Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini yaxshi anglaymiz. Tarbiya masalalariga e’tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Ammo bugun kishilarimizga ana shu hakikatni aytsangiz sizga: “Nima qilay, ishlamasang bo‘lmasa!”, “Ko‘ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning yeb-ichishiyu, kiyim kechagi ...”, “Ha endi o‘zi omon bo‘lsa, tarbiyasi bir gap bo‘lar...”
Yo‘q, tarbiya “bir gap bo‘ladigan” narsa emas. Uning uchun jon kuydirish shart. Mol dunyo kiyim kechakka hirs qo‘yish dardidan forig‘ bo‘lib, tarbiya bilan shug‘ullanish kerak.
Go‘yo ko‘pchilikning farzand tarbiyasi bilan band bo‘lishga ortiqcha vaqti yo‘q emish. Vaholanki, tarbiya masalalari bilan ortiqcha vaqtda emas, har daqiqada shug‘ullanish darkor. Olimlarning aniqlashicha, bir sutkada farzand tarbiyasi uchun faqatgina o‘n ikki daqiqagina vaqt ajratadigan ota-onalar bor ekan. Bu daqiqalar ham asosan dasturxon atrofida o‘tirganda, bola ko‘chaga chiqayotganda, maktabga ketayotgandagi beriladigan kichik tanbehlarga sarf bo‘larkan, xolos.
Buyuk vatandoshimiz Imom G‘azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi”.
Aziz ota onalar, bu borada olib borayotgan ishlaringizga bir nazar tashlab ko‘ring-a?! Siz buni qay daraja uddalayapsiz, farzandingizga, uning tarbiyasiga qancha vaqt ajratyapsiz?
Zero, bugun ilm-fan va ta’lim izchil rivojlanib borayotgan bir davrda hech shak-shubhasiz tarbiya ta’limning asosida turishi shartdir. Shunday ekan, ilm-fan ta’lim-tarbiya asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, har bir pedagog, muallim va ustozning ta’lim berishdan maqsadi –kelajagi porloq, Vatan va el-yurt xizmatida turadigan kadrlarni tarbiyalash bo‘lar ekan, bunday ta’lim-tarbiya o‘z samarasini bermay qolmaydi. Ya’ni, bugungi kunning o‘qituvchi va muallimi o‘zi ta’lim berayotgan shaxsga fidoyilik bilan ta’lim berishi, qolaversa jonkuyar tarbiyachi bo‘lishi shart.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek: “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”. Shunday ekan, ta’lim va tarbiya ishini uyg‘un holda olib borish talab etiladi.
Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liqdir. Shu sababli har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o‘nib-o‘sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta’lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.
Birinchi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek: “Ma’naviyatni shakllantirishga bevosita ta’sir qiladigan yana bir muhim hayotiy omil – bu ta’lim-tarbiya tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun ma’naviyatni shakllantirishda ta’lim va tarbiyaning o‘rni va ahamiyati katta hisoblanadi”.
Ma’lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan. Albatta, ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o‘zgartirmasdan turib, ma’naviyatni rivojlantirib bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta’lim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa ma’naviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasida esa ma’naviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Muhtaram birinchi Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida farzandlarimizning ma’naviy tarbiyasi haqida alohida to‘xtalib: “Agar biz bu masalada hushyorlik va sezgirligimizni, qat’iyat va mas’uliyatimizni yo‘qotsak, bu o‘ta muhim ishni o‘z holiga, o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, muqaddas qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan va ulardan oziqlangan ma’naviyatimizdan, tarixiy xotiramizdan ayrilib, oxir-oqibatda o‘zimiz intilgan umumbashariy taraqqiyot yo‘lidan chetga chiqib qolishimiz mumkin”, – degan fikrlarini doimo yodda tutishimiz kerak. Eng muhimi, farzandlarimizni sog‘lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an’analariga sodiq bo‘lishsin.
O‘tkir G‘UZAROV,
“Xoja Buxoriy” nomli o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim qoddasallohu sirroh aytar edilar: "Uyda ba’zi narsalar umumiy bo‘ladi, ulardan hamma foydalanadi. Faqat ularni ishlatib bo‘lgach, tayin qilingan joyga qo‘yish kerak. Misol uchun choynak, piyola, sovun...".
Hammasining tayin joyi bor. Shu o‘rinda muhim gap bor — bu narsalarni ishlatib bo‘lgach, joyiga qo‘ymaslik gunohdir! Ammo biz bu gunohdan bexabarmiz. Chunki har kuni takrorlanaverib, odatiy holga aylanib qolgan. Kimdir o‘sha kerakli narsani ishlatmoqchi bo‘lib, topa olmasa, tabiiy, mashaqqat va ozor chekadi. Biror musulmonga aziyat berish esa, gunohi kabiradir. Hech birimizning xayolimizga bu ishning ham gunoh ekani kelmagan bo‘lsa kerak. Biz narsalarni joyiga qo‘yishni dinga aloqasiz, balki dunyoga tegishli, uyni tartiblashga oid ish deb o‘ylab kelganmiz.
Yodda tuting! Din ko‘rsatmasi bo‘lmagan hayotning biror go‘shasi yo‘q. Barchamiz xolis qaraylik, shu narsaga e’tibor beramizmi, o‘zgalarga aziyat yetmasligi uchun umumiy narsalarni ishlatgandan keyin ularni tayin qilingan joyiga qo‘yamizmi? Aslida, bu narsalar arzimagandek tuyuladi, lekin unga bee’tiborlik sababli gunohlarga mubtalomiz. Sababi, biz dinni to‘la tushunmaymiz, uning uchun qayg‘urmaymiz, ko‘pchiligimizda Alloh taoloning huzurida turish hissi yo‘q. Ikkinchi tarafdan, johillik va bexabarlik ham ancha urchigan.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan