Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!.. ” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro, 23).
Shokir ota ayoli Huriniso aya bilan baxtli hayot kechirdi. Farzandlarining barchasi hayotda o‘z o‘rnini topdi... Nevaralar ham birin-ketin voyaga yeta boshlashdi. Nevara kelin, nevara kuyov ko‘raman deb turgan payt Huriniso aya xastalanib, bandalikni bajo keltirdi.
Farzandlari onasining hamma ma’rakalarini o‘tkazishdi. Eng nufuzli to‘yxonalarda yuz kilolab oshlar damlandi. Ammo bularning hech biri Shokir otaning ko‘nglini yoritmadi. Uydagi har bir narsa ayolini eslatar, xotiralarini uyg‘otardi. O‘zi yolg‘iz qolsa, ancha vaqtgacha ko‘ziga uyqu kelmasdi. Keyingi paytlarda qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng qimmat dorilar ham, mohir shifokorlar ham dardini aritolmasdi.
Otasining yolg‘izlikdan qiynalayotgani, kun sayin so‘lib borayotganini ko‘rgan kichik o‘g‘il bir kuni asta gap boshladi:
– Gapni nimadan boshlasam ekan?.. Onamni hammamiz juda yaxshi ko‘rardik. Biroq taqdir ekan! Nima ham qilardik? Endi biz uchun muhimi – sizning borligingiz, salomatligingiz! Kim nima desa desin, menga sizning sog‘ligingiz, xotirjamligingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, soliha bir ayolni topib, nikohlab qo‘ysak?!
Shokir otaning ko‘zida yosh ko‘rindi. Kechagina do‘sti Turg‘un ham shu haqida gapirgandi. Erkak kishi keksayganida bir dardkashga muhtoj bo‘lib qolar ekan.
“O‘g‘lim, boringga shukr, rahmat!” – deya oldi ota.
Kichik o‘g‘il otasini uylantirish haqida akasi va singlisiga maslahat solganida, katta janjal ko‘tarildi.
– Otam senga og‘irlik qilyaptimi?
– Uy-joyga ega chiqadigan kerakmi senga?
– Onamni sen unutgan bo‘lsang unutgandirsan, bizlar unutganimiz yo‘q!
Shokir otaning dili qattiq og‘ridi, ko‘zlari namlandi. Aslida, onasining xotirasini aziz tutish haqida bong urayotgan shu farzandlar, onasi xastalanganda unga siltab muomala qilgan, qarashni malol olgan edilar. Ammo onaning vafotidan keyin ma’rakalarni el ko‘ziga, men farzandlik burchimni a’lo darajada bajarib qo‘ydim, deb o‘zini ko‘rsatish uchun dabdaba bilan o‘tkazayotgan edilar.
Yaxshilikni inson tirikligida qilish kerakligini hamma biladi-yu, ammo... Ota-onasi, yaqinlari o‘tib ketgan insonlarning ko‘pchiligi marhumlarning ruhi shod bo‘lishi uchun qozon-qozon osh berishni o‘ylab yurishadi-yu, yolg‘iz qolgan ota yoki onaning, jigarlarning, tiriklarning g‘amini yeyish, qalbiga quloq solish xayoliga kelmaydi. Bu qanday bedodlikki, yolg‘izlanib qolgan, ertalab uyg‘onamanmi, yo‘qmi, deb tong ottirayotgan keksalarning hayotini boshiga yolg‘izlik tushmagan, qalbi yarimlik ko‘rmagan farzandlar hal qilsa!..
Ularga otalar, onalar hayotini hal qilish huquqini kim berdi?!
Yolg‘iz keksalarning ko‘ngliga qarab, ular xohlasalar, yana turmush qurishlarini bir og‘iz aytib o‘tish farzandlardan lozimdir.
Bunday keksalarning taomini hozirlash, kiyim-kechagini but qilish bilan ularning yarim ko‘ngli to‘lib qolmaydi. Ularga bir hamdard, hamroh kerak.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Saudiya Arabistonining nufuzli “Watan” gazetasida “Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz” sarlavhali keng maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Arab dunyosi o‘quvchilari e’tiboriga taqdim etilgan ushbu materialda O‘zbekistonning boy islom sivilizatsiyasi va madaniy merosi Markaziy Osiyo tarixi hamda zamonaviy taraqqiyotida tutgan o‘rni atroflicha yoritilgan.
Maqola muallifi ta’kidlaganidek, globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida haqiqiy hayrat va noyoblikni his qilish murakkablashib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonga qilingan tashrif insonga tarixiy manbalarda o‘qilgan bilimlarni aynan hayotda, ko‘z oldida qayta kashf etish imkonini beradi.
“O‘zbekistonda siz shunchaki tarixiy bilimlarni yodga olmaysiz, balki moziy va kelajak o‘rtasidagi xayoliy vaqt mashinasida yashaysiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarda kitoblarda o‘qilgan nomlar — Movarounnahr, Shosh, Farg‘ona vodiysi, Jayhun va Sayhun kabi geografik tushunchalar muhtasham me’moriy obidalar va tirik madaniyat ko‘rinishida namoyon bo‘ladi”, — deb yozadi muallif.
Nashrda Toshkentda Islom ta’limi, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unda hazrati Usmon Mus'hafining Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgani, shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Registon va Shohi Zinda obidalari, Hazrati Qusam ibn Abbos maqbarasi va Amir Temur maqbarasining betakror me’moriy go‘zalligi yuqori baholangan.
Muallif, shuningdek, Buxoroda tug‘ilib, butun islom dunyosiga dovrug‘ solgan Imom al-Buxoriy, matematika va astronomiya asoschisi Muhammad al-Xorazmiy, Imom at-Termiziy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida e’tirof etgan. Farg‘ona vodiysi shaharlari — Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonning tarixiy ahamiyati hamda ularning Arab yarim oroli va islom dunyosi bilan ko‘p asrlik madaniy-ilmiy aloqalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Maqola yakunida O‘zbekistonda yosh avlodning, xususan, universitet talabalari va volontyorlarning arab tilini mukammal egallab, zamon bilan hamnafas holda o‘z milliy va islomiy merosi bilan faxrlanib yashayotgani, mehmonlarni “Xush kelibsiz, Imom Buxoriyning mehmonlari!” deya samimiy kutib olishlari Saudiya Arabistoni delegatsiyasida alohida va chuqur taassurot qoldirgani ta’kidlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati