Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2025   |   20 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:03
Quyosh
05:31
Peshin
12:33
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:49
Bismillah
14 Avgust, 2025, 20 Safar, 1447

“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot... masalasidir”

13.12.2016   30067   5 min.
“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot... masalasidir”

Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur  ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini yaxshi anglaymiz. Tarbiya masalalariga e’tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Ammo bugun kishilarimizga ana shu hakikatni aytsangiz sizga: “Nima qilay, ishlamasang bo‘lmasa!”, “Ko‘ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning yeb-ichishiyu, kiyim kechagi ...”, “Ha endi o‘zi omon bo‘lsa, tarbiyasi bir gap bo‘lar...”

Yo‘q, tarbiya “bir gap bo‘ladigan” narsa emas. Uning uchun jon kuydirish shart. Mol dunyo kiyim kechakka hirs qo‘yish dardidan forig‘ bo‘lib, tarbiya bilan shug‘ullanish kerak.

Go‘yo ko‘pchilikning farzand tarbiyasi bilan band bo‘lishga ortiqcha vaqti yo‘q emish. Vaholanki, tarbiya masalalari bilan ortiqcha vaqtda emas, har daqiqada shug‘ullanish darkor. Olimlarning aniqlashicha, bir sutkada farzand tarbiyasi uchun faqatgina o‘n ikki daqiqagina vaqt ajratadigan ota-onalar bor ekan. Bu daqiqalar ham asosan dasturxon atrofida o‘tirganda, bola ko‘chaga chiqayotganda, maktabga ketayotgandagi beriladigan kichik tanbehlarga sarf bo‘larkan, xolos.

Buyuk vatandoshimiz Imom G‘azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning sa­vobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi”.

 Aziz ota onalar, bu borada olib borayotgan ishlaringizga bir nazar tashlab ko‘ring-a?! Siz buni qay daraja uddalayapsiz, farzandingizga, uning tarbiyasiga qancha vaqt ajratyapsiz?

Zero, bugun ilm-fan va ta’lim izchil rivojlanib borayotgan bir davrda hech shak-shubhasiz tarbiya ta’limning asosida turishi shartdir. Shunday ekan, ilm-fan ta’lim-tarbiya asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, har bir pedagog, muallim va ustozning ta’lim berishdan maqsadi –kelajagi porloq, Vatan va el-yurt xizmatida turadigan kadrlarni tarbiyalash bo‘lar ekan, bunday ta’lim-tarbiya o‘z samarasini bermay qolmaydi. Ya’ni, bugungi kunning o‘qituvchi va muallimi o‘zi ta’lim berayotgan shaxsga fidoyilik bilan ta’lim berishi, qolaversa jonkuyar tarbiyachi bo‘lishi shart.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek: “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”. Shunday ekan, ta’lim va tarbiya ishini uyg‘un holda olib borish talab etiladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liqdir. Shu sababli har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o‘nib-o‘sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta’lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.

Birinchi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek: “Ma’naviyatni shakllantirishga bevosita ta’sir qiladigan yana bir muhim hayotiy omil – bu ta’lim-tarbiya tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun ma’naviyatni shakllantirishda ta’lim va tarbiyaning o‘rni va ahamiyati katta hisoblanadi”.

Ma’lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan. Albatta, ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o‘zgartirmasdan turib, ma’naviyatni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta’lim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa ma’naviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasida esa ma’naviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Muhtaram birinchi Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida farzandlarimizning ma’naviy tarbiyasi haqida alohida to‘xtalib: “Agar biz bu masalada hushyorlik va sezgirligimizni, qat’iyat va mas’uliyatimizni yo‘qotsak, bu o‘ta muhim ishni o‘z holiga, o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, muqaddas qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan va ulardan oziqlangan ma’naviyatimizdan, tarixiy xotiramizdan ayrilib, oxir-oqibatda o‘zimiz intilgan umumbashariy taraqqiyot yo‘lidan chetga chiqib qolishimiz mumkin”, – degan fikrlarini doimo yodda tutishimiz kerak. Eng muhimi, farzandlarimizni sog‘lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an’analariga sodiq bo‘lishsin.

 

O‘tkir G‘UZAROV,

 “Xoja Buxoriy” nomli o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda

12.08.2025   6004   1 min.
Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda

Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda. 

Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan. 

Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda. 

Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi. 

Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar. 

Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy,  Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.  

Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda
O'zbekiston yangiliklari