Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyun, 2025   |   10 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:56
Xufton
21:33
Bismillah
06 Iyun, 2025, 10 Zulhijja, 1446

Qadriyatlarmizni qadrlaylik

25.01.2017   5660   3 min.
Qadriyatlarmizni qadrlaylik

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattamizning haqini bilmasa, bizdan emas”, dedilar.

Bu – mashhur hadis. Mo‘min-musulmonlar kichiklarga, bolalarga rahm                                                                                                                                                                 qilishlari, mehribon bo‘lishlari, boshini silashlari, ayni paytda kattalarning hurmatini, e’zozini joyiga qo‘yishlari lozim. Bu ishlar mo‘minlarning siymosi, Islom jamiyati a’zosining belgisidir. Kichiklarga rahm qilmagan, kattalarga hurmat ko‘rsatmagan odamni.

Rasululloh (sollalohu alahi va sallam) “bizdan emas”, deyaptilar. Buni yaxshi anglab, amal qilishimiz kerak.

Ash’ariydan rivoyat qilinadi:  Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Soch-soqoli oqargan musulmonni, Qur’onni yod olgan, unda g‘uluvga ketmagan hamda unga jafo qilmaganni va adolatli hukumdorni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir”.

Hadislarda zikr qilingan sunnat va savobli, shuningdek, insoniy fazilatlardan hisoblangan amallarni xalqimiz asrlar davomida hayotiga tadbiq etib kelmoqda.

Biroq hozirgi globallashuv jarayonida o‘zga jamiyatlardagi holatlar, oynaijahon orqali namoish etilayotganining fuqarolarimizning xorijiy mamlakatlarga qatnovi ko‘paygani, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etilayotgan omillar, bir so‘z bilan aytganda, shiddat bilan tarqab borayotgan “ommaviy madaniyat”, afsuski, ba’zi hamyurtlarmizni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yaqinda bir oiladagi noxush voqiani eshitib juda hafa bo‘ldim. Farzandini yaxshi niyatlar bilan boqib katta qilgan, oliy ma’lumotli qilib ishga joylagan ota-onaga o‘g‘li ish joyidagi oylik maoshi kamligidan shikoyat qiladi. O‘zining orzu-havasiga yetmasligi va shunga o‘xshash vajlar bilan noliy boshlaydi. Otasi unga sabr-toqat bilan ish tutishini, hamma orzular birdaniga ro‘yobga chiqmasligini, barcha yaxshi niyatlarga mehnat ila erishish mumkinligini, agar moddiy tomondan yordam kerak bo‘lsa, otasi unga yordam berib turishga tayyor ekanini tushuntirishga harakat qiladi. Shunga qaramay navqiron yigit ota-onasining roziligisiz, ishxonasidagi rahbarlarni xabardor qilmagan holda, Birlashgan Amirliklarning Dubay shahriga ish izlab ketadi. U yerda ikki oy sarson-sargardon bo‘lib, ish topolmay, yuzi shuvit bo‘lib qaytadi. Natijada ish joyidan ajragan, ota-ona va mahalla-kuy oldida hijolatchilikda nima qilishni bilmay yuribdi.

 O‘ylamay bosilgan birgina qadam endi boshalanayotgan hayot yo‘liga katta to‘siq qo‘ydi. Yigit hadisi shariflarda vasf etilgan sabr, qanoat, mehnatkashlik, ota-ona hurmati kabi nasihat, ko‘rsatmalariga amal qilmasligi mustaqil hayotining dastlabki qadamlaridayoq pand yedi.

Islom dini bizlarni har bir ishni boshlashdan oldin kattalar, yoshi ulug‘lar bilan kengashishga maslahatlashib olishga chorlaydi. Xalqimiz hayotida qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bu ishlar, aslida ilohiy topshiriq bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ishlaringizda ular bilan maslahatlashing(Oli Imron, 159), demoqlik bilan Rasulini sahobalar bilan maslahatlashishga buyurmoqda. Demak, biz ham ushbu ilohiy ta’limotga amal qilib, maslahatgo‘ylarimizning tavsiyalariga amal qilmog‘imiz darkor.

Alloh taolo barchamizning komil insonlar sirasiga kirishimizni nasib etsin.  

Zayniddin ESHONQULOV,

 Samarqand viloyati vakilining o‘rinbosari,

“Imom Buxoriy” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   2459   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD