frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

To‘y bazmidagi o‘ylar

13.01.2017   10854   1 min.
To‘y bazmidagi o‘ylar

To‘yxonaga oppoq liboslarda shahzodayu malika bo‘lib kelin bilan kuyov kirib kelishdi.  Kelin salom qilish maqsadida bir oz egilar ekan, xijolatdan kattalarning  nigohi yerga qadaldi.  Atrofdan: “Juda ochiq kiyinibdi”, “Etagini uzun qilgandan ko‘ra yelkasiga tashlasa bo‘lar ekan”, degan dashnomlar quloqqa chalinardi. 

Kelin-kuyov to‘rdagi o‘rindiqlarga borib o‘tirishdi. Kuyov kresloda yastanib o‘tirar ekan, xuddi “Mana ko‘rib qo‘yinglar, mening malikamni”, deyayotgandek edi.  Jo‘ralar, hatto to‘yga kelgan aksar erkaklarning nigohi shohsupada  malikalarday o‘tirgan (aslida malikalar sira ham bunday ochiq-sochiq kiyinishmaydi!) xushsurat kelinga qadalgan... Kelin yuzini ochib, bemalol o‘tirdi. Ammo men o‘ylar iztirobida qiynalardim... Axir harir parda ortidagi chehrani, bu nozik vujudni ko‘z-ko‘z qilish aslo mumkin emas.

To‘yni og‘riqli o‘ylar ila kuzataman. Ketma-ket kelgan taniqli xonandalar qo‘shiqlaridan davra yoshlar diskoteka zaliga aylandi-qoldi. Hatto kelin-kuyovni ham davraga olib chiqishdi. Hind seriallarida kuylanadigan qo‘shiqqa hamohang kelin-kuyov quchoqlashib valsga tushishdi. Bu manzarani qanday izohlash mumkin?! Hammaning nazari ikki yoshda. Atrofni o‘rab olgan yigitlarning qiy-chuvi... So‘ng kelin otasi bilan, keyin qaynotasi bilan ham raqsga tushdi... Qani sharqona odob-axloq, ibo-hayo?! Buni oddiy holatdek qabul qilayotganlarning oriyati, hamiyati qayerda qoldi?

Qizimizni turmushga uzatarkanmiz yoxud o‘g‘limizni uylantirarkanmiz, hayotining oila deb atalmish varag‘ini chiroyli odob-axloq, hayo-andisha bilan ochishida biz, kattalar to‘g‘ri saboq beraylik. Zero, millatimizning o‘ziga xos odobi, andishasi, mehr-muruvvati, iffati bor. Shuni aslo unutmaylik.

 

Munira ABUBAKIROVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

30.07.2026   13318   1 min.
Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ–275-son Qarori qabul qilindi.
 

Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.


Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.


Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.


2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.


Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi. 


Manba: https://lex.uz/uz/docs/-8350210


Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari