Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) – kechirimli zot

04.01.2017   5071   9 min.
Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) – kechirimli zot

Yahudiy olimi Zayd ibn Sa’ana Rasululloh (alayhissalom)dagi payg‘ambarlik sifatlari va alomatlarini sinchiklab o‘rgangan bo‘lsa-da, bashorat qilingan belgilardan ikkitasini aniqlamagandi. Zayd ana shu ikki alomatni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi.

Belgilardan biri Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning halimlik sifatlari g‘azablaridan ustunligi bo‘lsa, ikkinchisi, u zotga nisbatan nojo‘ya xatti-harakat qilinganda halimlik va yumshoqlik sifatlari yanada ziyoda bo‘lishi edi.

Shunday qilib, Zayd bu ishning tagiga yetish uchun Rasululloh (alayhissalom) bilan birga yuradigan bo‘ldi. Kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bir a’robiy qishlog‘ida ahvol og‘irligidan shikoyat qildi. Zayd buni bir chekkada turib eshitib turardi. Shundan keyin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Zayd Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Men sizdan falon-falon narsani palon pulga sotib olaman”, deb sakson dinorni oldilariga qo‘ydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dinorlarni a’robiyga berdilar. Keyin Zayd bilan falon kunda qarzlarini berishga kelishishdi. Lekin va’da qilingan kundan bir-ikki kun oldin Zayd atayin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga qarzini talab qilib bordi. Zaydning o‘zi bunday hikoya qiladi: “Men u zot yaqinlariga keldim-da, ustki kiyimlaridan qattiq tortdim. Hatto kiyimlari yelkalaridan tushib ketdi. So‘ng qovog‘imni solib, yuzimga jiddiy tus berib: “Ey Muhammad, qarzingni bermaysanmi?! Allohga qasamki, sizlar –Abdulmuttalib urug‘i qarzni bermay cho‘zib yurasizlar! Men orangizda aralashib yurganim uchun bundan xabardorman”, dedim. Bu gapni eshitib turgan Umar ibn Xattob qattiq g‘azablanib: “Ey Allohning dushmani, hali sen Rasululloh (alayhissalom)ga shunday muomala qilyapsanmi?! U zotni haq ila yuborgan Allohga qasamki, haq to‘lanmay qolib ketishidan qo‘rqmaganimda edi, boshingni tanangdan judo qilgan bo‘lardim”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Umar (roziyallohu anhu)ga tabassum qilib qo‘ydilar-da: “Men bilan u bundan boshqa muomalaga muhtojroqmiz, u ham bo‘lsa meni qarzni chiroyli ado etishimga, uni esa qarzni go‘zal holda talab etishiga buyurmog‘ingdir. Ey Umar, u bilan borgin-da, haqini to‘lab ber va qo‘rqitganing badaliga yigirma so’ xurmo ham qo‘shib ber”, dedilar.

Bu gapdan so‘ng qalbim xotirjam tortdi, chunki payg‘ambarlik belgilaridan yana biri o‘z tasdig‘ini topdi. Umar (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amrlarini bajardi. Shunda men:

  • Meni taniysanmi, Umar? – dedim.
  • Yo‘q, kimsan? – so‘radi Umar (roziyallohu anhu)r.
  • Men Zayd ibn Sa’anaman, – dedim.
  • Yahudiy olimi Zaydmi? – so‘radi yana.
  • Ha, – deb javob berdim.
  • Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bunday muoamala qilishing, qo‘pol so‘zlarni aytishingni sababi nima?” – deb so‘radi.
  • Men U zotning kechirimlilik sifatlarini sinab ko‘rmoqchi edim – dedim men.

*****

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga edim. U zot ustilariga dag‘alroq kiyim kiygan edilar. Bir a’robiy u zotning ridolaridan qattiq tortdi, hatto kiyimlarining cheti muborak bo‘yinlarini qirib yubordi. Keyin a’robiy: “Ey, Muhammad, mana bu ikki tuyamga Alloh taolo senga bergan mol-dunyodan yuklab ber. Chunki, sen o‘zingni molingdan ham, otangni molidan ham menga biror narsa bermagansan!” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir oz sukut saqlab turdilar-da, so‘ng: “Molu davlat – Alloh taolonikidir. Men U Zotning bandasiman”, dedilar. Keyin gaplarini davom ettirib:

  • Ey a’robiy, sendan menga nima qilgan bo‘lsang, o‘shaning qasosi olinadi, – dedilar.
  • Yo‘q, – dedi u.
  • Nima uchun, – dedilar.
  • Chunki sen yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmaysan, – dedi.

Bu gaplardan Rasul (alayhissalom) kuldilar va sahobalarga bir tuyasiga arpa, boshqa biriga esa xurmo yuklab berishlarini buyurdilar”.

*****

Badr g‘azotida Safvon ibn Umayya otasi va akasidan ayrildi, Umayr ibn Vahbning o‘g‘li Vahb asir olingan edi. Safvon amakisining o‘g‘li Umayr ibn Vahb bilan Baytullohdagi Hijr oldida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning joniga qasd qilishga kelishib olishdi. Ushbu kelishuvga ko‘ra Safvon Umayrning qarzlarini to‘lab, farzandlarini o‘z qaramog‘iga olishi shart edi. Shundan so‘ng Umayr xabar fosh bo‘lmasligi uchun Safvondan bu suhbatni sir saqlashini so‘radi.

Safvon esa bir qilichni o‘tkirlab, unga kuchli zahar surtdi va uni Umayrga topshirdi. Umayr qilichni yashirib, Madinaga otlandi. Ko‘zlagan manziliga yetgach, avvalo masjidga kirdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni ko‘rib:

  • Ey Umayr, seni bu yerlarga qanday shamol uchirib keldi, – deb so‘radilar.
  • Asir tushgan o‘g‘lim Vahbning oldiga keldim, – javob berdi Umayr.
  • Bu yerga kelishingning asl sabab shumi? – so‘radilar yana.
  • Ha, bu yerga o‘g‘limni deb keldim, – dedi u.

Shunda Payg‘ambar (alayhissalom):

  • Hijrda Safvon bilan nimalarni shartlashgan eding? – dedilar.

Bu gapni eshitib Umayrning rangi o‘zgarib ketdi.

  • Nimani shartlashibman?! – dedi hayajonini yashirib.
  • Meni qatl etishing evaziga oilangni qaramog‘iga olishini zimmasiga yuklatding-ku! Albatta Alloh meni sendan to‘suvchidir, – dedilar.

Bunday bo‘lishini kutmagan Umayr:

  • Guvohlik beramanki, albatta siz Alloh taoloning Rasulisiz! Bu gaplar Safvon bilan mening o‘rtamda Hijrda bo‘lib o‘tgani rost. Biroq u yerda ikkimizdan boshqa hech kimsa yo‘q edi. Aniq bilamanki, buni sizga Alloh taolo bildirgan. Men Allohga va rasuliga iymon keltirdim – dedi.

Mazkur voqeadan ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlarini qatl etmoqchi bo‘lganlarni kechirib yuborganlariga guvoh bo‘ldik.

*****

Payg‘ambar (alayhissalom) Hunayn tomon yo‘lga chiqqanlarida, insonlar orasida Uhud jangida otasi va amakisi qatl etilgan Shayba ibn Usmon ham bor edi. Shayba: “Hozir Quraysh qavmi bilan Hunayndagi Havozinga boraman. Shoyadki, hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib turganida Muhammadning yolg‘iz yurganini ko‘rib qolsam. Shunda butun Qurayshning o‘chini olgan men bo‘lsam”, deb, u zotni qatl etishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.

Shayba o‘zining ilgari: “Agar arab va ajamlardan birortalari qolmay Muhammadga ergashsa ham, men hech qachon unga ergashmayman”, deganlarini eslab shunday dedi: “Men Muhammadni qatl qilish maqsadida payt poylay boshladim. Tobora uni qatl etishga bo‘lgan rag‘batim tobora kuchayib borar edi. Bir payt musulmonlar Rasululloh (alayhissalom)ning oldidan tarqalib ketishdi. U zotni yolg‘iz ko‘rib fursatni qo‘ldan boy bermay deb, darhol qilichimni qinidan chiqardim. O‘ldirmoqchi bo‘lib endi tashlanay deganim-da, xuddi yashin kabi olov parchasi ko‘tarilib, menga qarab kelayotganday bo‘ldi. Nima qilarimni bilmay, qo‘rqanimdan ikki qo‘lim bilan ko‘zimni yopib oldim”, dedi. Ibn Is'hoq (rahmatullohi alayh) qilgan rivoyatda esa Shayba bunday deydi: “O‘shanda Muhammadni endi qatl qilay deganimda, birdan bir narsa yuragimni qamrab oldi, hatto qimirlashga madorim qolmadi”, degan ekan. Shayba gapini davom ettirib aytadi: “(Bu holatni ko‘rgan) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni chaqirdilar: “Ey Shayba, oldimga kel”, dedilar. Bordim, u zot ko‘ksimni silab qo‘ydilar va: “Ey Alloh, uni shaytondan saqlagin”, deb duo qildilar. Shayba: “Allohga qasamki, duo qilingan lahzadan boshlab Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) menga qulog‘im, ko‘zim va o‘zimdan ham sevikliroq bo‘lib qoldi. Alloh taolo qalbimdan adovatni ketkazdi”, dedi. So‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Shaybaga: “Yaqinlashgin va (dushmanlarga qarshi) kurashgin”, dedilar. Shayba: “Men qilichimni ko‘tarib, u zotning old tomonlariga o‘tib oldim. O‘shanda men o‘z jonimni fido qilib bo‘lsa ham u zotni barcha narsadan himoya qilishdan boshqasini o‘ylamasdim. Agar otam tirikliklarida menga ro‘baro kelib qolganida ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni himoya qilib, unga qarshi chiqqan bo‘lardim”, dedi”.

G‘iyosiddin BARATOV,

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xivada zamonaviy "Arda Xiva" majmuasi ochildi

02.05.2025   1802   4 min.
Xivada zamonaviy

 

Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.

 

Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.

 

Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.

 

Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.

 

"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.

 

Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.

 

Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.

 

Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.

 

Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

 

Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

 

Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.

 

Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

 

- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari