Qadim zamonda o‘qish va yozishni yomon ko‘radigan bir bola bo‘lgan ekan. U turli bahonalar bilan maktabga bormas, borganda ham berilgan vazifalarni bajarmay, faqat yomon baho olar ekan. Ota-onasining tanbehlariga quloq solmay, "Men katta bo‘lsam, cho‘pon bo‘laman, qo‘y boqish uchun o‘qish kerak emas", der ekan.
Bir kuni uylari yaqinidagi o‘tloqdan qo‘ziqorin terib kelish uchun chiqibdi. Qo‘ziqorinlarni terib yurib, uylaridan ancha uzoqlab ketibdi. Yurib-yurib uncha chuqur bo‘lmagan bir daryo sohiliga kelibdi. Narigi sohildan ham qo‘ziqorin termoqchi bo‘lib ko‘prik qidiribdi. Yaqin atrofdagi ko‘prik oldiga borib qarasa, uning chetidagi taxtachaga nimadir yozib qo‘yilgan ekan. Bola yozuvni o‘qiy olmabdi va to‘g‘ri narigi sohilga qarab yuribdi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganda u sinib, bola suvga tushib ketibdi. Ovozining boricha yordamga chaqiribdi. Shu orada qo‘ylarini o‘tlatib yurgan bir cho‘pon kaltagini uzatib, bolani suvdan chiqarib olib: "Nega bu ko‘prikdan o‘tding?! Ko‘prik ustidagi "Bu ko‘prikdan yurmang, nariroqda yangi ko‘prik bor", degan yozuvni ko‘rmadingmi?" deb so‘rabdi. Bola unga javoban: "Ko‘rdim, lekin o‘qiy olmadim, chunki men o‘qishni bilmayman", debdi. Shunda cho‘pon unga: "E bolam, hatto qo‘y boqish uchun ham o‘qish kerak", debdi.
Faraz qiling, agar cho‘pon o‘qishni bilmaganida o‘zini ham, qo‘ylarini ham halok qilgan bo‘lar edi.
Akbarshoh Rasulov
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV