30 yanvar – O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kunga bag‘ishlanadi
Qur’oni karim – ma’naviyatimiz asosi
Mustaqillik tufayli millatimizga nasib etgan ulug‘ ne’matlardan biri dinga, jumladan islom diniga hamda uning asosiy manbasi Qur’oni karimni o‘rganishga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarishi bo‘ldi.
“Qur’oni karimni yaxshi bilgan kishi bu ilohiy kitobda insonparvarlik, tinchlik, osoyishtalik va boshqa dinlarga murosa bilan qarash targ‘ib qilinishini juda yaxshi biladi”, – deb ta’kidlagan edi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov.
Shuningdek, davlatimizning ilk asoschisi aytib o‘tganlaridek: “Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning xayrixoh tarafdorlari ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Buning asosiy sababi muqaddas dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi, odamzotni doimo ezgulikka chorlashi, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi beqiyos o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq. Xalqimizning ma’naviyatini shakllantirishga, har qaysi insonning Alloh marhamat qilgan bu hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor, ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta’sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, dinimizning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodlarimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda”.
Hech shubha yo‘qki, yuqorida ta’kidlanganidek, o‘zbek xalqining yaxshi fazilatlarga ega bo‘lishida islom dini va uning asosiy manbasi bo‘lgan Qur’oni karim beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillikdan avval yurtimizda diniy ta’lim-tarbiya sustlashib, uning o‘rniga xalqimiz ongiga dahriylik e’tiqodini zo‘rlik bilan singdirish siyosati yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘zbek xalqi ma’naviy jihatdan zaiflashdi. Bir necha avlod diniy bilimlardan bebahra qoldi. Milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimiz o‘z asoslaridan tamomila uzildi. Buning zamirida bir tomondan tariximizni soxtalashtirish, ikkinchi tomondan diniy savodsizlik va buyuk allomalarimizning ulkan ilmiy merosidan bexabarlik, keyinchalik esa ba’zi-bir yoshlarning turli diniy-siyosiy oqimlarning yengil o‘ljasiga aylanib qolish holati yuzaga keldi. Albatta, o‘tgan asrlarda ham turli firqa va oqimlar tomonidan muqaddas islom dinini o‘zlarining g‘arazli niyatlari tarafiga burib, noto‘g‘ri talqin qilish harakatlari bo‘lgan. Ammo aholining eng zarur diniy bilimlarga ega ekanligi hamda ulamolarimizning mazkur oqimlarga o‘z vaqtida dalil-hujjatlarga tayangan holda asosli zarba berib turishlari xalqimizni dindagi buzg‘unchilar ta’siridan saqlab qoldi. Bu borada buyuk allomalarimiz imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy va boshqa ulamolarimizning qilgan ulkan ishlari fikrimizning yaqqol dalilidir.
“Taassufki, – deb yozadi o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” nomli asarida Islom Karimov, – ba’zan Islom dini va diniy aqidaparastlik tushunchalarini bir-biridan farqlay olmaslik yoki g‘arazli maqsadda ularni teng qo‘yish kabi holatlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Shu bilan birga, Islom dinini niqob qilib, manfur ishlarni amalga oshirayotgan mutaassib kuchlar hali ongi shakllanib ulgurmagan, tajribasiz, g‘o‘r yoshlarni o‘z tuzog‘iga ilintirib, bosh-ko‘zini aylantirib, ulardan o‘zining nopok maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda. Bunday nojo‘ya harakatlar, avvalo, muqaddas dinimizning sha’niga dog‘ bo‘lishini, oxir-oqibatda esa, ma’naviy hayotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishini barchamiz chuqur anglab olishimiz va shundan xulosa chiqarishimiz darkor”.
Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda dunyoning turli burchaklarida diniy ekstremistik guruhlar paydo bo‘lib, ular o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish, musulmonlarning ongi va tushunchasini chalkashtirish maqsadida Qur’oni karim oyatlari hamda Hadisi sharif ma’nolarini o‘z foyda va xohishlariga burib, ayniqsa, Qur’oni karim oyatlarini o‘z ra’ylaricha tafsir qilish bilan shug‘ullanmoqdalar. Buning ta’sirida Qur’oni karim ilmidan jiddiy xabari bo‘lmagan ba’zi yoshlar orasida unday g‘alamislarning buzuq maqsadlarini anglamasdan, ularni katta olim deb hisoblab, to‘g‘ri yo‘ldan adashish hollari yuzaga kelmoqda. Shuning uchun Qur’oni karim oyatlarining mazmunini izchil va chuqur o‘rganish, bu ilmga ulkan hissa qo‘shgan movarounnahrlik buyuk mufassir olimlarimizning o‘lmas asarlari ustida tadqiqotlar olib borish aynan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bizga ko‘rsatib bergan eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib qoladi. Zero bunday buyuk zotning porloq xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Ilohim joyingiz jannatda bo‘lsin!
Abror ALIMOV,
Toshkent shahar
“Qatortol” jome masjidi imom-xatibi
Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi», deyiladi.
Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).
Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.
Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.
Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.
Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.
Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.
O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.
Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.
Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.
Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.
Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.