Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Rasulullohga muhabbat qo‘yish - dunyo va oxirat saodati

09.12.2016   7643   6 min.
Rasulullohga muhabbat qo‘yish - dunyo va oxirat saodati

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga muhabbatni imonning bir bo‘lagi qilgan va U zotning sunnatlarini eng to‘g‘ri yo‘l qilib bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Nima uchun biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, u kishini sevamiz? Chunki, Alloh bizlarni  zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga shu Zot tufayli olib chiqqandir. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning shariat qilib bergan dinini to‘la-to‘kis, Rabbimiz amr etgani kabi yetkazib, omonatini mukammal sizu biz ummatlariga topshirganlar. Bu ishlarni biz ummatlarini juda ham yaxshi ko‘rganlari va mehr-shafqatlarini go‘zal bo‘lganlaridan ado etganlar. Bas, shunday ekan Alloh taolo U zoti sharifni chiroyli mukofotlar bilan siylasin. O‘z Rasulini sevish va muborak izlaridan ergashishni bizga, farzandlarimizga va barcha insonlarga nasib etsin. 

Payg‘ambarga sevgi-muhabbat deganda nimani tushinmoq kerak? Ya’ni, har bir musulmon kishi qalbini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga moil qilib, boshqa barcha narsalarning muhabbatidan U zotga bo‘lgan muhabbatni ustun ko‘yish demakdir.  Aslida, muhabbat deganda - muhabbat qo‘yilgan narsaga muvofiq bo‘lgan xolatni tushuniladi. Moyillik esa - u bilan lazzat olish va ma’qul ko‘rish demakdir. Xuddi bir narsani suratini, ovozini  yoki bo‘lmasa taomni suyganga o‘xshash. Inson o‘z aqli bilan lazzat olishi botiniy ma’no hisoblanib, bu solih, olim va fazl ahllarini muhabbatlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatda bularning hammasi mujassam bo‘lmog‘i darkor. Bu muhabbat insonni zohiriy va botiniy go‘zallik, jami ulug‘lik xislatlarini kamoli, fazilatlarning barcha turi, eng to‘g‘ri yo‘lda mustaqim bo‘lishi, ne’matlarning davomiyligi va abadiy azobdan xalos bo‘lish kabi ma’nolarga ega qiladi.

  Shunday ekan, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga har taraflama rishtalarni bog‘lab, qalbimizni hissiy va ma’naviy, aqliy tomondan ma’rifat va ilm bilan, siyratlari va hadislarini yod olish hamda sunnatlariga ergashish orqali muhabbatlarimizni isboti bo‘lsa, sunnatlariga amal qilish a’zolarning muhabbati tasdig‘i bo‘ladi. Ammo sunnatlariga ergashsa bo‘ldi shuni o‘zi muhabbatga kifoya qiladi deyilgani emas, albatta. Balki muhabbat qalb va nafs bilan uyg‘unlashgandagina mukamal o‘z ifodasini topadi. Shundagina musulmon odam vijdonan qalb amallarini eng yaxshisini bajargan bo‘ladi. Shu sabab insonlarning muhabbat darajalari bir-biridan farqlanadi.

 Muhabbatur-rasul vojib amal ekaniga quyidagi oyat dalolat qiladi:

 قُلْ إِنْ كَانَ آَبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ وَإِخْوَانُكُمْ وَأَزْوَاجُكُمْ وَعَشِيرَتُكُمْ وَأَمْوَالٌ اقْتَرَفْتُمُوهَا وَتِجَارَةٌ تَخْشَوْنَ كَسَادَهَا وَمَسَاكِنُ تَرْضَوْنَهَا أَحَبَّ إِلَيْكُمْ مِنَ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَجِهَادٍ فِي سَبِيلِهِ فَتَرَبَّصُوا حَتَّى يَأْتِيَ اللَّهُ بِأَمْرِهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ

“Ayting (ey, Muhammad): “Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo‘lishidan qo‘rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo‘lidagi jiddu-jahd qilishdan (ko‘ra) suyukliroq bo‘lsa, (unda) to Alloh o‘z amri (azobini) keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay” (Tavba surasi, 24-oyat).

Mazur oyati karimada Alloh va payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga muhabbat hamma narsalarning muhabbatidan oldin turishlikka da’vat qiladi. Boshqa oyati karimada:

 النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ ...

“Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir...” (Ahzob surasi, 6-oyat). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha imonlari komil bo‘lmagay, deganidir.

Hadisi sharifda esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “mo‘min bo‘la olmaydi” deganlaridan murod, komil imonli mo‘min bo‘la olmaydi, deganlaridir. Shu bilan birgalikda bu hadis musulmon kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish vojib ekanligiga dalolat qiladi. Shundagina, haqiqiy imon egasi, najot topuvchi kishiga aylanar ekan.

Ulamolarimiz kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga kuyidagi o‘n ish dalolat qiladi.

  • Hayotlik chog‘larida U zotga yordam berish va vafotlaridan keyin sunnatlariga amal qilish;

  • U zotning suhbatlariga qiziqish. Bu ish faqat sahobalarga xos bo‘lsada, ulardan keyingi kelgan musulmon avlodiga U zotni hech bo‘lmasa tushda ko‘rishni orzu qilish orqali o‘z isbotini topadi;

  • Amrlariga bo‘ysinish;

  • U zotning sunnatlariga amal etmaslik, muhabbat qilmaslik ila gunohkor bo‘lib qolishdan extiyot bo‘lish;

  • Ko‘p salavot yo‘llash;

  • Sunnatlariga boshqalarni targ‘ib etish;

  • Bid’at xurofotlardan o‘zini olib qochish;

  • Sahoba va ahli baytni yaxshi ko‘rish;

  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan ziynatlanish;

  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishda xaddan oshmaslik.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasllam huzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Qiyomat qachon bo‘ladi?”, deb savol qildi. “Sen qiyomatga nimani hozirlab qo‘yding?”, dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Savol bergan kishi: “Men Alloh va uning Rasulini muhabbatidan boshqa arzigulik hech narsa tayyorlamadim”, deb javob qildi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan, har kim o‘zi yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘ladi”, deb marhamat qildilar.

Anas roziyallohu anhu: “Biz islom kelgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlarini eshitganchalik xursand bo‘lmaganmiz”, dedi.

 Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulini muhabbatini jo qilsin. Qiyomatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin!

  

Jaloliddin Hamroqulov,

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Navza” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   2718   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.