Yurtimizning har bir o‘g‘loni uchun Vatanni himoya qilish, bu yo‘lda xizmat qilish, nafaqat or-nomus, yigitlik burch, balki sharaf va mas’uliyatdir. Chunki, har bir inson tug‘ilib o‘sgan yurtini, uning har qarich yerini ardoqlashi, shu zaminda istiqomat qiladigan munis ayollar, ota-onalar, opa-singillar va farzandlarini himoya qilish, ota-bobolarimizdan qon-qonimizga, jon-jonimizga singib ketgan yuksak fazilatlardandir. Vatan deganda biz har bir inson tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan zamin ekanligini tushunamiz. Vatanning haqiqiy farzandi uni ko‘z qorachig‘idek asrab, uning tinchligi va kelajagi uchun o‘z jonini berishga tayyor bo‘ladi. Odam farzandi uchun ota-ona yakka-yagona bo‘lgani kabi Vatan ham yagonadir. Vatan borki, biz bormiz. Ona bor mehrini farzandiga ataganidek, Vatan osmonida kulgan quyosh bizni o‘z harorati og‘ushida erkalaydi. Uning bag‘rida kulgan bahor – bizning bahorimiz. Yurtimizning dunyodagi obro‘-e’tibori, mavqeyining yuksalishi har birimizning chehramizda nur, ko‘zimizda chaqmoq, boshimiz tog‘lardek sarbaland, qaddimiz qoyalarday tik bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ona-O‘zbekistonimiz biz uchun shunday tengsiz, yagona, e’zozli, tanho Vatandir. Vatanga sadoqat, ona-yurtga muhabbat hissi kishi qalbidagi eng bebaho tuyg‘udir. Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashgan. Ularning so‘zi, ahdu paymonlari va qasamyodlari qilichdanda o‘tkir hamda keskir bo‘lgan. Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmadi. Ona-Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Bobur Mirzolar ibrati beixtiyor ko‘z oldimizga keladi. Buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temurning naqadar buyuk vatanparvar bo‘lganliklarini tarix juda yaxshi biladi. Ulug‘larimiz ta’kidlaganlaridek: “Millat g‘amida yongan, uning istiqboli va istiqloli yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib yashagan arbobni kelajak va tarix hech qachon unutmaydi. Amir Temur ana shunday tarixiy va unutilmas shaxsdir”.
Islom dini ta’limotida inson o‘zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug‘ amallardan ekanligi ta’kidlangan. Vatan himoyasi uchun harbiylar safida turish ham dinimizda ulkan savobli amal sanaladi. Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Alloh taolo roziligi yo‘lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishdan afzaldir”, deb marhamat qilganlar.
Hakimlar aytganlar: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”.
Vatanni himoya qilish – bu faqat qo‘lga qurol olib, chegaralarda hushyor turish emas, balki, Vatanning moddiy va ma’naviy boyliklarini, ulug‘ ajdodlardan bizga meros bo‘lib qolgan an’analarni, bag‘rikeng, sahovatli xalqimizning ezgu fazilatlarini, tilimizni, dinimizni, milliy qadriyatlarimizni, onalarni, otalarni, qorako‘z o‘g‘il-qizlarimizni, yoshlarning dunyoqarashini, tog‘u toshlarni, soy-so‘qmoqlarni, qo‘yingki, Vatanning gul-rayhonidan novda-niholigacha, ona-yer bag‘ridan otilib chiqayotgan mitti bulog‘idan boshlab hayqirib oqayotgan daryosigacha ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, bemavrid dovullardan himoya qilishimiz, bularning hammasini kelgusi avlodlarga bus-butun, joziba va tarovati bilan yetkazishimiz lozim. Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, tadbirkor yoxud bog‘cha tarbiyachisi bo‘ladimi, qayerda bo‘lmasin o‘z Vatanini himoya qilishi va jonajon Vatanimizning kelajagi, uning gullab yashnashi yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shmog‘i shart. Himoya qilish deganda faqat qurol ko‘tarib emas, kerak bo‘lsa bilim bilan, g‘animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi oliy vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
Vatan himoyasi yo‘lida uxlamasdan posbonlik qilgan kishining ko‘zi qiyomatda o‘z sohibini do‘zaxda kuydirmas ekan. Bu haqida Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasullulloh (s.a.v); “Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi”. (Termiziy rivoyati).
Hozirgi kunda Vatanimiz sarhadlarini himoya qiladigan mard va zabardas o‘zbek o‘g‘lonlarini, ularning harbiy salohiyati va qobiliyatlarini ko‘rib, qalbimiz o‘zgacha bir xursandchilik va xotirjamlikni his qiladi. Zero, farzandlarimiz yoshligidan vatanga xizmat qilishdek oliy sharafli vazifalarni bajarib, jonajon O‘zbekistonimizning tinchligi va asoyishtaligi abadiy bo‘lishligiga zamin yaratadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) “Farzandlaringizga suzish, kamon otish va ayollarga kasb-hunarni o‘rgatinglar” (Bayhaqiy rivoyati) deb ta’lim berganlaridek, jajji farzandlarimizga bolaligidanoq chavandozlik, merganlik, suvda suzish kabi mashqlarni puxta o‘rgatib, Ona-Vatanga, el-yurtga sadoqat ruhida buyuk ajdodlarimiz kabi imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash, Vatan himoyasi oliy saodat ekanligini, Vatanni himoya qilish bizning muqaddas burchimiz ekanligini o‘rgatish, barchamizning eng muhim vazifamizdir.
Tinch va osuda mamlakatimizda Vatan himoyachilari kunining umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi o‘sib kelayotgan yosh navqiron avlod qalbida vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhini yanada kuchaytirishi shubhasizdir.
Rahmatillo USMONOV,
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.