Xalqaro Yunesko tashkilotining Parij shahridagi qarorgohida, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Doktor Yusuf Usaymin va Birlashgan millatlar tashkiloti huzuridagi Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro “Yunesko” tashkilotining Bosh direktori Irina Bokova o‘rtasida o‘zaro suhbat bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bir qator xalqaro va mintaqaviy masalalar: hozirgi tahlikali vaziyatda madaniy merosni muhofaza qilish, terrorizm va ekstremizmga barham berish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida fikr almashildi.
Shuningdek, tomonlar islomofobiyaning salbiy oqibatlari hamda uning keng tarqalishini bartaraf etish masalasiga ham to‘xtalib o‘tishdi. Uchrshuvda, ikki tashkilot o‘rtasida 1979 yilda imzolangan hamkorlik bitimini yangilash, tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ikki tomon uchun muhim bo‘lgan bir qator masalalar borasida ham kelishib olishdi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan