlaridan ekanligi masalasiga aslo xalal yetmaydi, chunki ro‘za va haj ibodatlari dinga yangi chaqirilayotgan kishilarga eng zarur bo‘lgan narsalar aytib o‘tilgan o‘rinlardagina tushib qolgan xolos.
Yana bir guruh hadislar keladiki, ularda Rasululloh (s.a.v.) zakot berishdan bosh tortganlarni oxiratdagi qattiq azobdan ogohlantiradilar. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (s.a.v.) aytadi: “Kimniki oltin va kumushlari bo‘lib, ular haqqini ado etmasa, qiyomat kunida oltin-kumushlari eritilib, tunukalar etib quyiladi. So‘ng ularni jahannam o‘tida qizdirilib, miqdori ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda egasining yonboshiga, peshonasiga va beliga bosiladi. Bu hol Alloh taolo barcha insonlar orasini to‘la hukm qilib bo‘lguncha davom etadi. Qaysi bir mol va qo‘y egasi borki, u mollari haqqini ado etmasa, qiyomat kuni uni keltirilib, o‘z hayvonlaring tuyoqlari bilan ezdiriladi va shohlari ila suzdiriladi. Qachon oxirgisi tugaganda, avvalgisi qaytariladi. Bu ish muddati ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda Alloh bandalar orasini hukm qilib tugatgunga qadar davom etadi. So‘ng uni jannatga yoki do‘zaxga olib boradigan o‘z yo‘liga solib qo‘yiladi”. Mazkur hadisdan zakotni bermaslikning jazosi og‘ir bo‘lishligi bilan birga, zakotni Islom dinidagi ado etilishi zarur bo‘lgan eng asosiy farzlardan ekanligi kelib chiqmoqda.
Boshqa hadislarda zakot bermaslik ba’zi dunyoviy uqubatlarga sababchi bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatiladi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadi: “Qaysi bir qavm zakotni bermas ekan, Alloh ularni qahatchilikka giriftor qiladi”. Yana bir hadislarida: “Qachon sadaqa (zakot) molga aralashsa, albatta, uni buzadi”, degan bo‘lsalar, boshqasida: “Mol quruqlikdami yoki dengizdami faqat zakot bermaslik sababidangina halok bo‘ladi”, deb aytganlar. Demak, Allohning haqqi borasidagi baxillik ba’zi bir dunyoviy ofat-balolarning ham sababchisi bo‘lishi mumkin ekan.
Xullas, zakot Madina davriga kelib Islomning eng asosiy ruknlaridan biriga aylandi. Uning shartlari, nisobi, beriladigan o‘rinlari, vaqti va boshqa tomonlari tartibga solindi. Zakotda har ikki tomonning, ya’ni, mol egalarining ham kambag‘allarning ham manfaatlari hisobga olindi. Molni ishlab topishdagi mashaqqatga qarab chiqariladigan molning miqdori belgilandi. Agar molga hech qanday mashaqqatsiz erishilsa (xazina topish), uni 1/5 ni, bir oz mehnat qilib topilsa (lalmikor yerda dehqonchilik), 1/10 ni, xarajatlar orqali sug‘oriladigan yerga ekin eksa, 1/20 ni va yana ham ko‘proq mehnat-mashaqqat bilan topsa (tijorat mollari), 1/40 ni zakot sifatida chiqarish belgilangan.
Chorva mollari zakotida ham shunday, ya’ni, agar mol va qo‘ylar yilning yarmidan ko‘proq qismida yaylovda o‘tlab yursa, belgilangan tarzda ulardan zakot beriladi. Lekin yilning asosiy qismida pullik yem-hashak bilan boqilsa va ular tijorat uchun bo‘lmasa, zakot berilmasligi tayinlandi. Shuningdek, zakot yig‘uvchi mol egasiga zulm qilib hayvonlarning eng saralarini olishi mumkin emas.
Kambag‘allar holatini e’tiborga olingani esa quyidagilarda ko‘rinadi. Ehtiyojga qarab ikki yoki undan ko‘p yillik zakotni oldindan olib kambag‘allarga sarflash mumkin. Shuningdek, bitta nisob mavjud bo‘lsa, bir necha nisob uchun zakot olish ham mumkin. Bundan tashqari zakot mollarini kambag‘allarga zarur bo‘lgan boshqa mollarga (o‘z qiymatida) almashtirib berish ham mumkin. Yana boshqa bir qator jihatlar ham mavjud bo‘lib, ulardan ma’lum bo‘ladiki, zakot ibodatida muhtojlar ahvoli hech qachon nazardan chetda bo‘lmagan.
Endi mana shunchalik qulaylik bilan farz qilingan ibodatdan kim bosh tortsa, dunyo va oxiratda azobga duchor qilinishi ham adolatdandir.
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
Sayyid Jamol
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.