Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Payg‘ambar alayhissalom zuhdlari qanday bo‘lgan?

14.12.2016   5180   4 min.
Payg‘ambar alayhissalom zuhdlari qanday bo‘lgan?
  1. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning eng zohidi edilar. U zotdagi faqirlik majburiy emas, balki ixtiyoriy bo‘lganining o‘zi naqadar zohid bo‘lganlariga dalolat qiladi. Chunki fathlar bo‘layotgan, mol-dunyo oqib kelayotgan paytda ham mol-davlatdan to‘liqligicha yuz o‘girdilar. Bo‘yra ustida uxlaganlarida muborak yonboshlarida uning izi qolar edi. U zot (alayhissalom)ga: “Ostingizga yumshoqroq narsa to‘shab qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?!” deb aytilganda, “Men bilan dunyoning misoli yozning jazirama kunida safarga chiqqan yo‘lovchi kabidir. O‘sha musofir daraxt ostida mizg‘ib oladi, so‘ng dam oladi, so‘ng tark etadi”, deb javob berganlar.
  2. Alloh taolo u zot alayhissalomga Makkadagi Batho tog‘ini tillaga aylantirib berishni taklif qilganda, “Yo‘q. Ey, Rabbim, men bir kunimni tashna o‘tkazsam, boshqasida och qolaman. Agar och qolsam, senga hamd va shukur aytaman. Agar chanqasam, senga tazarru qilib, duo qilaman”, deb javob berganlar.
  3. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dunyodan oz narsaga ham qanoat qilar edilar va: “Allohim, Muhammad oilasining rizqini bir kunlik yemak qil”, derdilar.
  4. Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hech qachon nonushtadagi taomni kechki payt, kechki paytdagi taomni nonushtada ko‘tarib yurmaganlar (ya’ni, yemaganlar). Shuningdek bir narsani ikkitadan qilib olmaganlar, u ikki ko‘ylak yo ikki rido yo ikki izor yoxud ikki juftdan iborat oyoq kiyim bo‘lsin”.
  5. U zot (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlari uchun hech narsani saqlab qo‘ymaganlar. Biror narsa kelganda, saqlab qo‘ygan bo‘lsalar, u oilalari uchun edi. Uch kunlab u zot va ahllari bug‘doy nonini yeb, qorinlari to‘ymay yurardi. U zot shu holda bu dunyoni tark etganlar” (Imom Ahmad va Muslim rivoyati).
  6. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambar bo‘lganlaridan to vafotlariga qadar elangan undan qilingan non yemaganlar.
  7. Bir ikki oylab vaqt o‘tsa hamki, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning uylarida olov yoqilmasdi, yeguliklari faqat xurmo bilan suv bo‘lgan. Bir kuni Fotima (roziyallohu anhu) bir bo‘lak non olib keldilar. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bu bo‘lak nima?” deb so‘radilar. Fotima onamiz: “Non pishirgan edim. Sizga bularni olib kelmaguncha yeyishga ko‘nglim bormadi”, dedilar. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu uch kundan beri otangizning og‘ziga kirgan ilk taom bo‘ladi”, dedilar.
  8. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlarida bir yahudiy kishiga sovutlarini garovga qo‘yib, oilalariga berish uchun o‘ttiz so’ arpa olgan edilar.
  9. Jobir (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam0 va as'hoblari xandaq qaziyotgan paytlarida uch kun tuz totishmadi. Bir payt: “Yo Rasululloh, mana bu yerda katta xarsang tosh bor ekan”, deyishdi. U zot (alayhissalom): “Unga suv sepinglar”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, Jobir (roziyallohu anhu): “Bir payt qarasam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qornilariga tosh bog‘layotgan ekanlar”, deganlar.
  10. Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hech ham qorinlari bir kunda ikki taomga to‘ymagan holda bu dunyodan o‘tganlar. Agar xurmoga to‘ysalar, arpaga to‘ymasdilar. Arpaga to‘ysalar esa, xurmoga to‘ymasdilar”.
  11. Utba ibn G‘azvon (roziyallohu anhu) aytdilar: “Yodimda, men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga hamroh bo‘lgan yetti kishining biri bo‘lgandim. Bizda faqatgina samur daraxtining bargi bor edi. (Uni yegamizdan) og‘izlarimizga yara toshib ketgandi”.
  12. Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kunda ikki marta non va yog‘ga qorinlari to‘ymasdan vafot etdilar”.
  13. Anas (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Rabbilarining huzuriga ketgunlaricha yumshoq nonni ham samit qo‘y go‘shtini ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlarini bilmayman. (Izoh: Samit qo‘y go‘shi degani – juni issiq suv bilan shilib olinib, terisi bilan qovurilgan qo‘y go‘shtidir).

 

G‘iyosiddin BARATOV

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi tarjima qildi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

23.07.2025   7526   1 min.
Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

Savol: Mo‘miyo  halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.