frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islom jinoyatchilikni qoralaydi

06.04.2023   3296   3 min.
Islom jinoyatchilikni qoralaydi

Muqaddas dinimizda har-bir mo'minning o'ziga yarasha haq va majburiyatlari bor. Bularning barchasi Robbisiga qullik qilish asnosidagi vazifalardir. Ya'ni, ibodatlar va muomalotlar. Ibodatlar deganda, banda bajarishi kerak bo'lgan barcha farz va nafl amallarni o'z ichiga oladi. Namoz, ro'za, zakot, haj va hokazolar kabi. Muomalotlar deganda esa, eng avvalo ota-ona va farzand borasidagi haq-huquqlar, so'ngra qarindosh-urug', qo'ni-qo'shni va jamiyatda yashovchi har-bir inson bilan qilinadigan ijtimoiy muloqotlardir. Ushbularga amal qilish bu - Alloh taolo tomonidan ajrlarga, mukofotlarga sazovor bo'lishning boisi bo'lsa, ularga rioya qilmaslik, albatta insonni gunohkor bo'lishiga va azobga duchor bo'lishiga sabab bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: ''Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim'' (Zoriyot, 56). Ya'ni, ushbu oyatdagi ibodat ma'nosi, yuqorida zikr qilingan barcha haq va majburiyatlarni banda tomonidan ijrosini ta'minlab qo'yishdir. Shuning uchun ham dinni jamiyatda ahamiyati yuksak. Qaysi bir joyda din bo'lmasa, odamlar halol, haromning farqiga bormasa, gunohni nima ekanini anglamasa, oqibatini his etmasa, hohlagan ishini qilsa, tabiiyki, usha jamiyat parokandalikka yuz tutadi. Jinoyatchilik avj oladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ''Din nasihatdir'', deb bejiz aytmaganlar. Ya'ni, agar shu nasihatchi dinimiz bo'lmasa, Alloh asrasin, holatimiz ancha ayanchli bo'lardi. Qolaversa, musulmonchilikda itoatsizlik, jinoyatlar sari etaklaydigan har-qanday holat, hoh u moddiy, hoh ma'naviy bo'lsin, qattiq qoralangan.

Alloh taolo O'zining Kalomida shunday deydi: "Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir." (A'rof, 56). Bir joyga borib buzg'unchilik qilish, odamlarni bir-biriga gij-gijlab, fitnalar qilishning o'zigina emas, balki ko'pincha ko'zimiz ilg'amaydigan mayda xatoliklarga yo'l qo'yishni ham aytsa bo'ladi. Chunki gohida biz e'tibor qilmaydigan ushbu kamchiliklar bora-bora ulkan gunohlarga aylanib ketishi mumkin.

Qonunchiligimizda, bir jinoyat qilgan odamga ayrim holatlarda, bir nechta moddalar qo'llaniladi. Ya'ni, falon moddaning a va b bandiga asosan aybdor, deb topilsin, degan ma'noda. Dinimizda ham shu kabi holat bor. Ya'ni, bitta gunoh ishni qilish ortidan bir nechta xatolik qilgan odam sifatida baholash. Masalan, bir mo'minning uyini o'margan odamni olaylik. O'g'rilik qilishi bir gunoh. Mo'minning moliga tajovuz qilish harom, bu ikkinchisi. Birovning uyiga so'roqsiz kirishi esa, uchinchi gunohdir. Ya'ni, birgina o'g'rilik ketidan uch xil gunohni bo'yniga yuklab olmoqda. Albatta bunday misollarni boshqa ko'rinishdagi xatolarda ham keltirish mumkin. Aytmoqchi bo'lganimiz, inson qaysi jinoyatga qo'l urmasin, o'g'irlik, zino, qatl kabi ulkan gunohlar bo'ladimi, yoki boshqa mayda bezorilikmi, toki sidqidildan pushaymon bo'lib, tavbalar qilmas ekan, oqibati alamli azob bo'ladi, o'zgasi emas. Bu tushunchalarni esa, bugungi kunda o'sib kelayotgan avlodga to'g'ri singdirishga harakat qilmas ekanmiz, kelajakda o'zimizga og'ir yuk bo'ladi.

 

Qodirjon Umurzakov
Pop tumani «Muhammadjon qori»jome masjidining imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taniqli ulamolar "Imom Buxoriy" ordeni bilan taqdirlandi

22.08.2026   37017   1 min.
Taniqli ulamolar

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.

Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!

"Imom Buxoriy" ordeni:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;

Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;

Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!

Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari