Bu voqea London shahrida bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilardan birining katta iti bo‘lib, uni Bob deb chaqirishar edi. Bob yong‘in bo‘layotgan joyga kirib, o‘t ichida qolib ketgan kichkina bolalarni qutqarishga o‘rgatilgan edi.
Bir kuni Bob va o‘t o‘chiruvchilar yonayotgan uy oldiga kelishdi. Uy alanga ichida qolgan, atrofda odamlar to‘plangan edi. Odamlar ichida bir ayol uy ichida ikki yashar qizchasi qolib ketganini aytib qattiq yig‘lardi. O‘t o‘chiruvchilar Bobni uy ichiga yuborishdi. Bob alanga ichiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bir ozdan keyin kichkina qizchani ko‘ylagidan tishlab olib chiqdi. Onasi qizini ko‘rib juda sevindi. Bobni bag‘riga bosib, boshini siladi. Lekin Bob yana uy ichiga intilar edi. Yonayotgan uyda yana kimdir bor bo‘lsa kerak, deb o‘ylab Bobni qo‘yib yuborishdi. Bob bir zumda olov ichida yo‘qoldi. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Hamma nafasini yutib Bobni kutar edi. Shu payt olov ichidan Bob otilib chiqdi. Yana bir qizchani ko‘ylagidan tishlab olib kelar edi. Hamma bolani olish uchun unga intildi. Bob yaqinlashganda qarashsa, u bola deb olib chiqqan narsa kattagina qo‘g‘irchoq ekan. Hamma kulib yubordi. Bob esa o‘zining qilgan ishidan mamnun bo‘lib odamlarga qarab turardi.
Ba’zan jonivorlarning fidoiyligi insonlar uchun havas qilarli darajada bo‘ladi.
Akbarshoh RASULOV
FITR SADAQASI NIMA UCHUN BЕRILADI?
Fitr sadaqasi – ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa. U Ramazon oyida behuda gap-so‘zlar, qilingan xato va kamchiliklarni yuvish hamda kambag‘al, miskinlar, yetim va bechoralarning ochliklarini ketkazish maqsadida joriy qilingan.
Imom Vaki’ ibn Jarroh rahimahulloh aytadilar: “Fitr sadaqasi – sahv sajdasiga o‘xshaydi. Namozning vojib amali tark bo‘lganda, sahv sajdasi bilan namoz to‘g‘rilangandek, fitr sadaqasi ham ro‘zaning kamchiliklarini to‘ldiradi”.
Hanafiy mazhabida fitr sadaqasi vojib amal hisoblanadi.
QACHON BЕRILISHI KЕRAK?
Fitr sadaqasini ramazon hayiti kuni tong otgandan ya’ni bomdod namozining vaqti kirgandan boshlab hayit namoziga chiqishdan oldingi vaqtga qadar berish vojib. Ramazon oyi boshlanishi bilan berilsa ham bo‘ladi.
Ammo hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Agarda kishi fitr sadaqasini hayit namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, lekin savobi ramazon oyida berganchalik bo‘lmaydi, ammo berishi shart. Ya’ni uni berolmay qolgan kishi zimmasida fitr sadaqasini berish vojib bo‘lib qolaveradi.
KIMLAR BЕRISHI KЕRAK?
Xur, nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan (fitr sadaqasining nisobida molning o‘suvchi bo‘lishi e’tiborga olinmaydi) musulmon erkak va ayolning zimmasiga fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Nisob miqdoridagi mulkka ega kishi balog‘atga yetmagan bolalari nomidan fitr sadaqasini berishi vojib.
Kishi ayoli va balog‘atga yetgan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib emas, balki ularning o‘zlari berishi maqsadga muvofiq sanaladi. Ammo balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.
Hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloq uchun ham otasi fitr sadaqa berishi vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun esa vojib bo‘lmaydi.
KIMLARGA BЕRILADI?
Fitr sadaqasi musulmon kambag‘al-miskinlarga beriladi. “Fatavoi Hindiya” kitobida keltirilishicha, fitrni berishda eng afzali, avvalo, (kambag‘al) aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ngra ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ngra ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari so‘ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqli hisoblanadi.
KIMLARGA BЕRILMAYDI?
Fitr sadaqasi nisob miqdoricha moli bo‘lgan boy kishiga, o‘zining ota-onasi, bobo-momosiga, o‘zining o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
Shuningdek, g‘ayridinga, fosiqqa, gunoh va ma’siyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.
Fitr sadaqasini muhtojlarning qo‘llariga qiymatini berish joiz. Bu pullar masjid qurilishi, umumiy xayriya ishlari uchun berilishi mumkin emas.
RO‘ZA TUTMAGANLAR HAM FITR SADAQASINI BЕRADIMI?
Biror uzr sababli ro‘za tuta olmaganlar ham o‘zlari yoki ular nomidan nafaqa berishi kerak bo‘lgan odam fitr sadaqasini berishi kerak.
FITR SADAQASI QANCHA MIQDORDA BЕRILADI?
2025 yil uchun har bir jon boshiga fitr sadaqasining miqdori:
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Eslatma! Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo‘lib, har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Davron NURMUHAMMAD