Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Yolg‘iz otalar

05.01.2017   10545   3 min.
Yolg‘iz otalar

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Rab­bingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!.. ” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro, 23).

Shokir ota ayoli Huriniso aya bilan baxtli hayot kechirdi. Farzandlarining barchasi hayotda o‘z o‘rnini topdi... Nevaralar ham birin-ketin voyaga yeta boshlashdi. Nevara kelin, nevara kuyov ko‘raman deb turgan payt Huriniso aya xastalanib, bandalikni bajo keltirdi.
Farzandlari onasining hamma ma’rakalarini o‘tkazishdi. Eng nufuzli to‘yxonalarda yuz kilolab oshlar damlandi. Ammo bularning hech biri Shokir otaning ko‘nglini yoritmadi. Uydagi har bir narsa ayolini eslatar, xotiralarini uyg‘otardi. O‘zi yolg‘iz qolsa, ancha vaqtgacha ko‘ziga uyqu kelmasdi. Keyingi paytlarda qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng qimmat dorilar ham, mohir shifokorlar ham dardini aritolmasdi.
           Otasining yolg‘izlikdan qiynalayotgani, kun sayin so‘lib borayotganini ko‘rgan kichik o‘g‘il bir kuni asta gap boshladi:
– Gapni nimadan boshlasam ekan?.. Onamni  hammamiz juda yaxshi ko‘rardik. Biroq taqdir ekan! Nima ham qilardik? Endi biz uchun muhimi – sizning borligingiz, salomatligingiz! Kim nima desa desin, menga sizning sog‘ligingiz, xotirjamligingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, soliha bir ayolni topib, nikohlab qo‘ysak?!
Shokir otaning ko‘zida yosh ko‘rindi. Kechagina do‘sti Turg‘un ham shu haqida gapirgandi. Erkak kishi keksayganida bir dardkashga muhtoj bo‘lib qolar ekan.
         “O‘g‘lim, boringga shukr, rahmat!” – deya oldi ota.
Kichik o‘g‘il otasini uylantirish haqida akasi va singlisiga maslahat solganida, katta janjal ko‘tarildi.

– Otam senga og‘irlik qilyaptimi?

– Uy-joyga ega chiqadigan kerakmi senga?

– Onamni sen unutgan bo‘lsang unutgandirsan, bizlar unutganimiz yo‘q!
           Shokir otaning dili qattiq og‘ridi, ko‘zlari namlandi. Aslida, onasining xotirasini aziz tutish haqida bong urayotgan shu farzandlar, onasi xastalanganda unga siltab muomala qilgan, qarashni malol olgan edilar. Ammo onaning vafotidan ke­yin ma’rakalarni el ko‘ziga, men farzandlik burchimni a’lo darajada bajarib qo‘ydim, deb o‘zini ko‘rsatish uchun dabdaba bilan o‘tkazayotgan edilar.

 Yaxshilikni inson tirikligida qilish kerakligini hamma biladi-yu, ammo... Ota-onasi, yaqinlari o‘tib ketgan insonlarning ko‘pchiligi marhumlarning ruhi shod bo‘lishi uchun qozon-qozon osh berishni o‘ylab yurishadi-yu, yolg‘iz qolgan ota yoki onaning, jigarlarning, tiriklarning g‘amini yeyish, qalbiga quloq solish xayoliga kelmaydi. Bu qanday bedodlikki, yolg‘izlanib qolgan, ertalab uyg‘onamanmi, yo‘qmi, deb tong ottirayotgan keksalarning hayotini boshiga yolg‘izlik tushmagan, qalbi yarimlik ko‘rmagan farzandlar hal qilsa!..        

Ularga otalar, onalar hayotini hal qilish huquqini kim berdi?!
Yolg‘iz keksalarning ko‘ngliga qarab, ular xohlasalar, yana turmush qurishlarini bir og‘iz aytib o‘tish farzandlardan lozimdir.
Bunday keksalarning taomini hozirlash, kiyim-kechagini but qilish bilan ularning yarim ko‘ngli to‘lib qolmaydi. Ularga bir hamdard, hamroh kerak.
 

Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   20295   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari